Yoshlarning ovozi va harakatlari barcha uchun yanada yaxshi kelajakni shakllantirishda muhim ahamiyatga ega

Xalqaro yoshlar kuni raqamlashtirish va Barqaror Rivojlanish Maqsadlariga erishishni jadallashtirish oʼrtasidagi muhim bogʼliqlikka urgʼu beradi

12 Avgust 2024
UNICEF
UNICEF

TOSHKENT, 2024 yil, 12 avgust – Bugun Oʼzbekiston butun dunyo bilan birga Xalqaro yoshlar kunini nishonlar ekan, UNICEF internetdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga sarmoya kiritishga hamda inklyuziv raqamli taʼlim va yoshlarning, jumladan, eng zaif qatlamlarning raqamli ishtirokini ragʼbatlantirishga chorlaydi.

Bu yilgi “Klikdan taraqqiyot sari: Barqaror rivojlanish uchun yoshlarning raqamli yoʼllari” mavzusi butun dunyo boʼylab yoshlarning salohiyati, ishtiyoqi va ijodkorligini eʼtirof etadi.

Soʼnggi dalillar shuni koʼrsatadiki, raqamli texnologiyalar va maʼlumotlar 169ta Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM) marralarining kamida 70%ga erishishga hissa qoʼshadi va ularning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jabhalari boʼylab chuqur taʼsirni shakllantiradi. Bundan tashqari, tadqiqotlar shuni koʼrsatadiki, texnologiyalar BRMga erishish xarajatlarini salmoqli ravishda – 55 trillion АQSh dollarigacha kamaytirishi mumkin.

2015 yilda BRM qabul qilinganidan buyon oʼtgan vaqt mobaynida global internet-aloqa koʼrsatkichi sezilarli darajada oʼsdi. 2023 yilda dunyo aholisining uchdan ikki qismidan koʼprogʼi internetdan foydalangan. Ushbu raqamlashtirish sharoitida boshqa demografik guruhlarga nisbatan yoshlar raqamli texnologiyalardan koʼproq foydalanish imkoniyatiga ega. Qiyosiy tahlil shuni koʼrsatadiki, 2022 yilda butun dunyo boʼylab 15 yoshdan 24 yoshgacha boʼlgan yoshlarning 75 foizi yoki toʼrtdan uch qismi internetdan foydalangan, bu boshqa yosh guruhlariga qaraganda 10 foizga yuqori.

Biroq raqamli tafovut va tengsizliklar ayniqsa kam daromadli mamlakatlarda, xususan, gender jihatdan saqlanib qolmoqda. Global miqyosda erkaklarga nisbatan ayollaring internetdan foydalanish imkoniyatlari kam: ayollarning 63 foizi, erkaklarning 69 foizi internetdan foydalanadilar. Shuningdek, raqamli koʼnikmalarni egallash borasida ham ular orasida tafovut mavjud: oʼsmir qizlar va yosh ayollar erkak tengdoshlariga nisbatan cheklangan raqamli koʼnikmalarga ega.

Oʼzbekistonda UNICEF infratuzilmaga sarmoya kiritish, hamyonbop internetdan foydalanishni taʼminlash, shuningdek inklyuziv raqamli taʼlimga hamda va raqamli texnologiyalarda ishtirok etishga koʼmaklashish orqali internet aloqani kengaytirish va bu bradagi tafovutni bartaraf etishda milliy hamkorlarni qoʼllab-quvvatlaydi.

UNICEF oʼz oldiga mamlakatdagi har bir maktabni Internetga ulash va har bir yoshni maʼlumot, imkoniyat va tanlov bilan taʼminlashni maqsad qilib qoʼygan GIFA tashabbusini qoʼllab-quvvatladi. Oʼzbekistonda deyarli barcha maktablar 10 Mbit/s tezlikdagi internet bilan taʼminlangan.

2024 yilda Oʼzbekiston “UNICEF Global Innovation Hub” (UNICEF Global Innovatsion Markazi) tomonidan moliyalashtiriladigan “UNICEF Learning Pioneer” dasturida ishtirok etadigan 6 ta global chempionlardan biri sifatida tanlab olindi. Mazkur tanlov mamlakat yaqinda UNICEF koʼmagida boshlagan raqamli va taʼlim tashabbuslarini koʼrib chiqishga asoslangan. Dastur innovatsion yondashuvlarni joriy etishga va taʼlim tizimini oʼzgartira oladigan jahon darajasidagi raqamli taʼlim yechimlarini kengaytirishga qaratilgan.

UNICEF Oʼzbekiston hukumatiga Eduten dasturini tajriba-sinov tarzida joriy qilishda koʼmaklashdi. Eduten – matematika fanini oʼzlashtirish ishida oʼqituvchilarning ishini qoʼllab-quvvatlash va toʼldirish hamda oʼquvchilarning fanga qiziqishini oshirishga xizmat qiluvchi platformadir. Ushbu tashabbusni baholash natijalari oʼzlashtirishning sezilarli darajada oʼsganligini – matematika boʼyicha koʼnikmalarning oʼrtacha +16,9 foizga oshganini koʼrsatdi.

