Chaqaloqlar nima uchun yig‘laydi?

Chaqaloqlar yig‘isini tushunish va tahlil qilishni o‘rganamiz

UNICEF
UNICEF
UNICEF
21 Oktabr 2025

Yangi ota-onalar tez o‘zlashtiradigan saboqlardan biri bolalar ko‘p yig‘lashidir. Bir oylik chaqaloqlar odatda kuniga ikki soat yoki undan ko‘proq vaqt yig‘lashini bilasizmi? Ammo xavotirlanmang, bu mutlaqo normal holat va ikki-to‘rt oylikka kelib yig‘i kamayishi kerak.

Yig‘i charchatsa-da, u juda muhim va unga katta e’tibor berish lozim. Chaqalog‘ingizning yig‘isini qanday tushunish haqida quyida batafsil o‘qing.

Farzandim nima uchun yig‘layapti?

Yig‘i chaqaloqlarning o‘z ehtiyojlarini bildirish usulidir. Agar chaqalog‘ingizning yig‘isiga e’tibor bersangiz, bu sizga uni yaxshiroq tushunishga va u bilan yaqinlashishga yordam beradi. Bolaning ko‘z yoshlarini to‘xtatishga shunchaki urinish o‘rniga, uning sababini aniqlashga harakat qiling: U oxirgi marta qachon ovqatlangan yoki uxlagan? Balki ustida kiyim ko‘pdir yoki kamdir? Qanchalik tez javob topsangiz, bolani shunchalik tez tinchlantirasiz.

Chaqaloqlar turli sabablarga ko‘ra yig‘laydilar, jumladan:

• haddan tashqari qo‘zg‘alganlik

• zerikish

• charchoq

• ochlik

• taglikni yoki yo‘rgakni almashtirish zarurati

• ichki gazlar

• qo‘lga olinish ehtiyoji

• ko‘ngil aynishi yoki og‘riq

• juda issiq yoki juda sovuq bo‘lishi.

Bilasizmi?

Taxminan 4 oylikka kelib, chaqalog‘ingiz och qolganda, og‘riq sezganda yoki charchaganda, yig‘isi boshqacha eshitila boshlaydi.

Sanchiq nima?

Sanchiq - bu bolaning tez-tez va uzoq vaqt yig‘lashidir. Agar chaqalog‘ingiz juda tez-tez yig‘lasa (kuniga uch soatdan ortiq, kamida bir hafta davomida haftasiga uch kun), bu sanchiq bo‘lishi mumkin. Sanchiqning aniq sabablari noma’lum, ammo u ko‘plab yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda uchraydi. U bola bir necha haftalik bo‘lganda boshlanishi mumkin va odatda olti oylikka kelib o‘tib ketadi. Bu ota-onalarda tashvish va stress keltirib chiqarsa-da, bu vaqtinchalik hodisa ekanligini va o‘tib ketishini unutmang.

Afsuski, bolangizni tinchlantirishdan boshqa deyarli hech narsa qila olmaysiz. Farzandingiz qattiq yig‘lashda davom etsa, undan xavotirda bo‘lsangiz yoki vaziyatni boshqarishda qiynalsangiz, shifokoringizga murojaat qiling.

Farzandim kechasi yig‘lasa nima qilishim kerak?

Chaqaloq kechasi yig‘lasa, uni diqqat bilan kuzatish kerak. Agar bu paytda chaqaloqning yig‘lashiga e’tibor bermasangiz, u qilayotgan harakatlarining ahamiyati yo‘qligini va hech kimga kerak emasligini his qiladi. Bu davrda chaqaloqlar o‘zlarini sevishlari va g‘amxo‘rlik qilishlarini bilishlari kerak.

Shuni yodda tutingki, bolalar tug‘ilganidan to‘rt oygacha odatiy kun tartibini o‘zlashtira olmaydilar. Ularning ovqatlanish va qulaylik haqidagi signallariga javob berish chaqaloqlarga o‘zlarini xavfsiz his qilishlariga yordam beradi va yig‘lashni kamaytiradi.

Farzandimni qanday tinchlantira olaman?

Agar yig‘layotgan bola yoningizda bo‘lsa, uni tinchlantirish uchun quyidagi usullarni qo‘llashga harakat qiling:

• ovqatlantirish

• taglikni tekshirish va kerak bo‘lsa almashtirish

• bola bilan qo‘shiq aytish va gaplashish, muloyim ovozlar yoki musiqa qo‘yish

• bolani tebratish yoki u bilan sayr qilish

• bolani bag’riga bosish

• bolani orqasidan bir maromda silab, uni bag‘ringizga bosing yoki tizzangizga yuzini pastga qilib yotqizing.

Yig‘layotgan bolani qo‘lingizga oling - bu unga o‘zini sevilgan va himoyalangan his qilishiga yordam beradi, hatto u darhol yig‘lashni to‘xtatmasa ham.

O‘zingizni ham unutmang. Qarindoshlaringiz va do‘stlaringizdan yordam so‘rashdan uyalmang. Boshqa tanish ota-onalar bilan ularning tajribasi haqida suhbatlashing yoki maslahat olish uchun oilaviy shifokorga murojaat qiling. Hududingizda ota-onalar yoki qo‘llab-quvvatlash guruhlari bor-yo‘qligini bilib oling. Bu boshqa ota-onalar bilan muloqot qilish, tajriba almashish va yangi ota-onalik ko‘nikmalarini o‘rganishning ajoyib usulidir.