Iqlim o‘zgarishi haqida bola bilan qanday gaplashish kerak

Murakkab mavzuni umidvorlik bilan ijobiy tarzda qanday muhokama qilish mumkin

UNICEF
UNICEF
UNICEF
24 Yanvar 2025

Iqlim o‘zgarishi dunyodagi deyarli har bir bolaga ta’sir qiladigan haqiqatdir.

Ko‘pchilik ota-onalar bu haqida farzandlari bilan gaplashishni qiyin deb bilishadi. Bu tabiiy - biz bolalarni tashvish va xavotirlardan himoya qilishni istaymiz. Biroq, agar farzandingiz yetarlicha katta bo‘lsa, u iqlim o‘zgarishi haqida maktabda, internetda yoki do‘stlaridan eshitgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Bolalar bu borada turli xil his-tuyg‘ular, xususan, tashvish, qo‘rquv, qayg‘u yoki hatto g‘azabni boshdan kechirishlari tabiiy. Bunday his-tuyg‘ular shunchalar katta va noaniq narsaga nisbatan tabiiy munosabatdir.

Garchi siz iqlim o‘zgarishi muammosini farzandingiz uchun hal qila olmasangiz-da, unga faktlarni bilishga, yolg‘iz emasligini tushunishga va harakat qilish yo‘llarini topishga yordam berishingiz mumkin.

Quyida muammoning jiddiyligini inkor etmagan holda bola bilan iqlim haqida qanday qilib ochiq va ijobiy tarzda gaplashish bo‘yicha bir nechta maslahatlarni keltiramiz.

 

1. Mavzuni tushunib oling

Hech kim iqlim o‘zgarishi haqida to‘liq ma’lumotga ega emas - siz ham bilmasangiz, bu normal holat. Internetda ko‘plab ishonchli manbalar mavjud: ma’ruzalar, videolar va maqolalar mavzuni tushunishga yordam beradi. Masalan, NASA bolalar uchun moslashtirilgan materiallarni taqdim etadi. Shuningdek, boshqa ota-onalar bilan gaplashib, ular o‘z farzandlari bilan bu mavzuda qanday suhbat qurishlarini bilib olishingiz mumkin.

Yodda tuting: agar bolaning barcha savollariga javob bera olmasangiz, bu yomon emas - bu javoblarni birgalikda izlash imkoniyatidir.

 

2. Tinglang

Suhbatni bolaning iqlim o‘zgarishi haqida nimalarni bilishi va bunga qanday munosabat bildirishini aniqlashdan boshlang. Uning qanchalik xabardorligi va o‘z fikrlarini ifoda eta olishiga hayron qolishingiz mumkin. Uning qo‘rquvlari va umidlarini tinglash uchun bu imkoniyatdan foydalaning.

Bolaga butun e’tiboringizni qaratish, uning tashvishlarini tushunish va bularga jiddiy qarash muhimdir. U har doim sizga murojaat qilib, o‘zini bezovta qilayotgan narsalar haqida gaplashishi mumkinligini tushuntiring.

 

3. Oddiy so‘zlar bilan tushuntiring

Farzandingizni hammadan yaxshi bilasiz, shuning uchun uning yoshiga mos ma’lumotlarni tanlang. Iqlim o‘zgarishini uning kundalik hayoti bilan bog‘lashga va asosiy faktlarni tushuntirishga harakat qiling, masalan:

"Odamlar mashinalarda yurish, samolyotlarda uchish va uylarni yoritish uchun qazilma yoqilg‘i - ko‘mir va neftni yoqishadi. Bu atmosferaga gazlarini chiqaradi, ular sayyorani pufakka o‘xshab o‘rab oladi va uni issiqroq qiladi. Sayyora qanchalik issiq bo‘lsa, suv toshqinlari va bo‘ronlar shunchalik ko‘p bo‘ladi. Natijada qutb muzliklari erib, dengiz sathi ko‘tariladi. Bu jiddiy muammo, ammo ko‘plab olimlar va yoshlar yechimlar ustida tinimsiz ishlamoqda. Biz ham nimadir qila olamiz."

Rasmlar, xaritalar va videolar muammoni ko‘z oldiga keltirishga va uni yanada tushunarli qilishga yordam beradi. Climate Visuals tasvirlar kutubxonasi foydali manba bo‘lishi mumkin, u yerda iqlim o‘zgarishi oqibatlari va ularni hal qilish yo‘llarini ko‘rsatadigan fotosuratlar to‘plangan.

 

4. Tabiat qo‘ynida vaqt o‘tkazing

Bolani iloji boricha tez-tez sayrga olib chiqishga harakat qiling. Ochiq havoda o‘ynash tabiatga hurmat va qiziqishni rivojlantirishga yordam beradi.

Birga ko‘chada bo‘lganingizda, daraxt, bulut, o‘rgimchak to‘ri yoki qush kabi qiziqarli narsalarni ko‘rish uchun to‘xtang. Bunday tafsilotlarga e’tibor berish bolalarga atrofdagi olamga qiziqish va hayrat hissini uyg‘otishga yordam beradi. Urug‘larni birga ekib, ulardan o‘simlik qanday o‘sishini kuzating.

 

5. Yechimlarga e’tibor qarating

Muammoni muhokama qilishda mumkin bo‘lgan yechimlarni ham ko‘rsatishga harakat qiling. Iqlim o‘zgarishi muammosi ustida ishlayotgan odamlarni misol qilib keltiring va bu to’g’risida bolaga aytib bering. Yangiliklarda yoki jamoangizda ko‘rgan ijobiy hikoyalarni o’rtoqlashing.

Oilangiz iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish uchun nima qilayotganini muhokama qiling, masalan, chiqindilarni saralash, suvni tejash yoki zaruratsiz yoqib qo’yilgan qurilmalarni o‘chirish. Bu bolaga har kim o‘z hissasini qo‘shishi mumkinligini tushunishga yordam beradi.

Birgalikda yana nima qilish mumkinligini o‘ylab ko‘ring: masalan, mashinada yurish o‘rniga piyoda yurish yoki daraxt ekish.

 

6. Harakatga ilhomlantiring

Butun dunyo yoshlari tashabbusni o‘z qo‘llariga olmoqda – ommaviy chiqishlardan tortib energiyadan samarali foydalanishning yangi usullarini yaratishgacha. Farzandingizga u ham hissa qo‘shishi mumkinligini ayting. Agar unga bu qiziqarli bo‘lsa, uni faollar tarixi bilan tanishtiring.

Boshqa yoshlar allaqachon harakat qilayotganini bilish farzandingizga o‘zini kattaroq narsaning bir qismi deb his qilish va o‘z qadamlari uchun rag’batlanishga yordam beradi.

Farzandingiz o‘z g‘oyalari haqida gapirishiga ochiq bo‘ling va xavotir yoki ortiqcha yuk hissini keltirib chiqarmaslik uchun bosim o’tkazmang. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish oddiy qadamlardan boshlanadigan umumiy mas’uliyat ekanligini ta’kidlang.

Birinchi suhbat qiyin bo‘lishi mumkin, ammo muhokamani davom ettirish muhimdir. Muntazam muloqot bolalarga ularning kelajagidagi muammoni tushunishga yordam berishning kalitidir.