“Digital Kaleidoscope” – Raqamli kaleydoskop Farg‘ona vodiysida istiqomat qiluvchi qizlarning raqamli ko‘nikmalari va kasbiy imkoniyatlarini kengaytiradi

08 Oktabr 2026
UNICEF
UNICEF

FARG‘ONA, 2026 yil 8-oktyabr — UNICEF, School 21 va Women in Tech Uzbekistan tashkilotlari 18–24 yoshdagi qizlarning raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda axborot texnologiyalari (IT) sohasida talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan “Digital Kaleidoscope” loyihasiga start berdi.

Loyihada ishtirok etish uchun Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridan 500 nafardan ortiq qiz ariza topshirdi. Ulardan 185 nafari loyihada ishtirok etish uchun saralab olindi. Ishtirokchilarning 24 foizini nogironligi bo‘lgan qizlar tashkil etdi.

Loyihaning maqsadi qizlarga raqamli ko‘nikmalarni egallash, ilk kasbiy tajribaga ega bo‘lish va ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatlarini yaratishdan iborat. Shuningdek, ishtirokchilar jamoada ishlash, mustaqil ta’lim olish, tanqidiy fikrlash, raqamli texnoloyilard sohasidagi madaniyat hamda sun’iy intellektdan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini rivojlantiradilar.

Asosiy ta’lim jarayoni olti oy davom etadi. Ishtirokchilarni mentorlar va ekspertlar qo‘llab-quvvatlab, kasbiy ko‘nikmalar hamda mehnat bozoriga tayyorgarlikni rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulot va tadbirlarni olib boradilar. Ta’limning onlayn formatida ekanligi ishtirokchilarga o‘qishni ish va asosiy ta’lim bilan birga olib borish imkonini beradi. Loyiha davomida oflayn mashg‘ulotlar va tadbirlar Farg‘ona vodiysida tashkil etiladi.

Loyiha yakuniga kelib, ishtirokchilar amaliy raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lib, loyihalar portfoliolarini shakllantiradilar, bo‘lajak ish beruvchilar bilan suhbatlardan o‘tish tajribasini orttirib, professional aloqalar doirasini kengaytiradilar. Ushbu loyiha amaliyot o‘tash, ishga joylashish, mehnat faoliyatini boshlash yoki kasbiy ta’limni davom ettirish uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlarni yaratadi.

Mazkur loyiha tizimli darajasida hududlardagi yosh ayollar orasida inklyuziv ta’lim modelining samaradorligini baholash uchun asos yaratadi. Loyiha tashkilotchilari mentorlik ko‘magiga asoslangan ushbu modelni takomillashtirish, mazkur yondashuvni O‘zbekistonning boshqa hududlar miqyosida ham qo’llash imkoniyatlarini o‘rganish ustida tizimli ish olib boradilar.

Mazkur tashabbus “Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” qo‘shma dasturi doirasida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan bo’lib, UNFPA, UN Women hamda UNICEF tomonidan O’zbekiston Hukumati bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

 

Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun kontaktlar:

Yayra Ibragimova

Yoshlar ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha maslahatchi, UNICEF

Elektron pochta: [email protected]

Telefon: +998 90 903 35 25

Firuza Ataxanova 

Donorlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassis, School 21

Elektron pochta: [email protected]

Telefon: +998 90 372 26 39

OAV uchun mas'ul xodimlar

Nargiza Egamberdiyeva
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha maslahatchi
UNICEF
Telefon: +99893 380 34 19
Elektron pochta: [email protected]

UNICEF to'g'risida

UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.

UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.

UNICEF faoliyatini Twitter, Facebook va Instagram da kuzatib boring.