Farzandingizda kitob o‘qishga muhabbatni qanday tarbiyalash mumkin
Yosh kitobxon tarbiyasi haqida nimalarni bilish kerak
Kitob o‘qishga muhabbat ajoyib sarguzashtlar va yangi bilimlar dunyosiga eshiklarni ochadi, nutq va lug‘at boyligini oshirish kabi asosiy til ko‘nikmalarini rivojlantirishga yordam beradi. Kitob o’qish farzandingiz bilan muloqot qilib, birgalikda vaqt o’tkazish uchun alohida lahzalarni yaratishga imkon beradi.
Kuniga atigi 10-15 daqiqa kitob o‘qish kichkintoyingizning qiziqishini uyg‘otishi mumkin. Bolaning adabiyotga mehr qo‘yishiga qanday yordam berish haqida ko‘proq bilish uchun ushbu maqolani o‘qishda davom eting.
Imkon qadar erta boshlang
Chaqaloqqa kitob o‘qish uning rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratishga yordam beradi. Kichkintoylar kattalarning so‘zlarni takrorlashlari va ularga o‘qib berishlarini tinglab til o‘rganadilar. O‘qish paytida bola bilan kitobdagi qahramonlar va narsalarni yoki hayvonlar chiqaradigan tovushlarni muhokama qiling. Sizning ovozingiz bola ko‘rayotgan harflar va rasmlarga ma’no berishga yordam beradi. Ovoz ohangi va balandligini o‘zgartiring, o‘qish jarayonini yanada qiziqarli qilish uchun turli ohanglar va qahramonlar ovozini o’zgartiring.
Esda tuting, bolalar o‘qishni o‘rganishdan ancha oldin kitobni sevishni o‘rganadilar. Hozirda kitob o‘qishga vaqt ajratish bolaning yoshi ulg‘aygan sari bu mashg‘ulotga yanada ko‘proq mehr qo‘yishiga yordam beradi.
Namuna bo‘ling
Bolalar o‘qishni murakkab vazifa sifatida emas, balki qiziqarli va yoqimli mashg‘ulot sifatida ko‘rishlari muhimdir. Bunga erishishning eng yaxshi yo‘li shaxsiy namuna ko‘rsatishdir! Agar farzandlaringiz siz kitob o’qiyotganingizni tez-tez ko‘rsalar, bu ularni ilhomlantirishi mumkin. Bu, shuningdek, ekranlar oldida o‘tkazadigan vaqtni qisqartirishga ham yordam beradi.
Agar siz anchadan beri qo‘lingizga kitob olmagan bo‘lsangiz, mahalliy kitob do‘konlari egalari yoki kutubxonachilar siz va farzandingiz uchun qiziqarli kitoblarni tanlashga yordam berishlari mumkin. Shuningdek, yaqinlaringiz va do‘stlaringizga murojaat qiling - ular o‘z farzandlarining sevimli kitoblarini tavsiya qilishlari mumkin. Agar kichkintoyni o‘zingiz bilan olib borsangiz, kitob tanlash o’zingiz va farzandingiz uchun alohida voqeaga aylanadi.
Navbatma-navbat o‘qing
Bola katta bo‘lgach, bir-biringizga navbatma-navbat ovoz chiqarib o‘qishni taklif qiling. Agar bola endigina o‘qishni o‘rganayotgan bo‘lsa, u taniydigan harflar yoki so‘zlarni ko‘rsatishini so‘rang. So‘ngra gaplarni, keyinroq esa sahifalarni va butun boshli boblarni navbatma-navbat o‘qish mumkin. O‘qish paytida mazmun haqida savollar bering: "Bundan keyin nima bo‘ladi deb o‘ylaysan?" yoki "Fil nima uchun shunday qildi?"
Bir-biringizga ovoz chiqarib o‘qish bola o‘zini ishonchliroq his qilishiga va olgan bilimlarini mustahkamlashiga yordam beradi.
Farzandingizni tinglang
Bola ulg‘aygan sari uning qiziqishlariga e’tibor bering. Agar bola, masalan, dinozavrlarga qiziqsa, shu mavzudagi kitoblarni toping. Kitoblar qiziqarli narsalar haqida ko‘proq bilishning ajoyib usulidir. Agar mavzu bolaga yaqin bo‘lsa, u ko‘proq o‘qishining ehtimoli yuqori bo’ladi.
Agar bolalar hali Chinua Achebe yoki Dostoyevskiy kabilarning jiddiy asarlarini o‘qimasalar, xavotir olmang – ular o‘qiyotganining o’zi eng muhimidir. Hatto komikslar yoki grafik romanlar ham o‘qishdir! Siz boshqa materiallarni ham taklif qilishingiz mumkin, lekin bola hali tayyor bo‘lmasa, buni talab qilmang.
Mutolaani kundalik odatga aylantiring
Mutolaa bola hayotining yoqimli qismiga aylanishi uchun kitob o’qishni kun tartibingizga qo‘shing. Masalan, uxlashdan oldin yoki yo‘lda o‘qing. Bu vaqtda bir-biringizga e’tiborni qaratish uchun telefon va televizor kabi chalg‘ituvchi omillarni olib tashlashga harakat qiling.
Kitob o‘qishga bo‘lgan muhabbatning bir qismi bola uyda kitoblar qurshovida bo’lishidir. Farzandingiz uchun kichik kitoblar to‘plamini yig‘ishni boshlang. U katta bo‘lishi shart emas, kichikroq to‘plam ham o’rinli bo’ladi.
Agar yaqin atrofda kutubxona bo‘lsa, ovoz chiqarib o‘qish dasturlari haqida bilib oling. Bunday uchrashuvlar bolani kitoblar bilan tanishtirish va unga boshqa bolalar bilan muloqot qilish imkoniyatini berishning ajoyib usulidir. Do‘stlaringiz va ularning farzandlari bilan mini kitob klubini ham tashkil etishingiz mumkin.
O‘qish ko‘nikmalarini rivojlantirish bosqichlari
Har bir bola o‘ziga xos, ammo siz kuzatishingiz mumkin bo‘lgan ba’zi taxminiy bosqichlar quyidagilardan iborat:
Tug‘ilgandan 18 oygacha:
• Oddiy iboralarni tushunadi.
• Kitoblarni ko‘zdan kechiradi va varaqlashga harakat qiladi.
• Nutqqa taqlid qiladi.
• Taxminan bir yoshga bir yoki bir nechta so‘zlarni talaffuz qilishi mumkin.
18 oydan 3 yoshgacha:
• 2 yoshga kelib 250-350 ta, 3 yoshga kelib 800-1000 ta so‘z ayta oladi.
• Tanish kitoblarni tinglashni yoqtiradi.
• Sevimli kitob iboralarini takrorlaydi.
• Kattalar nutqiga taqlid qiladi.
• O‘qib berishni so‘raydi.
3 yoshdan 5 yoshgacha:
• Tanish harflarni biladi va ularni yozishga harakat qiladi.
• Kitobni to‘g‘ri ushlaydi va uni varaqlaydi.
• Qofiyadosh so‘zlarni aniqlaydi.
• Gaplarni bemalol tuzadi.
• Eshitgan kitoblaridan o‘rganadi.
Maqola muallifi: Mendi Rich, UNICEF kontent-muharriri