Yoshlar va bolalar manfaatlariga qaratilgan mahalliy boshqaruv tizimlarini mustahkamlash O'zbekistonning milliy islohotlar kun tartibini qo'llab-quvvatlaydi
TOSHKENT, 2026 yil 12-iyun - BMTning “O‘zbekistonda mahalliy boshqaruvni yoshlar va bolalar manfaatlarini hisobga olgan holda transformatsiya qilish” qo‘shma dasturi doirasidagi tadbirlar Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlaridagi 12 ta pilot tuman va shaharda davom etmoqda. Mazkur dastur Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) tomonidan moliyalashtirilgan bo’lib, UNICEF, UNDP va “Yuksalish” harakati hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Hamkor tashkilotlarning vakillari shu kungacha amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish maqsadida uchrashdilar. Qo‘shma dastur Boshqaruv qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida milliy institutlar, pilot hududlar hokimliklari, mahalliy ishchi guruhlar raislari, yoshlar maslahat guruhlari vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari, yoshlar tashkilotlari, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar ham ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda dastlabki bosqichda erishilgan natijalar va moliyaviy ijro holati ko’rib chiqildi. Barcha pilot hududlarda mahalliy ishchi guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlandi. Bu dalillarga asoslangan mahalliy rejalashtirish, muvofiqlashtirish va monitoring uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
Dastur doirasida hokimliklar, kengashlar va mahallalarning funksional hamda institutsional tahlillari o‘tkazildi. Ushbu tahlillar natijalarga asoslangan boshqaruv, byudjetlashtirish, hisobdorlik va mahalliy rejalashtirish bo‘yicha tizimli islohotlar uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Termiz shahri, Yuqori Chirchiq tumani, Shovot tumani va Chiroqchi tumanida amaliy murabbiylik va chuqurlashtirilgan texnik ko‘mak ko‘rsatildi. Bu o‘rta muddatli rejalashtirish, reja va byudjet uyg‘unligi, baholash bo’yicha asosiy indikatorlar (KPI) tanlash hamda monitoring vositalarini amaliyotga joriy etishga yordam berdi.
“Ushbu tashabbus inklyuziv mahalliy boshqaruvni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Shveysariya yoshlarga keng imkoniyatlar taqdim etish, mahalliy hokimiyat organlarining hisobdorligini oshirish, bolalar va yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi,” - dedi Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik Agentligining boshlig‘i Andrin Fink.
Dastur amalga oshirilayotgan hududlarga vaziyatni o’rganish uchun 200 nafardan ortiq manfaatdor tomonlar ishtirokida tashriflar, maslahatlashuvlar va texnik sessiyalar o’tkazildi. Natijaga yo’naltirilgan boshqaruv va byudjetlashtirish mavzusidagi hududiy seminar-treninglari orqali Mahalliy ishchi guruhlarning 120 nafardan ortiq a’zosi strategik rejalashtirishda natijaga-yo’naltirilgan boshqaruv va dasturiy byudjetlashtirish tamoyillarini qo’llash, to’g’ri KPIni ishlab chiqish, monitoring va hisobot berish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
“Bizning asosiy missiyamiz — davlat boshqaruvini fuqarolarga, ayniqsa, yoshlarga yaqinlashtirishdan iborat. Dasturning birinchi bosqichida 12 ta pilot tuman va shaharda Mahalliy ishchi guruhlarning tashkil etilishi hamda yoshlarning qaror qabul qilish jarayonlariga jalb qilinishi mahalliy boshqaruvda yangi muloqot maydonini yaratdi. Biroq qanchalik mukammal strategik reja yoki KPI ko‘rsatkichlari ishlab chiqilmasin, agar ularda fuqarolik jamiyatining real ovozi, yoshlarning manfaatlari va ehtiyojlari aks etmasa, bu rejalar qog‘ozda qolib ketadi. “Yuksalish” harakati uchun ushbu loyiha boshqaruv tizimini inson omili va jamoatchilik ishtiroki bilan boyitish orqali hayotiy islohotlarga aylantirish vositasidir”, — dedi “Yuksalish” harakati raisi Bobur Bekmurodov.
Yig’ilish ishtirokchilari 2026 yilda dasturni kengaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni ham muhokama qilib, uchta asosiy yo‘nalishga e’tibor qaratdilar:
- mahalliy darajada natijalarga asoslangan boshqaruv va byudjetlashtirishni institutsionallashtirish,
- davlat va ijtimoiy xizmatlarni aholiga yetkazib berishda aniq ma’lumotlar va dalillardan qarorlarni qabul qilishda foydalanishni kuchaytirish,
- mahalliy rejalashtirish va qaror qabul qilish jarayonlarida yoshlar ishtirokini kengaytirish.
Shuningdek, yoshlar maslahat guruhlari faoliyatini rivojlantirish, yoshlar yetakchiligidagi maslahatlashuvlarni kengaytirish, xatarlarni boshqarish, donorlik nazorati va hamkorlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
“Mahalliy boshqaruvning haqiqiy samarasi uning bolalar va yoshlar hayotini qay darajada yaxshilashida namoyon bo‘ladi. Rejalashtirish, byudjetlashtirish, fuqarolar ishtiroki va hisobdorlik mexanizmlarini mustahkamlash orqali ushbu dastur har bir bola va yoshning ovozi eshitiladigan, qo‘llab-quvvatlanadigan hamda o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun imkoniyatlar yaratiladigan muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda”,- dedi UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o’rinbosari Joffri Ijumba.
2024 yil oktabrida boshlangan dastur 2028 yil dekabrigacha Surxondaryo, Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlaridagi 12 ta pilot tuman va shaharda amalga oshiriladi. Yoshlarning bevosita ishtirokida bo’layotgan tadbirlarning barchasi bolalar, o‘smirlar, yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yordamga muhtoj aholi ehtiyojlariga javob beradigan inklyuziv, hisobdor va natijalarga asoslangan mahalliy boshqaruv tizimlarini mustahkamlashga qaratilgan.
OAV vakillari uchun kontaktlar:
Hayotullo Ismailov Jamoatchilik diplomatiyasi xodimi Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi Теlefon: +99890 976 01 48 El.pochta: [email protected] | Muslimbek Akramov Matbuot kotibi “Yuksalish” harakati Теlefon: +99890 001 85 56 El.pochta: [email protected] |
Nargiza Egamberdiyeva Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchi UNICЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Теlefon: +99893 380 34 19 El.pochta: [email protected] | Ravshan Soliev Mahalliy boshqaruv bo’yicha loyiha menejeri BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Telefon:+99893 501 26 76 El.pochta: [email protected] |
OAV uchun mas'ul xodimlar
UNICEF to'g'risida
UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.
UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.
UNICEF faoliyatini Twitter, Facebook va Instagram da kuzatib boring.