Bolaga to‘g‘ri oziqlanishni qanday singdirish mumkin

Bolani butun umri davomida ijobiy odatlarni shakllantirish yo‘liga yo‘naltirishning 6 ta usuli

UNICEF
UNICEF
UNICEF
07 Yanvar 2025

To‘g‘ri oziqlanish bolalar salomatligining poydevori bo‘lib, butun umr davomida foyda keltiradi. Ushbu odat bolaga erta yoshidan singdirilsa, u katta bo’lgnidagi hayoti davomida ham oziqlanishga ijobiy munosabatni shakllantiriradi. Bu odatlarni shakllantirish jarayoni nafaqat farzandingiz, balki butun oilangiz uchun ham quvnoq va foydali bo‘lishi mumkin! Buni boshlashning oltita usuli esa quyidagilardan iborat.

1. Ijobiy odatlarni rag‘batlantiring

Kichkintoylaringiz siz qilayotgan hamma narsani, jumladan oziqlanishingizni ham kuzatadi. Agar siz o‘zingiz sog‘lom mahsulotlar, ichimliklar va yengil taomlarni tanlasangiz, shuningdek qiziqarli jismoniy faoliyat bilan band bo’lsangiz, taqlid qilish uchun yaxshi namuna bo‘lasiz. Sog‘lom mahsulotlarni tanlar ekansiz, farzandingizga a’lo darajada o‘rnak ko‘rsatgan bo‘lasiz.

Bolalaringizni xarid qilish va ovqat tayyorlash jarayoniga jalb qilishga harakat qiling. Butun oila uchun mazali va foydali taomlar tayyorlashda ishtirok etish ular uchun qiziqarli bo‘ladi.

Ovqatlanish vaqtidan o‘rganish imkoniyati sifatida foydalaning - turli xil oziq-ovqat guruhlarini birgalikda o‘rganing va tanamiz uchun qanday ozuqa moddalari va vitaminlar kerakligini bilib oling.

2. Ozuqalanishga sog‘lom munosabatda bo‘ling

Ozuqalanishga bo‘lgan sog‘lom munosabat bu umrbod salomatlik garovi hamda yurak kasalliklari, saraton va qandli diabet kabi xastaliklardan himoyadir. Farzandingizni quyidagilarga rag’batlantirib,   unga yordam berishingiz mumkin:

● Ularga jismoniy ochlikni his qilayotganini tushunishga ko‘maklashing. Bu ularga o‘z tanasining ehtiyojlarini aniqlashda yordam beradi.

● Ovqatdan mukofot yoki jazo sifatida foydalanmang. Bu bolalarda ovqatlanish bilan bog‘liq nosog‘lom munosabatlarning shakllanishiga olib kelishi mumkin.

● Muayyan mahsulotlarni ta’qiqlamang. Ayrim mahsulotlarni, masalan shirinliklarni ta’qiqlash farzandingizda ularni tatib ko‘rish istagini yanada kuchaytirishi mumkin.

Nosog‘lom mahsulotlar va ichimliklardan voz kechish o‘rniga, portsiyalar hajmini cheklang va ularni tez-tez iste’mol qilmaslik kerakligini tushuntiring (ya’ni har kuni emas). Bolalaringiz bilan nima uchun ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari boshqalaridan afzal ekanligi haqida suhbatlashing. Masalan, agar bolangiz shirinlik istasa, nima uchun tabiiy shakarli to‘liq mahsulot, masalan bir bo‘lak meva, shakar qo‘shilgan shirin yormaga qaraganda yaxshiroq tanlov ekanligini tushuntiring. Yaxshi xulq-atvorni ovqatdan foydalanmasdan, masalan qiziqarli oilaviy faoliyat bilan rag‘batlantirishga harakat qiling.

Farzandingizning ovqatlanish tajribasi qanchalik keng bo‘lsa, uning beshta oziq-ovqat guruhidagi turli xil mahsulotlarni iste’mol qilishda davom etishi ehtimoli shunchalik yuqori bo‘lishini bilarmidingiz?

