Jahon ko'krak suti bilan oziqlantirish haftaligi munosabati bilan UNICEF va JSST ona suti bilan oziqlantirishni qo'llab-quvvatlash choralaridan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratishga chaqirmoqda

UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassell va Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Аdxanom Gebreyesus

01 Avgust 2024
UNICEF
U

NYU-YORK/JENEVА, 2024 yil 1 avgust – Jahon miqyosida so'nggi 12 yil ichida faqat ona suti bilan oziqlanadigan olti oygacha bo'lgan chaqaloqlar soni 10 foizdan ko'proqqa oshgan. Bu shuni anglatadiki, sayyoramizdagi chaqaloqlarning 48 foizi endi hayotni sog’lom boshlash uchun yaxshi imkoniyatga ega. Bu, shuningdek, ko'krak suti bilan oziqlantirish orqali yuz minglab chaqaloqlarning hayoti saqlanib qolganligini anglatadi.

Ona suti bilan oziqlantirish ko’rsatkichlari sezilarli darajada oshib borayotgan bo'lsa-da, va bu bizni Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining 2025 yilga borib faqat ona suti bilan oziqlanadigan bolalar ulushini oshirib, kamida 50 foizga yetkazish maqsadiga erishishga yaqinlashtirsa-da, bu yo'lda hali hal qilinishi kerak bo'lgan qator tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.

Onalarga ko'krak suti bilan oziqlantirish uchun zarur yordam berilsa, bundan butun jamiyat manfaat ko'radi. So’nggi ma’lumotlar shuni ko’rsatadiki, ko'krak suti bilan oziqlantirish ko'rsatkichlarini oshirish har yili 820 mingdan ortiq bolaning hayotini saqlab qolishi mumkin.

Inson hayotining dastlabki oylarida – o'sish va rivojlanish uchun o'ta muhim bo'lgan davrda – ona suti tarkibidagi antitanalar chaqaloqni turli kasalliklardan, shu jumladan hayot uchun xavfli bo'lgan xastaliklardan himoya qiladi. Bu ayniqsa favqulodda vaziyatlarda katta ahamiyatga ega, chunki ko'krak suti bilan oziqlantirish chaqaloqlar va yosh bolalar uchun xavfsiz va mavjud mukammal ozuqa manbai hisoblanadi. Ona suti bilan oziqlantirish bolalik kasalliklarining yukini kamaytiradi va onalarning ba’zi saraton va yuqumli bo'lmagan kasalliklarga chalinish xavfini kamaytiradi.

Butunjahon ko’krak suti bilan oziqlantirish haftaligi “Bo'shliqlarni bartaraf etish: ona suti bilan oziqlantirish uchun barchani qo’llab-quvvatlashga erishish” shiori ostida o'tmoqda. Unda UNICEF va JSST ko'krak suti bilan oziqlantirishni sog'liqni saqlash sohasidagi tengsizliklarni kamaytirish hamda onalar va chaqaloqlarning hayoti va farovonligi borasidagi huquqlarini himoya qilishning muhim vositasi sifatida qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish zarurligini ta'kidlamoqda.

Hisob-kitoblarga ko'ra hozirda 4,5 milliard inson, ya’ni dunyo aholisining yarmidan ko’pi zaruriy tibbiy xizmatlar bilan to'liq qamrab olinmagan, ya’ni ko’plab ayollar ko'krak suti bilan boqish uchun zarur bo’lgan yordamni olmayaptilar. Bunday qo’llab-quvvatlash choralariga jumladan butun emizish davrida onalarga g’amxo’rlik va hurmat ruhidagi malakali tibbiy maslahat va yordam olish imkoniyatini taqdim etish kiradi.

Sog'liqni saqlashdagi tengsizliklarni bartaraf etish hamda ko'krak suti bilan oziqlantirish borasida onalar va oilalarga o’z vaqtida va samarali yordam ko'rsatishning muhim omili – bu ishonchli statistik ma'lumotlarni to'plashdir. Hozirgi kunda dunyo mamlakatlarining faqat yarmida ko’krak suti bilan oziqlantirish ko’rsatkichlari bo'yicha ma’lumotlar yig'iladi. Erishilgan yutuqlarni yanada oshirish uchun ko'krak suti bilan oziqlantirishni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan siyosatning samaradorligi to'g'risida dalillar to'plash talab qilinadi, masalan, oila uchun qulay bandlik siyosati, ona suti o'rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasi va savdosiga oid tartib-qoidalar hamda ko'krak suti bilan oziqlantirishni qo'llab-quvvatlashga investitsiyalar. Monitoring tizimlarini takomillashtirish ko'krak suti bilan oziqlantirish siyosati va dasturlari samaradorligini oshirishga yordam beradi, to'g'ri qarorlar qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni ta’minlaydi va ko'krak suti bilan oziqlantirishni qo'llab-quvvatlash mexanizmlarini yetarli darajada moliyalashtirishga hissa qo'shadi.

