Bola rivojlanishining bosqichlari

Har bir ota-ona uchun maslahatlar

UNICEF
UNICEF
UNICEF
21 Oktabr 2025

Har taomlanishda 75% gacha ozuqa moddalari farzandingiz miyasining rivojlanishiga hissa qo‘shishini bilasizmi? Yoki bolangiz miyasining 80 foizdan ortig‘i 3 yoshgacha shakllanishini-chi?

Har bir quchoqlash va o‘pich, har bir to‘yimli ovqat, har bir o‘yin bilan siz farzandingizning miyasini rivojlantirishga yordam berasiz.

Bolangizga hayotning eng yaxshi boshlanishini ta’minlashga yordam beradigan bir necha maslahatni e’tiboringizga havol etamiz:

Chaqaloq parvarishi

________________________________________

Bilasizmi?

Chaqaloqlar tug‘ilganidan bir necha kun o‘tgach, atrofdagilarning tabassumiga javoban jilmaya boshlaydilar.

________________________________________

• Chaqaloqqa ko‘rish, eshitish, erkin harakat qilish va sizga tegish imkonini bering. Chaqalog‘ingizning qo‘l-oyoq harakatlari tartibsiz ekanini ko‘rasiz. Asta-sekin kichkintoyingiz o‘z tana harakatlarini boshqarishni o‘rganadi.

• Chaqalog‘ingizning ko‘zlariga qarang va uning tabassumiga javoban jilmaying. Kichkintoyingiz yuz ifodangiz, harakatlaringiz va imo-ishoralaringizga qanday ijobiy munosabat bildirishini ko‘rasiz.

• Chaqaloq bilan yumshoq ovozda, bolalar kabi g‘o‘ldirab gaplashing. Ota ham, ona ham, bolaga g‘amxo‘rlik qiluvchilar ham yangi tug‘ilgan chaqaloq bilan muloqot qilishlari kerak. Chaqaloq sizni eshitayotganini sezasiz va tez orada so‘zlaringizni eslab qolishni va takrorlashni boshlaydi.

• Ovozingiz ohangini asta o‘zgartiring. Sekinroq/tezroq, pastroq/balandroq gapiring, ovozingizni ko‘taring/pasaytiring. Shu bilan birga, chaqalog‘ingizning yuz ifodasi va harakatlarini kuzating va u siz bilan muloqot qilayotganini payqaysiz.

• Chaqaloqni qorniga yotqizib, uning oldida shiqildoq yoki qo‘ng‘iroqchani silkiting. Chaqaloq boshini va yelkalarini ko‘tarib, ko‘zlari bilan o‘yinchoq harakatini kuzatishi uchun shiqildoqni asta-sekin yuqoriga ko‘taring. Bu kichkintoyingizga buyumning harakatini kuzatishga va bosh hamda yelkalarni ko‘tarishni mashq qilishga yordam beradi.

• Chaqalog‘ingizni muloyimlik bilan tinchlantiring, silang va qo‘lingizda ushlab turing. Farzandingizning taskin topganini ko‘rasiz, u siz bilan bo‘lganidan va uni bag‘ringizga bosganingizdan xursand bo‘ladi.

• Tana aloqasi. Sizni his qilish va eshitish, hidingizni ilg‘ash imkoniyati chaqalog‘ingizga xotirjamlik va xavfsizlik hissini beradi.

1 oydan 6 oygacha bo‘lgan bola parvarishi

________________________________________

Bilasizmi?

Bir oylikdan uch oylikkacha bo‘lgan bolalar o‘zlaridan 20-30 sm uzoqlikdagi narsalarni yaxshi ko‘ra oladilar. Uch oylikda bolalarning ko‘rish doirasi kengayadi.

________________________________________

• Chaqalog‘ingizga ko‘rish, eshitish, his qilish, erkin harakat qilish va sizga tegish imkonini bering. Farzandingizda asta-sekin sizga bo‘lgan ishonch hissi rivojlanadi.

• Rangli narsalarni sekin harakatlantiring, toki chaqalog‘ingiz ularni ko‘ra olsin va qo‘li yetsin. Oddiy uy o‘yinchog‘i, masalan, shiqildoq, bolangizni u chiqaradigan tovushlarga qiziqtirishi mumkin.

