Qizlar uchun fan va texnologiyalar sohasiga yo‘li ochiq.Ular ishonch bilan olg‘a intilishlari mumkin

UniSat dasturi Nodira Tillayevaning kasbiy faoliyatidagi ilk qadam bo‘ldi

UNICEF
UNICEF
UNICEF
01 Noyabr 2025

Do‘stlar, ikki yil avval sizni birinchi UniSat dasturining ishtirokchisi Nodira Tillayeva bilan tanishtirgan edik. O’tgan davr mobaynida uning hayotida qanday o‘zgarishlar yuz bergani, yutuqlari va kelajakdagi rejalari haqida bugun hikoya qilamiz.

***

Qizlar uchun fan va texnologiyalar sohasiga yo‘li ochiq. Ular ishonch bilan olg‘a intilishlari mumkin!

UniSat dasturi Nodira Tillayevaning kasbiy faoliyatidagi ilk qadam bo‘ldi. Aynan shu dastur bois u texnologiya, samo va ilmiy tadqiqotlarni o‘zida mujassam etgan yo‘lni tanladi.

"UniSat – texnologiya va ilm-fanning uyg‘unlashuvi - men uchun shunchaki loyihada ishtirok etish emas, balki hayot tarziga va butun faoliyatimning yo‘nalishiga aylandi," - deydi Nodira. "UniSat nafaqat mening kelajak yo‘limni belgilab berdi, balki sun’iy intellekt shiddat bilan rivojlanayotgan davrda ham aynan ekologiya, sensorlar va sun’iy yo‘ldoshlar kabi ’jonli’ sohalar o‘z dolzarbligini saqlab qolayotgani va yuqori talabga ega ekanligini ko‘rsatdi."

Nodira, shuningdek, UniSat loyihasi mentorlarining maslahatlari va qo‘llab-quvvatlashi uning kasbiy o‘sishida muhim ahamiyatga ega bo‘lganini va ilmiy faoliyatda dastlabki ishonchli qadamlarini qo‘yishiga ko‘maklashganini ta’kidlaydi.

Dasturda ishtirok etgach, Nodira O‘zbekistonning "Uzkosmos" agentligida faoliyat yuritdi, Huawei Datacom kompaniyasida ma’lumotlarni uzatish bo‘yicha amaliyot o‘tadi, Yaponiyada magistraturaga qabul qilindi, xalqaro konferentsiyalarda ilmiy maqolalarini e’lon qildi hamda BMTning Kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish qo‘mitasi (UNOOSA) tadbirlarida ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi.

Bugun u UniSat loyihasida ilk bor ishtiroe etayotgan qizlarga murabbiylik qilmoqda. Nodira o‘z tajribasi va bilimlarini ular bilan samimiyat ila baham ko‘rishga intiladi.

"Bir paytlar meni qo‘llab-quvvatlagan murabbiylarim bilan endi yonma-yon turishim menga cheksiz quvonch bag‘ishladi. Bu go‘yo o‘sishning ramzidek: ilgari ular menga yordam berib, qiyinchiliklarni yengishimga ko‘maklashgan bo‘lsa, endi men ham ishtirokchilarning yangi avlodiga shunday yordam bera olaman. Bundan tashqari, biz birgalikda har bir qiz imkoniyatlarini kengaytiruvchi yangi vositalarni yaratmoqdamiz. O‘zaro qo‘llab-quvvatlash va ilhom berishning bu ulkan zanjirida o‘z o‘rnimni topganim – mening hayot yo‘limdagi eng qadrli jihatlardan biridir," – deydi Nodira.

Nodira Nagoya universitetida (Nagoya University, Graduate School of Automotive Engineering) elektrotexnika magistri (Master of Electrical Engineering) yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olib, ilmiy faoliyatini davom ettirmoqda. Shu bilan birga u “Ubiquitous Computing” laboratoriyasida ilmiy xodim bo’lib ishlamoqda.

Nodira o‘zining asosiy maqsadini doktoranturada o’qish hamda geofazoviy sun’iy intellekt va ijtimoiy, iqtisodiy va demografik jarayonlar yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish deb biladi. Biroq bu faqat shaxsiy yo‘nalishi emasligini ham ta’kidlaydi.

"Murabbiy-mentor sifatida ishlash jarayonida qizlarning geografik axborot tizimlari (GIS texnologiyalari) sohasidagi tadqiqotlarga qanday ishtiyoq bilan yondashishlariga guvoh bo‘ldim. Ularning qiziqishi va bilimga chanqoqligi meni ochiq ma’lumotlar, geoaxborot tahlili, sun’iy intellekt va ularga bog‘liq sohalar bilan shug‘ullanadigan o‘z hamjamiyatimni tashkil etish haqida o‘ylashga undadi. Qizlarga o‘zlarini qo‘llab-quvvatlanayotganini his qiladigan, haqiqiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanadigan va birgalikda yangi ilmiy imkoniyatlarni kashf etadigan maydon yaratmoqchiman," deydi Nodira.

Ushbu hamjamiyat noyabr oyida global #30DayMapChallenge harakatiga qo‘shiladi.  Qizlar O‘zbekistonning ekologik xaritalarini tuzadilar. Bunday loyihalar atrof-muhit bilan bog’liq ma’lumotlardagi bo‘shliqni to‘ldirishga yordam beradi, mamlakatning raqamlashtirilishga hissa qo‘shadi va har bir g‘oya real natija bera olishini ko‘rsatadi.

Qizlar mentorlar bo‘lmagan paytda ko’pincha yordamga muhtoj bo‘ladilar. Shu sababli Nodira qizlarning savollariga kunning istalgan vaqtida javob beradigan, ularni 24/7 rejimida qo‘llab-quvvatlaydigan va mustaqil ishlashga rag‘batlantiradigan "UniSat" sun’iy intellekt agentini yaratish g‘oyasini ilgari surdi.

An’anaviy tarzda erkaklarga xos deb qaralgan sohalarni tanlayotgan qizlar uchun Nodiraning hikoyasi namuna va ilhom manbai bo‘lishi mumkin.

"Ilm-fan va texnologiyalarga yo‘l haqiqatan ham ochiq ekanligini ko‘rish qizlar uchun naqadar muhimligini bilaman. Ularning ko‘z o‘ngida ibrat va tayanch bo‘lsa, ular yanada dadilroq oldinga intiladilar. Men yangi avlod uchun ana shu tayanch va ilhom manbaining bir qismi bo’lishni istayman, toki har bir qiz ilm-fan va fazo haqidagi orzulari ro‘yobga chiqishiga ishonsin!"