3. "Ovqatingni oxirigacha yeb tugatib qo’y" iborasidan voz keching

Garchi bu sizning farzandingizga ovqatdan kerakli ozuqa moddalarini olishga yordam beradi deb o‘ylashingiz mumkin bo‘lsa-da, bunday xatti-harakat ovqatni rad etishga va oziqlanish bilan bog‘liq salbiy fikrlarga olib kelishi mumkin. Agar bolangizni sabzavot yeyishga majbur qila olmasangiz, unga o‘zingiz qanday yeyishingiz va ulardan qanday zavqlanishingizni ko‘rsatishga harakat qiling. Kichkintoyingiz sizdan oziq-ovqat mahsulotlarini tanlashni o‘rganadi, shuning uchun uni iloji boricha ko‘proq rag‘batlantirishga harakat qiling. Shuningdek, u yoqtirgan boshqa foydali taom bilan birga oz miqdorda meva yoki sabzavotlarni taklif qilishingiz yoki yangi mahsulotni u bilan birgalikda sinab ko‘rishni taklif etishingiz mumkin. Meva va sabzavotlarni qiziqarli va rang-barang shakllarda joylashtirib, ularga tarelkada jozibali ko‘rinish berish mumkin. Shuni yodda tutish kerakki, yangi mahsulotlarni sinab ko‘rish va ulardan zavqlanish uchun bolalarga bir necha urinish kerak bo‘lishi mumkin - sabr qiling va taslim bo‘lmang! 

4. Portsiyalarning o‘lchamini nazorat qiling

Haddan tashqari katta portsiyalar vazn ortishiga olib kelishi mumkin, shuning uchun bolalarga tarelkada qancha ovqat bo‘lishi kerakligini o‘rgatish muhimdir. Bolaga portsiyaning to‘g‘ri o‘lchamini aniqlashni o‘rgatishning oddiy usuli - vizual tasvirlardan foydalanish. Masalan: makaron, guruch yoki yorma portsiyasini aniqlash uchun mushtdan foydalanish tavsiya etiladi. Go‘sht portsiyasi taxminan kaft o‘lchamiga teng bo‘lishi kerak. Sariyog‘ kabi yog‘lar miqdori bosh barmoq o‘lchamidan oshmasligi lozim.

Bolalar energiya ehtiyojlarini qondirish uchun ovqatlanishni tabiiy ravishda tartibga solish qobiliyatiga ega ekanligini bilar edingizmi?

5. Kunni sog‘lom nonushta bilan boshlang

Ko‘pgina oilalar uchun ting shoshilinch holatda bo‘lishi mumkin, ammo kunni muvozanatli nonushta bilan boshlasangiz, bu bolangizga uning o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan kaltsiy va kletchatka kabi muhim ozuqa moddalarini olishga yordam beradi. Nonushtani tarkibida ozuqa moddalari ko‘p bo‘lgan masalliqlardan, masalan tabiiy yogurt va yangi mevalardan tayyorlashga harakat qiling. Odatda ko‘p kaloriyali va kam ozuqa moddalariga ega bo‘lgan shirinlik yoki pishiriqlar o‘rniga sog‘lom tanlovni afzal ko‘ring. Shunda kichkintoyingiz uzoqroq to‘q yurishini ham sezasiz.

6. Jismoniy mashqlarni qiziqarli qiling

Bolalarga kuniga kamida 60 daqiqa jismoniy faollik zarur. Nima uchun siz ham bu quvonchli mashg‘ulotga qo‘shilmasligingiz kerak?

Oilangiz bilan birgalikda harakatlanishni talab qiladigan faoliyatlarni rejalashtiring, masalan, kechki ovqatdan keyin sayr qilish yoki suzish. Imkoniyat bo’lganida ijod qiling, masalan, radioda sevimli qo‘shig‘ingiz yangraganida birga raqsga tushing. Shuningdek, bolaga ekran oldida o‘tkazadigan vaqtini cheklashni o‘rgatish muhim (JSST 2-4 yoshli bolalar uchun kuniga bir soatdan ko‘p bo‘lmasligini tavsiya etadi) va harakatlanishni talab qiladigan faol o‘yinlarga e’tibor qaratish lozim.

Bolani har kuni sog‘lom ovqatlanishga va quvnoq mashg‘ulotlarga jalb etish uning rivojlanishiga yordam beradi, sog‘lig‘ini mustahkamlaydi va uni butun umri davomida ijobiy, sog‘lom qarorlar qabul qilishga tayyorlaydi.