“Skills4Girls” (Qizlar uchun koʼnikmalar) dasturi chekka hududlardagi qizlar va nogironligi boʼlgan qizlarning kompyuter savodxonligi, robototexnika, raqamli koʼnikmalar va ishga joylashish koʼnikmalari bilan taʼminlashga qaratilgan. Bundan tashqari, dastur ijtimoiy gender meʼyorlarining oʼzgarishiga hissa qoʼshish va qizlarning axborot texnologiyalari sohasidagi ishtirokini ragʼbatlantirishni oʼz oldiga maqsad qilib qoʼygan. Dastur doirasida 457 nafar, jumladan, eshitish va koʼrishda qiyinchiliklari boʼlgan 149 nafar qiz qamrab olindi.

UNICEF qarorlar qabul qilishda yoshlar ishtirokini kuchaytirish uchun raqamli platformalarni joriy qiladi va ularning faoliyatini qoʼllab-quvvatlaydi. “U-Report” – yoshlarni jalb qilish raqamli platformasi Oʼzbekistonda 2018 yildan buyon faoliyat yuritadi. Hozirgi kunda ushbu dastur butun mamlakat boʼylab 180 mingdan ortiq yoshlarni qamrab olgan. Platforma Oʼzbekistonning barcha hududlari boʼylab 500 dan ortiq yoshlardan tashkil topgan “U-Report” koʼngillilarining katta hamjamiyati bilan birgalikda boshqariladi va targʼib qilinadi.

UNICEFning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio global muammolarni hal qilishda texnologiyalarning oʼzgartiruvchi kuchidan foydalanish ishida yoshlarning rolini muhokama qilish maqsadida UNICEFning yoshlarni rivojlantirish dasturi ishtirokchilaridan iborat boʼlgan bir guruh yoshlar bilan uchrashdi.

“UNICEFda biz yoshlar texnologik taraqqiyotdan faqatgina foydalanuvchilar emas, balki uning harakatlantiruvchi kuch ekanligiga ishonamiz. Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanishda sizning ijodkorligingiz, moslashuvchanligingiz va innovatsiyalaringiz muhim ahamiyatga ega,”- dedi Rehina Kastijio. “Biz raqamli taʼlimning innovatsion yechimlarini ham sinf xonalariga, ham norasmiy taʼlim maydonlariga olib kirish yoʼlida yoshlar uchun va ular bilan birgalikda ishlaymiz. Bundan tashqari, biz raqamli savodxonlikni targʼib qilamiz va yoshlar bilan birgalikda yoshlar ishtiroki uchun raqamli platformalarni ishga tushiramiz”, — deya taʼkidladi u.

Yigʼilish ishtirokchilari taʼlim va mehnat faoliyatlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish tajribalari bilan oʼrtoqlashdilar. Ular BRMga erishishni jadallashtirish ishiga yoshlarning qanday hissa qoʼshishlari mumkinligi boʼyicha oʼz gʼoyalarni taklif qildilar, UNICEF faoliyati haqidagi fikrlarini bildirdilar hamda kelgusi rejalari bilan oʼrtoqlashdilar.
 

UNICEF haqida qisqacha:

UNICEF dunyodagi bir qator eng murakkab nuqtalarda faoliyat olib borar ekan, dunyodagi eng nochor bolalarga yordam beradi. Biz 190 dan ortiq mamlakat va hududlarda faoliyat yuritib, har bir bola uchun, hamma uchun yaxshiroq dunyoni yaratish yoʼlida ishlaymiz. UNICEF va uning faoliyati haqida qoʼshimcha maʼlumotni www.unicef.org saytidan olishingiz mumkin. UNICEF faoliyatini X (sobiq – Twitter), Facebook, Instagram ijtimoiy tarmoqlarida va YouTube da kuzatib boring.


OАV uchun kontaktlar:

Inna Volfson

Yoshlar va oʼsmirlar rivojlanishi masalalari boʼyicha maslahatchi

Tel.: +99893 505 52 56

El.pochta: [email protected]

Jamila Nurjanova

U-Report menejeri

 

El.pochta: [email protected]

Nargiza Egamberdieva

Jamoatchilik bilan aloqalar boʼyicha maslahatchi

Tel.: +998 93 380 34 19

El.pochta:  [email protected] 

OAV uchun mas'ul xodimlar

Nargiza Egamberdiyeva
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha maslahatchi
UNICEF
Telefon: +99893 380 34 19
Elektron pochta: [email protected]

UNICEF to'g'risida

UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.

UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.

UNICEF faoliyatini TwitterFacebook va Instagram da kuzatib boring.