Bolani emlashga qanday tayyorlash kerak

Siz va bolangizni emlashga tayyorlashga yordam beradigan 7 ta maslahat

UNICEF
UNICEF
UNICEF
21 Oktabr 2025

Emlash yosh bola uchun katta hodisa bo‘lib, kichkintoyingizda ko‘plab savollar tug‘ilishi mumkin. Ushbu jarayonni kamroq og‘riqli qilish uchun e’tiboringizga bir nechta maslahatlar havolat etamiz.

1. Eng so‘nggi ma’lumotlarni oling

Farzandlaringiz bilan emlash haqida suhbatlashishdan oldin, ularning savollariga javob bera olishingizga ishonch hosil qiling va o‘zingiz qisqacha ma’lumot to‘plang. UNICEFning Ota-onalar portali sizga so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lishga yordam beradigan ko‘plab manbalarni taqdim etadi.

2. Bola bilan suhbatlashing

Farzandingizdan bo‘lajak emlash haqida nima o‘ylashini so‘rang. Uning fikrlari va xavotirlarini tinglang hamda savollarga javob berishga tayyor turing. Shuni yodda tutingki, bolalar u yoki bu vaziyatga qanday munosabatda bo‘lish kerakligini kattalardan o‘rganadilar. Bolangiz uchun xavotirda bo‘lsangiz ham, emlash paytida u o‘zini noqulay his qilishini bilsangiz ham, qo‘rquvlaringizni bolaga ko‘rsatmaslikka harakat qiling.

3. Savollarga javob berishda bolaga tushunarli tildan foydalaning

Bolalar emlash jarayoni haqida ma’lumot olish huquqiga ega, ammo bu ularning yoshiga mos keladigan tushunarli shaklda tushuntirilishi kerak. Quyida qo‘lingizda bo‘lishi kerak bo‘lgan keng tarqalgan savollarga javoblar keltirilgan:

Vaksina nima?

Vaksina - bu sizni kasallikdan himoya qiladigan qalqon. Vaksinalar bizni xavfli kasalliklardan asraydi va ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qolishga yordam beradi.

Vaksinalar qanday ta’sir qiladi?

Vaksinalar organizmni kasalliklarga qarshi kurashishga o‘rgatadi. Buning uchun ular tanaga kasallikni keltirib chiqaradigan mikrobning kichik bir qismini (yoki shu mikrobga o‘xshash narsani) kiritadi, shunda organizm unga qarshi kurashish yo‘llarini o‘rganadi. Shunday qilib, agar siz qachondir kasallik bilan to‘qnashsangiz, tanangiz nima qilishni aniq biladi va siz kasal bo‘lmaysiz.

Vaksinalar xavfsizmi?

Ha, vaksinalar juda xavfsiz! Har yili millionlab bolalar (va kattalar!) o‘zlarini ko‘plab kasalliklardan himoya qiladigan vaksinalarni olishadi. Vaksina olganimizda isitmamiz ko‘tarilishi yoki og‘riq paydo bo‘lishi mumkin, ammo bu uzoq davom etmaydi va kasallikka chalinishdan ko‘ra ancha yengil kechadi. Bu belgilar, shuningdek, vaksina ta’sir qilayotganini va tanangiz kasallikka qarshi kurashish uchun zarur himoyani yaratayotganini ko‘rsatadi.

4. Bolaning his-tuyg‘ularini anglang

Yosh bola uchun emlash qo‘rqinchli tuyulishi mumkin! Ularning his-tuyg‘ulariga quloq solish va qo‘rquvlariga hamdard bo‘lish muhim. Agar kichkintoyingiz sizga qo‘rqayotganini aytsa, quyidagicha gapiring: "Sening his-tuyg‘ularingni tushunaman, lekin shuni bilginki: hammasi ko‘z ochib yumguncha tugaydi! Sen tezda chimchilashni his qilasan, keyin esa hammasi tugaydi. Shifokorga borishdan oldin uyda mashq qilamiz. Shunda sen nimani kutayotganingni aniq bilasan va biz bundan keyin nishonlash uchun yoqimli narsani rejalashtirishimiz mumkin bo‘ladi!"

5. Vaksinalar nima uchun muhimligini tushuntiring

Bolalaringizga emlash orqali nafaqat o‘zlarini, balki atrofdagi odamlarni, masalan, buvi va bobolarini ham xavf-xatardan saqlashga yordam berishlarini o‘rgating. Siz ularga shunday deyishingiz mumkin: "Vaksinalar sizni kasallikdan himoya qiladi, lekin ular boshqalarni ham kasallikdan asraydi, chunki siz kasallikni keltirib chiqaradigan mikroblarni tarqata olmaysiz. Sen shunday jasursanki, boshqalarning sog‘lig‘ini saqlash uchun o‘z hissangni qo‘shyapsan."

6. Tinchlantiruvchi muhit yarating

Emlash paytida bolani chalg‘itib, tinchlantiruvchi muhit yaratishingiz mumkin. Bolaning sevimli o‘yinchog‘ini olib keling yoki unga sevimli ertagini aytib bering. Ularni tinchlantiring, hammasi yaxshi bo‘lishini va ular juda jasur ekanligini ayting - hatto ular yig‘lasa yoki xafa bo‘lsa ham.

7. Ukollardan keyin bolani tinchlantiring

Qabuldan ketishdan oldin shifokor bilan vaksinaning mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlari va uyda nima qilish mumkinligi haqida gaplashing, masalan, ukol qilingan joyga sovuq mato qo‘yish. Keyingi bir necha kun davomida bolangizga alohida e’tibor bering, u hech qanday g‘ayrioddiy narsa qilmayotganiga yoki his qilmayotganiga ishonch hosil qiling. Agar shunday bo‘lsa, farzandingizning shifokoriga qo‘ng‘iroq qilib, u bilan maslahatlashing.