• Chaqalog‘ingizga tabassum qiling va kuling. Tez orada u sizga javoban jilmaya boshlaganini ko‘rasiz.

• Chaqalog‘ingiz bilan suhbatlashing va uning ovozi yoki imo-ishoralariga taqlid qiling. Uning nigohi asta-sekin yuzingizga qaratilganini ko‘rasiz va u sizga taqlid qilishga harakat qiladi.

• Chaqalog‘ingizga buyumni kuzatib borishga yordam bering. U biror buyumni ko‘rganda, uni asta-sekin u yoqdan bu yoqqa, yuqoriga va pastga harakatlantiring. Bolaning buyumni o‘z ko‘zi bilan kuzatishga harakat qilayotganini sezasiz.

• Chaqalog‘ingizga xavfsiz buyumni olishga yordam bering. Masalan, plastik stakanni oling. Bola uni ushlashga yoki tegishga urinayotganini ko‘rasiz.

• Tanish buyumlar, odamlar va hayvonlarning oddiy rasmlarini qirqib oling. Ularni rang-barang, turli fakturali, xilma-xil manzara va qiyofalarni aks ettiradigan qilib tayyorlashga harakat qiling. Chaqalog‘ingiz rasmlarga qaraganida, ular haqida gapirib bering. Uning siz aytayotgan gaplarga quloq solishini va bu suhbatda o‘zicha ishtirok etishini kuzatishingiz mumkin.

Chaqaloq bilan o‘ynang. Uni qorinchaga yotqizing va barmoqlaringiz bilan asta-sekin orqasidan yurgizing. Keyin uni tez va ehtiyotkorlik bilan qitiqlab: "Mana mening barmoqlarim, mana ular kelyapti, senga tobora yaqinlashyapti," deb ayting. O‘yinni o‘zgartirish uchun barmoqlaringizni sekin yoki tez qorni bo‘ylab yurgizishingiz va biroz kutgandan so‘ng chaqaloqni qitiqlashingiz mumkin. Chaqaloqning zavq-shavqini kulib yoki chinqirib ifoda etayotganini ko‘rasiz.

6 oydan 9 oygacha bo‘lgan bola parvarishi

Bilasizmi?

Olti oylik chaqalog‘ingiz asaldan tashqari hamma narsani yeyishi mumkin. Bolangiz bir yoshga to‘lmaguncha unga asal bermasligingiz kerak.

• Savol berganingizdan so‘ng, bolaga javob berishi uchun yetarli vaqt bering. Ichingizda 10 gacha sanang. Agar javob bo‘lmasa, savolga o‘zingiz javob bering. Keyingi safar soddaroq savol berishga harakat qiling.

• Iloji boricha tez-tez chaqalog‘ingizni ismini aytib chaqiring. U chaqirgan tomonga qaraydi va o‘sha odamga intilishga harakat qiladi.

• Hech qachon juda baland ovozda gapirmang va qo‘shiq aytmang, chunki bu bolani cho‘chitishi mumkin.

• Kichkintoy xotirjamlik va ishonchni his qilishi uchun iloji boricha ko‘proq tabassum qiling.

• Kichkintoyingizga qo‘lini cho‘zishi, tegishi, urishi yoki tushirib yuborishi uchun yog‘och qoshiq yoki plastik idish kabi toza, xavfsiz va rangli narsalarni bering.

• Kichkintoyda qiziquvchanlik hissini rivojlantirish va yangi narsalarni o‘rganishga yordam berish uchun oddiy rasmli kitoblar, boshqotirmalar, qo‘g‘irchoqlar va boshqa o‘yinchoqlardan foydalaning. Oddiy boshqotirma yasash uchun karton yoki boshqa material bo‘lagiga rasm yopishtirib, undan bo‘laklar kesib oling.

Bola parvarishi: 9 oydan 12 oygacha

________________________________________

Bilasizmi?

Kichkintoylar, ayniqsa, o‘zlari bilan yonma-yon turgan kattalarga quvonch ulashayotganlarini ko‘rib, juda xursand bo‘ladilar.

