Bolalar va yoshlar uchun - xavfsiz va ijobiy onlayn maydonlar
Bolalarni onlayn himoya qilish barchaning mas'uliyatidir
Jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan onlayn Internet makonida bolalarni himoya qilish har qachongidan qiyin bo’lmoqda. Bugungi kunda bolalar ularning huquqlari va farovonligini hisobga olinmasdan ishlab chiqilmagan raqamli dunyoda ulg'aymoqdalar.
10-fevral Xavfsiz internet kuni bo'lib, bolalar va yoshlarning onlayn xavfsizligi va farovonligiga e'tibor qaratish uchun imkoniyatdir.
"Aqlli texnologiyalar, xavfsiz tanlovlar – Sun’iy intellektdan xavfsiz va mas'uliyatli foydalanishni o'rganish" ushbu kun mavzusidir. Bu shuni anglatadiki, sun’iy intellekt (SI) zo'ravonlik, ekspluatatsiya, ta'qib yoki ma'lumotlarni noto'g'ri ishlatish xavfini kuchaytirmasdan balki bolalarning rivojlanishi va farovonligini qo'llab-quvvatlashi kerak. Bu esa hozirdanoq proaktiv himoya choralarini ko'rishni talab qiladi.
O'zbekistonning bolalarni barcha turdagi zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risidagi qonuni Internet va telekommunikatsiya tarmoqlari orqali sodir etilgan zo'ravonlikni ham o’z ichiga oladi. SI tomonidan qo'llaniladigan zarar, jumladan, soxtalashtirish, taqlid qilish va SI tomonidan boshqariladigan ta'qib ham zo’ravonlik turlariga kiradi.
UNICEF hukumat va xususiy sektor bilan hamkorlikda bolalar va yoshlar intellektual texnologiyalardan foydalanganda xavfsiz tanlov qilish ko'nikmalari va o’ziga ishonch bo'lishlari uchun faoliyat olib boradi. GIGA tashabbusi doirasida UNICEF va milliy hamkorlar real vaqt rejimida kuzatiladigan ishonchli, yuqori tezlikdagi ulanishga keng ko'lamda erishish mumkinligini namoyish etdilar, bu esa xavfsiz va samarali raqamli o'quv muhitlari uchun zamin yaratadi.
UNICEF o'quv natijalarini yaxshilash va ta'limda sun'iy intellektni mas'uliyatli va muvaffaqiyatli joriy etish imkonini berish uchun xavfsiz internetdan foydalanishni kengaytirishni qo'llab-quvvatlaydi. Internetga xavfsiz ulanishni himoyalangan qurilmalar va tarmoqlar bilan birlashtirish va yuqori sifatli, sun'iy intellektga asoslangan va yoshga mos raqamli o'quv kontentini targ'ib qilish orqali UNICEF maktablardagi texnologiyalar o'qitish va o'rganishni yaxshilash, onlayn xavflarni kamaytirish va bolalarni tobora raqamli va sun'iy intellektga asoslangan dunyoda xavfsiz rivojlanish uchun zarur bo'lgan ko'nikmalar bilan ta'minlashga yordam bermoqda. Shuningdek, UNICEF o'qituvchilarni internetdan xavfsiz foydalanish bo'yicha o'qitishni davom ettirmoqda.
Bolalarni onlayn himoya qilish barchaning mas'uliyatidir: hukumatlar tegishli qonunlar va qoidalarda bolalar huquqlarini e’tiborga olishi, texnologiya kompaniyalari boshidanoq xavfsiz va yoshga mos mahsulotlarni ishlab chiqishi, oilalar va hamjamiyatlar bolalarga vaqt o'tishi bilan raqamli ko'nikmalar va chidamlilikni rivojlantirishga yordam beradigan ma'lumot va yordamga ega bo'lishi kerak.
Ota-onalar bolalar bilan yoshiga mos ravishda sun'iy intellekt, qalbakilashtirish va tasvirlarni manipulyatsiya qilish haqida ochiqchasiga gaplashishlari tavsiya etiladi, shunda ular bu nima ekanligini, nima uchun zararli bo'lishi mumkinligini va tashvishli narsaga duch kelsalar nima qilish kerakligini tushunishadi. Qo'llab-quvvatlovchi muloqot orqali ota-onalar bolalarda onlayn xavfsiz odatlarni shakllantirishda katta rol o'ynashi mumkin, jumladan, rasmlar yoki shaxsiy ma'lumotlarni almashishda ehtiyot bo'lish va agar biror narsa ularni xavotirga solsa qanday qilib xabar berish yoki yordam so'rash shular jumlasiga kiradi.