Onam bilan telefonda gaplashish u tez orada qaytib kelishiga umid beradi

17 yoshli surxondaryolik qiz Solihaning hikoyasi

UNICEF Uzbekistan
Soliha deyarli har kuni onasi bilan telefon orqali gaplashadi.
UNICEF Uzbekistan
10 Mart 2020

(Shaxslarni himoya qilish uchun ismlar o'zgartirilgan)

Onam ish izlab Rossiyaga ketganida men atigi besh yoshda edim. Nima bo'lganini tushunish uchun juda ham kichkina edim, lekin o'sha kunning barcha tafsilotlarini yaxshi eslayman.

Dadam ko’p ichgani tufayli ota-onam tez-tez janjallashib turar edi. Shuning uchun onam ota-onasining uyiga ketib qolar va har safar bobom va momom uni qaytarib yuborishar edi.

Onam bizni tashlab ketganida, men qo'shnimizning uyida edim. U men va mendan bir yosh kichik ukam bilan xayrlashmagan ham. Uyga kelganimda, onam ketib bo’lgan edi. Tinmay yig’laganim esimda. Onamni qidirib, hamma qo'shnilarning eshiklarini taqillatib chiqdim, biroq u hech qayerda yo’q edi.

Ko'p o'tmay, momom bilan bobom meni o’z uyiga olib ketdi. Ukam esa dadam bilan qoldi. Momom uy vazifalarini bajarishda mehga yordam berar edi. U qattiqqo'l bo’lgani uchun mahalladagi do'stlarim bilan o'ynashimga ruxsat bermas edi. Undan farqli o'laroq, bobom juda yumshoq tabiat bo’lgan. U meni bozorga olib borar edi. Bir marta u meni xatto katta shahar, Toshkentga ham olib borgan!

Bir qancha vaqt o’tgach, dadam yana uylandi va ukam biznikiga ko’chib keldi. O'shandan beri otamizni ko'rmadik. Ehtimol, dadamning boshqa bolalari bo’lgani uchundir, u bizga yordam bermaydi.

7-sinfda o'qiyotganimda momom vafot etdi. O'tgan yili bobomdan ham ayrildik. Shunday qilib, biz deyarli yolg'iz qoldik. Faqat 30 yoshli tog’am, onamning ukasi bor. U ham Koreyaga ishga ketmoqchi.

Uydagi barcha ishlarga men mas’ulman. Uy tozalayman, ovqat pishiraman, kir yuvaman va ukamga g'amxo'rlik qilaman. Men uy ishlarini qilayotganimda qo’shiq aytishni yaxshi ko'raman.

Onam ketganidan beri deyarli 13 yil o'tdi. Endi men o'zim unga qo'ng'iroq qila olaman va u bilan har kuni gaplashaman. Internet yordamida men onamni ko’rishim ham mumkin. Ba’zan aloqa bo'lmaganida, xavotirga tushaman. Biron bir yomon narsa yuz bergan deb o’ylayman. Bunday kunlar menga asrdek uzoq tuyuladi.

Soliha yuvgan kirlarini Termizdan 120 kilometr uzoqda joylashgan uyida quritish uchun yoymoqda.
UNICEF Uzbekistan Soliha yuvgan kirlarini Termizdan 120 kilometr uzoqda joylashgan uyida quritish uchun yoymoqda.

Endi onam bizni nima uchun tashlab ketganini tushunyapman. Ehtimol, uning boshqa ilojisi bo'lmagan va bizni qo'llab-quvvatlash uchun ish izlab ketishga majbur bo’lgan. Onam maktabga borish, ovqatlanish va boshqa muhim narsalarga ega bo'lishimiz uchun bizga muntazam ravishda pul yuboradi.

Maktabni tugatgach, psixolog bo'lish uchun universitetga kirishmoqchiman. Men televizorda psixologlarni ko'rganman. Ular eng ko'p muhtoj bo'lganlarga maslahat berishadi. Odamlarga o'z hayotlarini yaxshi tomonga o'zgartirishlari uchun yordam berishni istayman. Men uchun eng muhimi boshqalarni tushunishdir.

