«Ular meni dunyoga keltirdilar, biroq menga onalik qila olmadilar...»
Zamiraning hikoyasi
(Shaxslarni himoya qilish uchun ismlar o'zgartirilgan)
Zamira Farg'ona viloyatining qishloqlaridan birida yashaydi. U hatto hojatxonasi bo'lmagan eski bir xonali xonadonda hayot kechiradi. Qiz ko'chadagi jamoat hojatxonalariga borishi kerak, qorong'ida esa u tashqariga chiqishga qo'rqadi. Uyidagi hammomda esa kran ham, suv ham yo’q. Zamira yuvinish uchun uy yonidagi daryodan suv olib, uni gaz plitasida qaynatar edi. Bu hikoya bolaligi va oilasi bo'lmagan, yolg’iz qolgan qizning hikoyasi.
«Onam Rossiyaga ishlashga ketganida men 2 yoshda edim. Otamni hech qachon ko'rmaganman. Men buvijon deb chaqiradigan enaga tarbiyasida o'sganman va 12 yoshga to'lganimda ular vafot etgan. Bu mening hayotimdagi eng yomon kunlarning boshlanishi bo'lgan...»
Evropa Ittifoqi va UNICEFning qo'shma loyihasi doirasida ijtimoiy xodimlar onani qizisiz boshqa migratsiyaga ketishdan qaytarish uchun ko'p harakat qilishdi. Ular Zamiraning ustidan vasiylikni ro'yxatdan o'tkazishda, qizga pasport olishda va yashash joyida ro’yxatdan o’tishda yordam berishdi. Shuningdek, nevropatolog nazoratida bepul davolanish uchun unga imkoniyat berdilar.
Loyiha 204 oilani qamrab olgan bo’lib, ota-onalaridan biri yoki ikkalasi qoldirgan 403 bolalarga (220 nafar o'g'il bola va 183 nafar qiz bola) yordam berdi. Ayni paytda 105 bolali 46 ta oilaga doimiy ravishda individual yordam ko'rsatilmoqda. Deinstitutsionallashtirish, tug'ilganlik to'g'risidagi guvohnomalarni olish, yo'qolgan hujjatlarni tiklash, pasport olish, vasiylik hamda homiylikni ro'yxatdan o'tkazish bo'yicha maslahatlar, tibbiy xizmatlardan foydalanish, ta'lim olish va moddiy yordam kabi huquqiy maslahatlar taqdim etish va hujjatlarni tayorlashda yordam berish shular jumlasiga kiradi.
Zamira - loyiha faoliyatidan foyda ko'rgan qizlardan biri. Unga ijtimoiy xodimlar tomonidan psixologik va ijtimoiy ko’mak berildi.
Zamira liboslar dizayneri bo'lishni orzu qiladi. U tikuvchilik, oshpazlik va sartaroshlik kurslariga qatnaydi. Zamira, shuningdek, qo'shnilari uyida farrosh bo'lib ishlaydi. Uning onasi nogironlik bo’yicha 350 ming so'm nafaqa oladi hamda mevalar sotish bilan kuniga 20 ming so'm pul ishlab topadi.
Mehnat migratsiyasi oilaviy rishtalarni buzadi, bunda ota-ona ham, bola ham zarar ko'radi. Bolalarda psixologik stress va tarbiyada o'zgarishlar kuzatiladi. Ular kattalar va tengdoshlari bilan muloqot qilishda qiyinchiliklarga duch kelishadi.
Zamiraning hikoyasi - ona va bola o’rtasidagi ajralish bola ruhiyatiga qanday ta'sir qilishi mumkinligiga bir misol. Bolalar bolaligidanoq ota-onalarining mehr-muhabbatiga va g'amxo'rliklariga muhtoj, chunki bu vaqtda ular shaxs sifatida shakllanadi, atrofdagi dunyoga munosabati yuzaga keladi.
Ushbu hikoya Evropa Ittifoqi va UNIСEF tomonidan moliyalashtirilib, "Janubi-Sharqiy, Janubiy va Markaziy Osiyoda migratsiya ta'sirida bo'lgan bolalarni himoya qilish" mintaqalararo loyihasi doirasida yozilgan.