O‘zbekistonda “Bolalar va yoshlarga do‘stona mahalliy boshqaruv” tashabbusini amalga oshirish boshlandi
Oltita shaharda bolalar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhit yaratilmoqda
TOShKENT, 2022 yil 29 aprel – Bugun “Yuksalish” umummilliy harakati, Yoshlar ishlari agentligi va UNICEF O‘zbekistonda “Bolalar va yoshlarga do‘stona mahalliy boshqaruv” (BYDMB) tashabbusini amalga oshirish maqsadida oltita shahar hokimliklari bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.
Shveysariya hamkorlik agentligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ushbu tashabbus o‘tgan yili O‘zbekistonda e'lon qilingan BYDMB tashabbusi doirasida namunali deb tanlangan shaharlarda ilk bor amalga oshiriladi.
Ushbu tashabbus bolalar va yoshlarning ovozi, ehtiyojlari, ustuvor masalalari va huquqlari davlat siyosati, dasturlari va qarorlarining ajralmas qismi bo‘lgan jamoalarni yaratishga qaratilgan shahar va qishloqlarning global harakatiga qo‘shiladi.
Shveysariya hamkorlik agentligining 400 000 AQSh dollari miqdoridagi granti doirasida UNICEF Andijon viloyatining Asaka, Farg‘ona viloyatining Qo‘qon, Navoiy viloyatining Zarafshon, Surxondaryo viloyatining Termiz, Xorazm viloyatining Yangibozor, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘ston shaharlaridagi mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Yordam asosan, mahalliy hokimiyat organlarining muhim qarorlari bo‘yicha dasturlarni rejalashtirish va amalga oshirishga yoshlarni jalb qilish orqali bolalar va yoshlarning huquqlarini ta'minlashga qaratiladi.
— Ushbu tashabbus yoshlarga o‘z huquqlarini amalga oshirish, ularning ovozi baralla yangrashi va o‘z jamiyatlarida mazmunli ishtirok etishlari uchun qulay muhit yaratuvchi huquq va imkoniyatlarni kengaytirish vositasidir, — dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. — O‘zbekistonning dastlabki oltita shahri “Yoshlar va bolalar uchun do‘stona shahar” unvoniga sazovor bo‘lish uchun ushbu global tashabbusga qo‘shilayotganidan mamnunmiz.
Loyihaning keyingi bosqichlari sifatida mahalliy hokimiyat organlari bolalar va yoshlarning holatini yaxshilash bo‘yicha real Harakat rejalari asosida aniq kun tartibini ilgari suradi. Barcha tadbirlar yoshlar bilan birgalikda ularning o‘z shaharlarida o‘tkaziladi. Mahalliy hokimiyat organlari yoshlarni jalb qilish uchun barqaror platformalarni yaratadi. Malaka oshirish faoliyati ustuvor yo‘nalish bo‘lib, faol ishtirok etish va ijtimoiy innovasiya tamoyillariga rioya qilinadi.
— O‘zbekistonda navqiron avlodning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan, — dedi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov. — Mamlakatimizning bolalar va yoshlar uchun do‘stona shaharlar global tashabbusiga qo‘shilishi bolalar va yoshlarning bevosita ularning farovonligi bilan bog‘liq qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirok etishiga tizimli yondashuvni ta'minlaydi. Bu - mahalliy hokimliklar va yoshlar o‘rtasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish imkonini beradi.
Tashabbus yoshlar bandligini oshirish kabi qator masalalarni, jumladan sifatli ta'lim olish uchun teng imkoniyatlarni kengaytirish; mazmunli dam olish; xavfsiz muhitni yaratish; sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni qamrab oladi.
— O‘zbekiston yoshlar mamlakati bo‘lib, ular aholining qariyb 60 foizini tashkil qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bevosita tashabbusi va amaliy ko‘magi bilan mamlakatimizda yoshlar manfaatlarini himoya qilish borasida ular bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizim har bir mahallada yoshlarning manfaatlarini himoya qilishdan boshlanadigan barcha darajalarda yoshlar bilan ishlashga asoslangan, — dedi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullaev.
2022 yil yakunida shaharlar bolalar va yoshlarning ehtiyoj va manfaatlarini hisobga olgan hamda ular bilan birgalikda ishlab chiqilgan Harakat rejalarini taqdim etadi. Oltita shahardan Harakat rejalari eng yaxshi tuzilgan uchtasiga yoshlar bilan ishlash uchun qo‘shimcha byudjet mablag‘lari taqdim etiladi. 2023 yil yakunida ushbu tashabbusning muvaffaqiyati baholanadi va butun mamlakat bo‘ylab boshqaruv tizimini joriy etish rejasi ishlab chiqiladi. Eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan shaharlarga “Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shahar” maqomi beriladi.
Batafsil ma'lumot olish uchun murojaat qiling:
Jaxongir To‘raxonov,
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati rahbari
Telefon: + 998 97 737 03 73
El. pochta: turahanov82@gmail.com
***
Sharofiddin Xonimov,
Yoshlar ishlari agentligi
bo‘lim boshlig‘i
Telefon: +998 91 2349595
El.pochta: sharofiddin_2017@mail.ru
***
Inna Volfson,
UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘smirlar va yoshlar rivojlanishi masalalari bo‘yicha maslahatchisi
Tel. 99893 505-5256
El.pochta: iwolfson@unicef.org
***
Nargiza Egamberdieva,
UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi
Tel. 99893 380 34 19
El.pochta: negamberdieva@unicef.org
OAV uchun mas'ul xodimlar
UNICEF to’g’risida
UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har erda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.
UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.
UNICEF faoliyatini Twitter, Facebook va Instagramda kuzatib boring.