Onam qachon qaytishini bilmayman. Agar bunga imkoniyati bo’lmasa, men o’zim uning oldiga boraman. Osmondagi yulduzlarga qaragan vaqtim onam hozir men haqimda o’ylayatganini tasavvur qilaman. Bir kun kelib, onam bilan uchrashishni orzu qilaman.


Solihaning hikoyasiga o’xshash ko'plab holatlar "Janubi-sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyoda migratsiya ta'siridan  bolalarni himoyalash" mintaqaviy loyihasi doirasidagi Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan "Migratsiyaning O'zbekiston bolalariga ta'siri" deb nomlangan tadqiqotning bir qismi edi.

Hisobotda aytilishicha, "bolalar ota-onalari migratsiyasining sabablarini odatda tushunadilar. Bolalar ota-onalarini sog'inishlarini aytishlari bilan bir qatorda, ular boshqa mamlakatga ketishdan bo’lak yo’lni topa olmaganlarini ta'kidlaydilar. Ularning fikriga ko'ra, ota-onalar o'z oilalarining foydasi uchun shunday qilishga majbur bo’lganlar”.

So'rovda qatnashgan bolalarning 98 foizi ota-onalari bilan tez-tez muloqotda bo’lishadi: 71 foiz bolalar ota-onasi bilan har kuni; 27 foizi har haftada, naxminan 2 foizi har haftadan kamroq vaqtda ota-onasi bilan gaplashib turadi. Xalqaro tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, ijtimoiy tarmoqlar singari  zamonaviy aloqa texnologiyalaridan foydalanish, shuningdek ijtimoiy qo'llab-quvvatlash ota-onalari tomonidan qoldirilgan bolalardagi salbiy oqibatlarni qisman kamaytiradi.

Shunga qaramay, boshqa tadqiqotlarning natijalariga ko’ra, ota-ona va ularning farzandlari bir-biridan uzoq vaqt ajralishlari paytida yosh bolalarda o'zaro bog'liqlik aloqalarini buzadigan salbiy his-tuyg'ular paydo bo'lishi mumkin. Sababi ota-onalarning jismonan o’z farzandiga yaqin bo’lishi, bolani parvarish qilishi va muloqot qilish o'zaro bog'liqlik munosabatlarini saqlashning asosiy omili hisoblanadi.

Bundan tashqari, ota-onasi yoshligida uzoqqa ketgan bolalar tashvish va depressiyadan aziyat chekadilar. So’rovda qatnashgan ba'zi vasiylarning ta'kidlashicha, ota-onalarning migratsiyasi bir yil yoki undan ko'p davom etganda, bolalarning xulq-atvorida o’zgarishlar va salbiy his-tuyg'ularga  paydo bo’ladi.  

Bolalar tortinchoq, asabiy va xatto tajovuzkor bo'lib qolishlari mumkin. Ular kamdan-kam aloqa muloqot qilishadi va o’zlarining ahvolini muhokama qilishni istashmaydi. Aslida, 45 foiz o'g'il bolalar va 34 foiz qizlar ruxan ezilganlarida hech kim bilan gaplashmaydilar.

Hisobotning tavsiyalaridan biri shundan iborat: "Migratsiya bolalarning ruxiy holatiga eng katta zarar keltirishi sababli, maktablarda, kollejlarda va mahalliy hamjamiyatlarda migratsiya ta’siriga uchragan bolalarga psixologik va ijtimoiy yourdamn xizmatlarini professional daragajada ta’minlash juda muhimdir. Bunday xizmatlar bolalarning yoshini e’tiborga olishi va ularning  ehtiyojlariga moslashtirilishi lozim".

“Maktablarda ishlaydigan psixologlarga muhojirlarning farzandlari bilan ishlash bo'yicha qo'shimcha ko’nikmalarga ega bo’lishlari kerak. Psixologik va ijtimoiy yordam bo’yicha ishonch telefoni vasiylar uchun ham, muhojirlarning oilalardagi bolalar uchun ham foydali bo'lishi mumkin,”- deyiladi hisobotda.