Nukusda ochilgan yangi jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlar operatsion markazi O‘zbekistonning mamlakat miqyosida tayyorgarlikni kuchaytirish borasidagi sa’y-harakatlariga xizmat qiladi
AQSH hukumati moliyaviy ko‘magida tashkil etilgan markaz hududiy muvofiqlashtirishni mustahkamlaydi hamda yagona milliy javob choralarini ko‘rish tizimini shakllantirishga zamin yaratadi
NUKUS, O‘zbekiston, 2026-yil 4-noyabr — Bugun Nukus shahrida Jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlar operatsion markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududi va undan tashqarida yuqumli kasalliklar avj olishi hamda jamoat salomatligi sohasidagi boshqa favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularga javob qaytarish salohiyatini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Yangi markaz sog‘liqni saqlash organlariga yuzaga kelayotgan tahdidlar haqidagi dastlabki ma’lumotlarni muvofiqlashtirilgan amaliy harakatlarga aylantirishda ko‘maklashadi. Uning operatsion vazifalariga hodisalarni boshqarish, favqulodda vaziyatlarda javob choralarini faollashtirish tartib-taomillari, vaziyatni monitoring qilish hamda jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik va javob choralariga mas’ul tashkilotlar o‘rtasida axborot almashish kiradi.
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan AQSH hukumati moliyaviy ko‘magida hamda UNICEFning texnik ko‘magida Global sog‘liqni saqlash xavfsizligi dasturi doirasida tashkil etildi.
AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi missiyasi rahbarining o‘rinbosari Xezer Byorns sog‘liqni saqlash xavfsizligini mustahkamlashda xalqaro hamkorlik muhimligini ta’kidladi:
«Favqulodda vaziyatlarga puxta tayyorgarlik nafaqat O‘zbekiston, balki Qo‘shma Shtatlar uchun ham muhimdir. Epidemiyalar davlat chegaralarini tan olmaydi. Shu bois global sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik barchamizni himoya qiladi».
2026-yil aprel oyida Termiz shahrida ham Jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlar operatsion markazi ochilgan edi. Ushbu ikki hududiy markaz mamlakat bo‘ylab jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlarni boshqarish uchun o‘zaro bog‘langan tizimni shakllantirish yo‘lida erishilayotgan taraqqiyotni ko‘rsatadi. Ochilish marosimida UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Mariya Kastijio O‘zbekistonning 14 ta ma’muriy hududida bunday markazlarning yagona milliy tarmog‘ini yaratish bo‘yicha uzoq muddatli istiqbolni bayon etdi. Bunday tizimning uzoq muddatli samaradorligi faqat bino va jihozlarga bog‘liq emas. Samarali tayyorgarlik uchun mahalliy hamjamiyatlarni jalb etish, ishonchli axborot, xavf-xatarlar haqida xabardor qilish va yolg‘on axborotga qarshi kurashish imkoniyatlari ham muhim. Bu choralar oilalarga xavf-xatarlarni tushunish, himoya choralarini ko‘rish va inqiroz paytida jamoat salomatligi tizimining javob choralariga bo‘lgan ishonchni saqlab qolishda yordam beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Botirjon Qurbonov institutsional tayyorgarlik va muvofiqlashtirishni kuchaytirish bo‘yicha hukumat ustuvor yo‘nalishlarini qayd etdi:
«Nukus shahrida Jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlar operatsion markazining tashkil etilishi O‘zbekistonning jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik va ularga javob qaytarish tizimini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Bizning ustuvor vazifamiz — milliy va hududiy muassasalarni nafaqat zarur infratuzilma, balki jamoat salomatligiga tahdidlarni erta aniqlash, samarali muvofiqlashtirish va aholi salomatligini muhofaza qilish uchun o‘z vaqtida choralar ko‘rish salohiyati bilan ham ta’minlashdir».
Ochilish marosimida O‘zbekiston hukumati, AQSH elchixonasi va UNICEF vakillari markazning muvofiqlashtirish mexanizmlari, faollashtirish tartib-taomillari hamda vaziyatni kuzatish axborot paneli bilan tanishdilar. Muhokamalarda tizimning barqaror ishlashi uchun zarur amaliy shart-sharoitlar, jumladan, malakali va yetarli darajada tayyorlangan mutaxassislar, operatsion tartib-taomillar, tayyorgarlikni muntazam tekshirish tadbirlari hamda hududiy va milliy organlar o‘rtasidagi samarali aloqalar muhimligi ta’kidlandi.
UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Mariya Kastijio infratuzilmani yaratish bilan cheklanmay, amaliy tayyorgarlik va muvofiqlashtirilgan harakatlarni ta’minlash zarurligini ta’kidladi:
«Nukusdagi markaz shunchaki bino emas. U inson hayoti xavf ostida bo‘lgan paytda tayyorlik, muvofiqlashtirish va axborotni o‘z vaqtida amaliy harakatlarga aylantirish qobiliyatini ifodalaydi».
Ishtirokchilar, shuningdek, 2026-yil avgust oyida Turkiyaga ilg‘or tajribani o‘rganish maqsadida amalga oshirilgan tashrifdan olingan saboqlarni va jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlar operatsion markazlari tarmog‘ini mustahkamlash bo‘yicha keyingi ehtimoliy choralarni muhokama qildilar. Maqsad — olingan bilim va kiritilgan investitsiyalarni ochilish marosimidan keyin ham uzoq vaqt samarali faoliyat yuritadigan kundalik operatsion salohiyatga aylantirish.
Bolalar va oilalar uchun jamoat salomatligi sohasidagi favqulodda vaziyatlarga samarali tayyorgarlik tezkorroq javob choralarini ko‘rish va favqulodda vaziyatlarda asosiy tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishidagi uzilishlarni kamaytirishni anglatadi. O‘zbekiston hukumati, Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati va UNICEF milliy institutlarni hamda mahalliy hamjamiyatlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga sodiqdir. Bu tayyorgarlikning uzoq muddatli barqarorlikka xizmat qilishini ta’minlaydi.
Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun OAV vakillari quyidagi shaxslarga murojaat qilishlari mumkin:
UNICEF: Nargiza Egamberdiyeva, +998 93 380 3419, [email protected]
O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi: Maftuna Saidova, +998 90 317 12 51, [email protected]
OAV uchun mas'ul xodimlar
UNICEF to'g'risida
UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.
UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.
UNICEF faoliyatini Twitter, Facebook va Instagram da kuzatib boring.