Jahon bolalar kuniga va 2023 yilgi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasiga (COR 28) bag‘ishlangan forum yoshlar bilan muloqot maydoni bo‘ldi

Forum bolalar va yoshlarning iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatlariga qarshi, shu jumladan ekologik ta’limni ilgari surish orqali kurashishdagi o‘rnini e’tirof etishga bag‘ishlangan.

09 Noyabr 2023
UNICEF
UNICEF

ТОSHKENT, 2023 yil 9-noyabr – Bugun "Bolalar va yoshlar harakatda – Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi" xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.

Forum bolalar va yoshlarning iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatlariga qarshi, shu jumladan ekologik ta’limni ilgari surish orqali kurashishdagi o‘rnini e’tirof etishga bag‘ishlangan.

Forum ochilishida O‘zbekistonning birinchi xonimi va "Zamin" fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva yosh ekofaollarga murojaat qilar ekan, shunday dedi:

“Forumning bosh ishtirokchilari - sizlar. Bugun bu yerda sizlarning toza, sog‘lom va barqaror muhit uchun kurashdagi yetakchiligingizni e’tirof etish maqsadida yig‘ildik. Qo‘shnilarimiz bilan birgalikda Samarqand ekologik oromgohi yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda yoshlar va bolalarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha mintaqaviy strategiyaning imzolanishi yangi kelajak sari tashlangan muhim qadam bo‘ladi”.

Tadbirda Turkiya Respublikasining birinchi xonimi Emine Erdog‘an, Eron Islom Respublikasi Prezidentining rafiqasi Jamile A’lamulxudo, Qirg‘iz Respublikasining birinchi xonimi Aygul Japarova, O‘zbekiston hukumati, UNICEF vakillari, BMT agentliklari, Markaziy Osiyo mamlakatlarining tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, milliy institutlar, fuqarolik jamiyati va Markaziy Osiyo mamlakatlarining yosh ekofaollari ishtirok etdi.

Uzluksiz "yashil" ta’lim va ekologik madaniyatni shakllantirish orqali yoshlar salohiyatini mustahkamlash masalasi YUNEP ijrochi direktori Inger Andersen so‘zining muhim mavzusi bo‘ldi:

"Ekologik ta’lim ulkan ahamiyatga ega. U kelajak avlodlarga shunchaki norozilik vakillari bo‘lish emas, balki o‘zgarishlarning drayveriga aylanish uchun zarur ko‘nikma va bilimlarni beradi. Niyatimiz – keyingi avlodlar sayyora bilan uyg‘un hayot kechirishning yangi va yaxshiroq usullarini orzu qiladigan dadil hukumat yetakchilari, olim va novatorlar bo‘lsin. Ular sanoat korporatsiyalarida ekologik tafakkur ovozi bo‘lsin. O‘z biznesini yaratib, "yashil" va ekologik barqaror mahsulot va xizmatlarni taqdim etsin".

Forum turli darajalarda - global, mintaqaviy va milliy miqyosda ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan harakatlarni muhokama qilish uchun samarali maydon bo‘ldi.

Xususan, UNICEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis shunday dedi: «Iqlim o‘zgarishi va ekologik ta’lim masalalarining maktab dasturlariga kiritilishi bolalar va yoshlarning o‘zgarib borayotgan iqlimga moslashish ko‘nikmalaridan xabardorligini oshirishda muhim qadamdir».

Forum ishtirokchilari ekota’lim mavzusini muhokama qilar ekanlar, o‘quv jarayonida yangi axborot texnologiyalaridan foydalanish muhim ekanini qayd etdi. Markaziy Osiyo ekofaollari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha siyosat va dasturlarni ishlab chiqishda, ko‘rilayotgan choralarni monitoring qilish va ularning borishini baholashda bolalarning ham ishtirok etish huquqi borligini alohida ta’kidladilar. Tadbir ishtirokchilari ekologik ta’lim inklyuziv, ya’ni barcha uchun ochiq va tushunarli bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib o‘tdilar.

"Bolalar va yoshlar harakatda – Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi" xalqaro forumi "Zamin" fondi, UNICEF, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli o‘tkazildi.

Qo‘shimcha ma'lumot uchun YuNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasiga murojaat qiling:

Inna Volfson

Yoshlar va o‘smirlar rivojlanishi masalalari bo‘yicha maslahatchi

iwolfson@unicef.org

 

Murodjon Ismoilov

Favqulodda vaziyatlar, iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish masalalari bo‘yicha maslahatchi

mismoilov@unicef.org

 

Nargiza Egamberdiyeva

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchi

negamberdieva@unicef.org

 

OAV uchun mas'ul xodimlar

Nargiza Egamberdiyeva
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha maslahatchi
UNICEF
Telefon: +99893 380 34 19
Elektron pochta: negamberdieva@unicef.org

UNICEF to’g’risida

UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har erda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.

UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.

UNICEF faoliyatini TwitterFacebook va Instagramda kuzatib boring.