Yashil ko‘nikmalar nima?
Iqlim inqirozi zamonimizning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib, u o‘z-o‘zidan hal bo‘lmaydi
21-asrda yashil ko‘nikmalar har qanday bola ta’limining ajralmas qismini tashkil etadi, biroq faqat ba’zi maktablar ularni o‘quv dasturiga kiritadi. Ular quyidagi sabablarga ko‘ra muhimdir.
Iqlim inqirozi zamonimizning eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib, u o‘z-o‘zidan hal bo‘lmaydi.
Bolalarni unga tayyorlash va barchaning barqaror kelajagini ta’minlashning eng muhim usullaridan biri ularga ta’lim berish va yashil ko‘nikmalarni o‘rgatishdir. Yashil ko‘nikmalar - barqaror jamiyat va atrof-muhitda rivojlanish hamda yashash uchun har birimizga zarur bo‘lgan bilimlardir.
Ta’lim asosan bolalarga dunyoning tuzilishini tushunishga yordam berishga qaratilgan. Masalan, hatto yosh bolalarga ham koptok og‘irlik kuchi ta’sirida polga tushishi, suv past haroratda muzga aylanishi, o‘simliklar urug‘dan o‘sib chiqishi haqida tushuntiriladi. Ammo dunyo o‘zgarmoqda va bolalarga o‘rgatilayotgan narsalar ham o‘zgarishi lozim: ekotizimlar qanday o‘zaro bog‘liqligi, ozon qatlami nima uchun Yerni himoya qilishi yoki atmosferadagi uglerod haroratning ko‘tarilishiga sabab bo‘lishini tushuntirish kabi.
Bu ko‘nikmalar ta’limning boshqa turlaridan "ajralgan" bo‘lib tuyulishi mumkin, biroq iqlim va atrof-muhit barcha maktab fanlariga (va bolalar hayotining barcha jabhalariga) daxldor bo‘lgani uchun, ularni o‘quv dasturining barcha qismlariga kiritish mumkin.
Bundan tashqari, yashil ko‘nikmalar bolalarga kelajakdagi karyeraga tayyorgarlik ko‘rishda yordam beradi. Iqlim inqirozi davom etar ekan, barqaror rivojlanish va atrof-muhit bo‘yicha ekspert bilimlariga ega bo‘lgan odamlarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda va ular bizga barcha sohalarda kerak.
Bular kam uglerodli texnologiyalarga ixtisoslashgan fermerlar, dengiz shamol turbinalarini qurayotgan muhandislar yoki energiya tejamkor binolarni loyihalashtirayotgan me’morlar bo‘lishi mumkin. Shuningdek, yovvoyi tabiat va yashash muhitini muhofaza qilish bilan shug‘ullanuvchi insonlar ham bo‘lishi mumkin: masalan, ekolog olimlar, o‘rmonchilik xodimlari, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar. Ular, bundan tashqari, "yashil" kasbga o‘xshamasligi mumkin bo‘lgan, ammo yanada barqaror jamiyat qurishda muhim rol o‘ynaydigan ko‘plab kasb egalari, jumladan velosiped mexaniklari, poyezd mashinist va iqlim savodxonligiga ega o‘qituvchilardir.
Bundan tashqari, ular yanada barqaror sayyora manfaatlari uchun yechimlarni ishlab chiqadigan va yaratadiganlar: ixtirochilar, jamoatchilik fikri yetakchilari va ijodkorlardir.
Biz bolalarga yoshligidan boshlab qanchalik keng qo‘llab-quvvatlash va chuqur ta’lim bera olsak, jamiyatimizda iqlim muammosini hal qilishda shunchalik ko‘p odamlar ishtirok etadi. Maktab o‘quv dasturiga iqlim ma’rifati va yashil ko‘nikmalarni kiritish orqali biz iqlim o‘zgarishiga moslashish va ekologik barqarorlikni saqlash uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xabardor va tashabbuskor insonlar avlodini tarbiyalashimiz mumkin.
Muammoning dolzarbligiga qaramay, Yevropa, Markaziy Osiyo va boshqa hududlardagi ko‘plab mamlakatlarda iqlim bo‘yicha keng qamrovli ta’lim strategiyalari hali joriy etilmagan.
Harorat tez sur’atda ko‘tarilayotgan, iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga keladigan anomal issiq davrlar, suv toshqinlari va boshqa tabiiy ofatlar tez-tez sodir bo‘layotgan, tabiiy yashash muhiti vayron bo‘layotgan dunyoda iqlim ko‘nikmalari o‘qish va yozish qobiliyati kabi muhim ahamiyatga ega. Kelgusida ular yanada muhimroq ahamiyat kasb etadi.