Ijtimoiy ish
Xavf guruhiga kiruvchi yoki shafqatsiz munosabat va zo‘ravonlikning turli shakllariga duchor bo‘layotgan bolalarni har tomonlama himoya qilishni ta’minlash, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish
UNICEF mamlakatda shakllangan bolalarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga ko‘maklashmoqda. Bu esa qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni va turli xizmatlar faoliyatini yaxshilashni talab etadi. Mazkur sa’y-harakatlarning maqsadi xavf ostida qolgan yoki turli shakldagi shafqatsiz muomala va zo‘ravonlikka duchor bo‘layotgan bolalarni har tomonlama himoya qilish hamda bunday holatlarning oldini olishdan iboratdir. Bunga bolalar va ularning oilalari bilan ishlovchi ijtimoiy va boshqa xizmatlar xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, shuningdek, bolalarning davlat vasiylik muassasalariga joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktika ishlarini olib borish orqali erishish mumkin.
- UNICEF Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markaziga ushbu sohada xizmat ko‘rsatishning yangi modeli – “Oila va bolalarni qo‘llab-quvvatlash xizmati”ni ishlab chiqish hamda yaratishga yordam berdi. Tajriba tariqasida bunday xizmatlar beshta shaharda: Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon va Gulistonda ochildi. Ularning har biridan beshtadan xodim shafqatsiz yoki e’tiborsiz munosabatga duchor bo‘lish xavfi yuqori bo‘lgan bolalar bilan muvaffaqiyatli muloqot qilish va ishlash uchun ijtimoiy ish asoslari bo‘yicha o‘qitildi;
- Uchta universitetda ijtimoiy xodimlar – bakalavr va magistrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, oila va bolalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlari tashkil etilgan hududlardagi bolalarni himoya qilish bo‘yicha mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda 10 haftalik o‘quv dasturi joriy etildi.
- bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatni kamaytirish va uning oldini olishga, bolalarni himoya qilish xizmatlaridan foydalanishni yaxshilashga va ijtimoiy ish tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan kompleks strategiya va harakatlar rejasini qabul qilish;
- bolalarni himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning, shu jumladan ijtimoiy xodimlar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining kasbiy mahoratini oshirish;
- bolalarning xavfsiz va g‘amxo‘r oila muhitida tarbiyalanish huquqini ta’minlaydigan siyosat va tartib-qoidalarni ishlab chiqish;
- haqiqiy ma’lumotlar asosida rejalashtirishni takomillashtirish maqsadida bolalarni himoya qilish masalalari bo‘yicha axborot hajmini ko‘paytirish;
- bolalarni himoya qilish sektori ishining samaradorligi va natijadorligini oshirish uchun turli idoralar va tashkilotlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni yaxshilash.