Ishonchsiz ma’lumotlarni aniqlash bo‘yicha qisqacha qo‘llanma

Faktlarni tekshirish, ma’lumot olish va uni muhokama qilish bo‘yicha maslahatlar

UNICEF
UNICEF
UNICEF
21 Oktabr 2025

Veb-saytlarni o‘qiyotganingizda yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni ko‘zdan kechirayotganingizda, soxta axborot qurshovida qolganingizni his qilganmisiz? Ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on gaplar ko‘pincha haqiqat niqobiga burkangani sababli, qaysi ma’lumotlarga ishonish kerakligini tushunish tobora qiyinlashmoqda. Internetdagi ma’lumotlarni qanday tekshirishni, kontent yaratish va iste’mol qilishga mas’uliyatli yondashishni, shuningdek, soxta ma’lumotlarga ishonuvchi odamlar bilan samarali munozaralar olib borishni o‘rganing.

Soxta yangiliklar, dezinformatsiya va ishonchsiz ma’lumot

Soxta yangiliklar (feyklar) deganda, odatda o‘quvchilarni chalg‘itish yoki ular ongini boshqarish maqsadida ataylab to‘qilgan yangiliklar yoki sarlavhalar tushuniladi. Bunday xabarlar ko‘pincha haqiqiy yangiliklarga o‘xshab ko‘rinsa-da, aslida butunlay uydirma yoki haqiqiy voqealarning buzib ko‘rsatilgan talqini bo‘lib, aldash niyatida yaratilgan bo‘ladi.

Feyklar dezinformatsiyaning bir turi hisoblanadi, ya’ni chalg‘itish maqsadida yaratilgan yolg‘on ma’lumotdir. Dezinformatsiya nafaqat soxta yangiliklar, balki boshqa turdagi da’volarni ham o‘z ichiga oladi. Masalan, tashviqot sifatida tarqatiladigan, shuningdek mahsulot yoki xizmatni sotish maqsadida ijtimoiy tarmoq hisoblarida yoki brendlar tomonidan tarqatiladigan xabarlar.

Boshqa tomondan, ishonchsiz ma’lumot - bu ataylab yoki bilmagan holda tarqatilishidan qat’iy nazar, har qanday yolg‘on yoki noaniq ma’lumotdir. Odamlar ko‘pincha ishonchsiz ma’lumotlarni tarqatadilar, chunki ular bu ma’lumotlarning to‘g‘riligiga chin dildan ishonadilar va noto‘g‘ri ma’lumot tarqatayotganlarini anglamaydilar.

Sun’iy intellekt (SI) qanday rol o‘ynay boshlaydi

Zamonaviy sun’iy intellekt haqiqatga o‘xshash tasvirlar, videolar ("deepfake"), audiolar yaratishga va hatto haqiqiy yangiliklardan farq qilmaydigan maqolalar yozishga qodir. SI boshqaradigan "botlar" ham ijtimoiy tarmoqlarni bir xil axborot materiallari bilan qayta-qayta to‘ldirib, go‘yo hamma unga ishonayotgandek taassurot qoldirishi mumkin. Haqiqatdan yiroq tuyulgan yoki shubha uyg‘otadigan narsani ko‘rganingizda, buni esda tuting.

Ishonchsiz ma’lumotni qanday aniqlash va uning tarqalishini oldini olish mumkin

1. Xilma-xil yangilik manbalari ekotizimini rivojlantirishga hissa qo‘shish

Bir nechta manba va kanallardan yangiliklar olish kundalik axborot oqimingizga keng ko‘lamli ma’lumotlarni qo‘shish imkonini beradi. Agar bir xil xabar bir nechta kanal orqali tasdiqlansa, uning dezinformatsiya bo‘lmasligi ehtimoli ortadi.

Google’da tezkor qidiruv bu mavzuni boshqa ishonchli manbalar muhokama qilayotganini aniqlashga yordam beradi. Agar boshqa manbalar topilmasa, bu feyk bo‘lish ehtimoli sezilarli darajada oshadi.

2. Manbalarning ishonchliligini tanqidiy baholash

Shubha tug‘ilganda, qaysi ma’lumot qo‘shimcha o‘rganishni yoki aniqlashtiruvchi savollarni talab qilishini aniqlash lozim. Agar ma’lumot ijtimoiy tarmoqlardan kelayotgan bo‘lsa, uning kelib chiqishini asl manbagacha kuzatib borish ishonchsiz ma’lumotlarga qarshi kurashning samarali usuli hisoblanadi. Agar ma’lumot ishonchsizroq manbadan olingan bo‘lsa yoki ekspertlar maslahatiga zid bo‘lsa, unga shubha bilan qarash va siz ushbu ma’lumotni topgan kanal eng ishonchli bo‘lmasligi mumkinligini hisobga olish kerak.

3. Ekspertlar fikriga e’tibor qaratish

O‘z sohasida tan olingan haqiqiy mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash lozim. Har qanday material bilan ishlashda muallifning kasbiy malakasini o‘rganish muhimdir. Ushbu ekspert mazkur mavzu bo‘yicha yetarli bilimga egami? U o‘z sohasida ko‘p yillik tajribaga egami? Uning fikrini o‘z sohasidagi boshqa mutaxassislar obro‘li deb hisoblaydimi? Ushbu ma’lumot biror nufuzli ilmiy jurnalda taqrizdan o‘tganmi?

4. Mish-mishlarni tahlil qilish va ularning noto‘g‘riligini tushuntirish

Qo‘lingizga ma’lum faktlar tushishi bilanoq, to‘g‘ri va lo‘nda bo‘lish kerak. Yolg‘on da’volarga qarshi kurashda ishonchsiz ma’lumotlarni alohida ta’kidlashdan qochish lozim. U yoki bu ishonchsiz ma’lumotning noto‘g‘ri ekanligini tushuntirish, uni shunchaki yolg‘on deb e’lon qilishdan ko‘ra samaraliroqdir.

Noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishongan odam bilan qanday gaplashish kerak

Hissiy jihatni anglash zarur

Ko‘pincha, biz buzilgan ma’lumotlar domiga tushib qolishimizning asosiy sababi shundaki, ularni mantiq emas, balki his-tuyg‘ular orqali qabul qilamiz. Buni bilgan holda, ko‘plab ishonchsiz ma’lumot manbalari aynan shu hissiy reaksiyalarga ta’sir qiladigan usullardan foydalanadi. Quyida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan bir nechta keng tarqalgan omillar keltirilgan:

1. Tasdiqlash noxolisligi

Bu o‘z fikrlarimizni tasdiqlovchi ma’lumotlarga ishonganimizda yuz beradi. U mavjud e’tiqodlarimizga mos kelgani uchun, uni boshqalar bilan baham ko‘rish ehtimoli yuqoriroq, bu esa o‘z navbatida ushbu e’tiqodlarni yanada mustahkamlaydi.

2. Daxldorlikka bo‘lgan ehtiyoj

Ijtimoiy mavjudot sifatida biz o‘zimizni kattaroq narsaning bir qismi deb his qilishni istaymiz. O‘z qarashlarimizga ega bo‘lgan odamlar bilan muloqot qilganimizda, bu daxldorlik hissi kuchayadi va u ma’lum guruhlarni birlashtirib, xabarlarga ishonchni oshirishi mumkin, ular yaxshi yoki yomon, to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishidan qat’i nazar.

3. To‘da hissi

Bu bir nechta odam bir xil munosabat bildirganida sodir bo‘ladi. Axborot nuqtai nazaridan, agar hamma ma’lum bir voqeani tarqatsa, u faqat ko‘p odamlar u haqida gapirgani uchungina "haqiqat" bo‘lib tuyulishi mumkin.

4. Fitna nazariyalari

Odatda, ular inqiroz yoki noaniqlik davrlarida paydo bo‘ladi va hali aniqlik kiritilmagan savollarga "javoblar" taklif qiladi. Fitna nazariyalarining ba’zi asosiy xususiyatlariga quyidagilar kiradi:

• ularning negizida odamlarni boshqa barcha tushuntirishlarni rad etishga undaydigan o‘ta shubhalilik yotadi;

• u yoki bu voqealar ortida yovuz niyat borligiga ishonish;

• rasmiy bayonotlarga ishonchsizlik;

• "voqealardan xabardor" odamlar fitnachilarga qarshi turadigan "jasur qurbonlar" ekanligini his qilish;

• ularga qarshi har qanday dalillarga qarshilik ko‘rsatish, chunki barcha dalillar fitnaning bir qismi sifatida talqin etiladi.

His-tuyg‘ular, noto‘g‘ri qarashlar va daxldorlik ehtiyoji bizni noto‘g‘ri ma’lumotlarga ishonishga undashini tushunib, ularga ishonadigan odamlar bilan yanada sezgir va samarali suhbat qura olamiz.

Suhbatlashish bo‘yicha maslahatlar

1. Xotirjamlikni saqlang

Esda tutingki, bu jiddiy bahs emas va gap g‘alaba yoki mag‘lubiyatda ham emas. Bu kimgadir tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirish va narsalarga yangicha qarashga yordam berishdir.

2. Diqqat bilan tinglang

Boshqalar nima deyayotganiga e’tibor bering. Ularning kechinmalarini yoki u yoki bu ma’lumotga ishonish sabablarini tushunishga harakat qilib, hamdardlik bildiring. Sizni eshitganliklariga va suhbatdoshingizning barcha dalillarini tushunganingizga ishonch hosil qilish uchun o‘z qarshi dalillaringizni keltirishdan oldin uning fikrlarini takrorlashingiz mumkin.

3. Savollar bering

Suhbatdoshingizning fikrini eshitayotganingizni ko‘rsating, so‘ngra faktlar, manbalar yoki ma’lumotlar haqida muloyimlik bilan so‘rang. Qarama-qarshilik emas, balki qiziquvchanlikni namoyish eting.

4. Nozik jihatlarni tushuntiring

Ma’lumot har doim ham 100 foiz to‘g‘ri yoki 100 foiz yolg‘on emasligini tushuntiring. "Kulrang zonalar"ni tushunish tanqidiy fikrlashni rivojlantirishning muhim qismidir.

5. Fikrlarga qarshi faktlar

Faktlar dalillar bilan tasdiqlanishi, fikrlar esa shaxsiy nuqtai nazar ekanligini ko‘rsating. Ishonchli, faktlarga asoslangan ma’lumotlarga tayanish muhimligini ta’kidlang.

6. Faktlarni tekshirish vositalarini ulashing

Suhbatdoshingizga ma’lumotning to‘g‘riligini tekshirishning oddiy usullarini ko‘rsating: masalan, faktlarni tekshirish uchun ishonchli saytlardan foydalanish yoki bir nechta ishonchli manbalarni taqqoslash.

7. Ishonchli manbalarni tavsiya eting

Professional jurnalistlar yoki taniqli tergovchilarni tavsiya qiling. Ular har doim ham mukammal emas, lekin ularda professional tayyorgarlik, axloq va ma’lumotlarni tekshirish standartlari mavjud.

O‘rganishda davom eting

Qo‘shimcha maslahat va ma’lumot olish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Verified and wikiHow" dasturi doirasidagi "Internetda noto‘g‘ri ma’lumotlarni qanday aniqlash va ularga qarshi turish" nomli o‘quv kursi bilan tanishing.