Ko'krak suti bilan oziqlantirishni himoya qilish va qo’llab-quvvatlash mexanizmlari mavjudligi onalarning o’z chaqaloqlarini emizishi bo’yicha ko’rsatkichlarini ikki baravardan ko’proqqa oshirishi mumkin. Bu – bizning umumiy mas’uliyatimiz masalasidir. Bunda oilalar, jamoalar, sog’liqni saqlash mutaxassislari, siyosatchilar va boshqa qaror qabul qiluvchilar quyidagilarni bajarish orqali muhim o’rin tutadi:

•        davlat byudjetidan maqsadli ajratmalar hisobidan ona suti bilan boqishni muhofaza qilish va qo’llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar va siyosatlarni moliyalashtirishni ko’paytirish;

•        mehnat qonunchiligida homiladorlik va chaqaloq parvarishi bo’yicha haq to’lanadigan ta’til, emizish bo’yicha tanaffuslar hamda arzon va sifatli bo’lgan bola parvarishi xizmatlaridan foydalanish kabi oilalar uchun manfaatli choralarni joriy etish va ularga rioya etilishini nazorat qilish;

•        favqulodda vaziyatlar tufayli xavf ostida bo’lgan yoki marginal guruhlarga mansub bo’lgan onalarga ularning o’ziga xos ehtiyojlarini inobatga olgan holda ona suti bilan oziqlantirishni himoya qilish va qo’llab-quvvatlash choralarini taqdim etish va buni ularning o’ziga xos ehtiyojlarini hisobga olgan holda, shu jumladan, sog’liqni saqlashning asosiy paketi doirasida emizish bo’yicha o’z vaqtida va samarali maslahat olishlarini ta’minlash orqali amalga oshirish;

•        Tahliliy ma’lumotlarni yig’ish va ko’krak suti bilan oziqlantirish ko’rsatkichlarini yanada oshirish uchun ko’krak suti bilan oziqlantirish sohasidagi dasturlar va siyosiy choralar monitoringi samaradorligini oshirish;

•        ona suti o’rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama va targ’ib qilish, shu jumladan buni raqamli marketing yo’li bilan amalga oshirishni cheklovchi, shuningdek, Kodeksning tizimli ravishda buzilishini nazorat qilishga qaratilgan qonun hujjatlarini qabul qilish va qo’llash.



###



Qo’shimcha ma’lumot uchun bog’lanish mumkin bo’lgan mutasaddilar:

Nadiya Samie-Djeykobs, UNICEF, Nyu-York. Tel: +1 (845) 760-2615, [email protected]

Lora Kinan, JSST, Jeneva. Tel: +41 22 791 2616, [email protected] yoki [email protected]



UNICEF haqida:

UNICEFdunyodagi bir qator eng murakkab nuqtalarda faoliyat olib borar ekan, dunyodagi eng nochor bolalarga yordam beradi. Biz 190 dan ortiq mamlakat va hududlarda faoliyat yuritib, har bir bola uchun, hamma uchun yaxshiroq dunyoni yaratish yo’lida ishlaymiz.

UNICEF va uning faoliyati haqida qo’shimcha ma’lumotni www.unicef.org saytidan olishingiz mumkin.

UNICEF faoliyatini X (sobiq – Twitter), Facebook, Instagram ijtimoiy tarmoqlarida va YouTube da kuzatib boring.



JSST haqida:

Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti barcha insonlar farovon hayot kechirishlariga erishishga intilar ekan, bu yo’lda ilm-fanga asoslangan holda, qaerda yashashligidan qat’iy nazar har bir inson uchun xavfsiz va sog’lom hayot kechirish uchun teng imkoniyat yaratish bo’yicha global say’-harakatlarga yo’naltiradi va yetakchilik qiladi. Biz BMTning sog’liqni saqlash yo’nalishidagi agentligi sifatida dunyoning 150dan ortiq mamlakatlaridagi xalqlar, hamkorlar va shaxslarni bog’laydigan, sog’liqni saqlashdagi favqulodda vaziyatlarga global javob berish, kasalliklarning oldini olish, sog’liq muammolarining asosiy sabablarini bartaraf etish hamda dori vositalari va tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi BMT faoliyatiga yetakchilik qilamiz. Bizning vazifamiz aholi salomatligini mustahkamlash, dunyoda xavfsizlikni ta’minlash va aholining zaif qatlamlariga xizmat ko’rsatishdan iborat.

JSST va uning faoliyati haqida qo’shimcha ma’lumotni www.who.int saytidan olishingiz mumkin.

JSST faoliyatini X (sobiq – Twitter), Facebook, Instagram, LinkedIn, TikTok, Pinterest, Snapchat, YouTube, Twitch da kuzatib boring.

OAV uchun mas'ul xodimlar

Nargiza Egamberdiyeva
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha maslahatchi
UNICEF
Telefon: +99893 380 34 19
Elektron pochta: [email protected]

UNICEF to'g'risida

UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.

UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.

UNICEF faoliyatini TwitterFacebook va Instagram da kuzatib boring.