________________________________________

• Kichkintoyingizga narsalarni qutiga solishiga va ularni qaytarib olishiga imkon bering. U ularni o‘zi tortib olib, joyiga qo‘yishga harakat qiladi. Bu ko‘rish-harakat ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun ajoyib o‘yin.

• Kichkintoyingizga buyumlar yoki o‘yinchoqlarni piramidaga joylashtirishga ruxsat bering. U mustaqil ravishda ko‘proq narsalarni yig‘ib, ularni tushirishga harakat qiladi yoki o‘yinchoqlarni o‘zlari tushguncha teradi.

• Kichkintoyingizga oddiy savollar bering va uning gapirishga urinishlariga javob bering. U javob berish yoki qo‘shimcha savollar berish orqali muloqotni davom ettirishni xohlaydi.

• Kichkintoyingiz bilan real dunyoning turli obyektlari, masalan, tabiat, tasvirlar va atrof-muhitdagi narsalar haqida suhbatlashishga harakat qiling. Siz chaqalog‘ingiz atrof-muhitni o‘rganishga tayyorligini ko‘rsatib, harakatlana boshlashini ko‘rasiz.

• Kichkintoyingiz nima qilayotganini kuzating va bu harakatlarni ayting: "Sen qutini to‘ldiryapsan." U sizga o‘rganganlarini ko‘rsatishdan xursand bo‘ladi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi.

• Kichkintoyingiz bilan o‘ynang va unga yordam taklif qiling: "Kel, buni birgalikda qilaylik. Bu yerda qutingga soladigan toshlar ham bor." Bu kichkintoyga quvonch bag‘ishlaydi va o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi.

• Suhbatlashish uchun har bir imkoniyatdan foydalaning, shu jumladan ovqatlantirish yoki cho‘miltirish paytida yoki chaqaloqning yonida biror ish bajarayotganda. Tez orada u siz nima haqida gapirayotganingizni tushuna boshlaydi va oddiy ko‘rsatmalarga amal qila oladi.

• Oddiy savollarni o‘yinga aylantiring: "Oyog‘ingning barmog‘i qayerda?" yoki "Qush qani?" Rasmlarni ko‘rib, ko‘rganlaringiz haqida suhbatlashishingiz mumkin. Kichkintoy borgan sari ko‘proq qiziquvchanlik va ko‘rgan-eshitganlari haqida xabar berish istagini namoyon qila boshlaydi.

Bola parvarishi: 2 yosh va undan katta

________________________________________

Bilasizmi?

Bolalar axborotni yomon xulq-atvori uchun tanbeh berilganda emas, balki o‘zini qanday yaxshi tutishni o‘rgatilganda yaxshiroq qabul qiladilar.

________________________________________

• Oddiy savollar bering va javoblarni tinglang. Kichkintoyingizni gapirishga va "bu nima?", "deraza qayerda?", "qaysi koptok kattaroq?", "qizil piyola xohlamaysanmi?" kabi savollarga javob berishga undang. Kichkintoyingizning siz bilan muloqot qilishga va savollaringizga javob berishga qiziqishi ortib borayotganini kuzatasiz.

• Kichkintoyingizga hikoyalar o‘qib bering va kitobda ko‘rganlaringiz haqida savollar bering. Kichkintoyingiz o‘qiganlaringizni eslab qolib, takrorlashga urinayotganini payqaysiz.

• Kichkintoyingizga "qancha?" deb so‘rash va u bilan birga narsalarni hisoblash orqali sanashni o‘rganishiga yordam bering. Avvaliga kichkintoyingiz xatolarga yo‘l qo‘yadi, lekin harakatni ko‘p marta takrorlab, vazifani uddalaydi.

• Farzandingizga taqqoslash va saralash uchun rangli qog‘ozdan qirqib olingan doirachalar va boshqa shakllarni taklif qiling. U shakllarni saralashni sinab ko‘rishdan mamnun bo‘ladi va turli narsalar, ranglar va shakllarni birlashtirish va moslashtirshni o‘rganadi.