Umidning farzandi bilan ilk yili: Bebbo ilovasining ota-onalarga ko‘magi
Bebbo shunchaki ilova emas, balki bola tarbiyasidagi ishonchli yordamchidir
Umid o‘g‘il farzandli bo‘lganida cheksiz quvonch va hayajonni bir vaqtning o‘zida his qildi. "Hozir u bir yoshga to‘ldi, - deydi u. - Menimcha, har qanday ota-ona birinchi farzandi dunyoga kelganda o‘zini bunga to‘liq tayyor emasligini his etadi".
Ko‘plab yosh ota-onalar kabi, Umid ham ish va oilani muvofiqlashtirish, tashvishlar va noaniqliklarni yengishdek murakkab vazifaga duch keldi. "Eng qiyini ish va bolaga g‘amxo‘rlik qilish o‘rtasidagi muvozanatni topish, har bir narsadan xavotirga tushmaslik edi. Me’yordan har qanday chetlashish jiddiy narsa bo‘lib tuyulardi," - deya e’tirof etadi u. Savollarga javob izlashda Umid do‘stlari bilan maslahatlashdi, ishonchli ma’lumot manbalarini qidirdi.
Bebbo haqida u o‘tgan yilning bahorida tanishidan eshitgan edi. UNICEF tomonidan ishlab chiqilgan ushbu mobil ilova ota-onalarga bolaning rivojlanishini kuzatish va ilmiy asoslangan tavsiyalar olishda yordam beradi. "Meni ilovada bolaning qanday rivojlanayotganini kuzatish va uning ko‘rsatkichlarini me’yorlar bilan taqqoslash imkoniyati qiziqtirdi," - deydi Umid.
Bebbo O‘zbekistonda 2021-yilda ishga tushirilganidan beri 480 ming martadan ortiq yuklab olingan. Ilova O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Maktabgacha ta'lim vazirligi bilan hamkorlikda yaratilgan bo‘lib, ota-onalarning tekshirilgan va ishonchli ma’lumotlar olishlarini ta’minlaydi.
Bir kuni Umid o‘g‘lining dastlabki oylarga qaraganda sekinroq vazn yig‘ayotganini payqadi. "Uchinchi oydan keyin vazn yig‘ish sur’ati pasaydi. Bebbodagi grafiklar tufayli biz rafiqam bilan vaziyatni xotirjam baholay oldik va hamma narsa me’yorida ketayotganini tushundik," - deb eslaydi u. Ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lish keraksiz tashvishlardan qochishga yordam berdi.
Rivojlanishni kuzatishdan tashqari, Bebbo Umidga o‘g‘li bilan muloqot qilish uchun yangi g‘oyalar berdi. "Ayniqsa, bola bilan ko‘proq gaplashish va u talaffuz qiladigan tovushlarni takrorlash haqidagi maslahat esimda qoldi. Ilgari bu nutqning rivojlanishini sekinlashtiradi deb eshitgan edim, lekin buning aksi ekan! Endi o‘yinlarimiz yanada qiziqarli bo‘lib qoldi".
Umid uchun Bebbo shunchaki ilova emas, balki bola tarbiyasidagi ishonchli yordamchidir. "Bolaning qanday ko‘nikmalarni egallab borayotganini ko‘rish, uning yutuqlarini qayd etish va tavsiyalar olish juda qulay. Bu rivojlanishdagi muhim lahzalarni o‘tkazib yubormaslikka yordam beradi."
2024-yil noyabr oyidan boshlab Umid Bebbo ota-onalar kengashi - 11 mamlakatdan iborat onalar va otalar xalqaro hamjamiyatining a’zosiga aylandi. Ular oilalar uchun yanada foydali bo‘lishi uchun ilovani qanday takomillashtirish mumkinligini muntazam ravishda muhokama qilishadi.
U o‘z tajribasini boshqa ota-onalar bilan o‘rtoqlashadi: "Mayda-chuyda narsalar uchun xavotirga tushmang va tez-tez Bebboga murojaat qiling - u yerda ko‘p foydali ma’lumotlarni topishingiz mumkin". Farzand tarbiyasi har doim savol va shubhalar tug‘diradi, ammo to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash va vositalar yordamida Umid kabi ota-onalar kichkintoylarini o‘sish va rivojlanish yo‘lida yanada ishonchliroq qo‘llab-quvvatlashlari mumkin.
Bebbo ilovasi rus va o‘zbek tillarida bepul taqdim etilgan. Uni Google Play va App Store'dan yuklab olish imkoniyati mavjud, bu orqali har bir ota-ona farzandlarining tarbiyasi va rivojlanishi haqida tasdiqlangan ma’lumotlarni olishi mumkin.