Ikki yillik shafqatsiz urush Gʻazodagi bolalarga qiron keltirdi
UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel bayonoti
NYU YORK, 2025-yil 8-oktabr – “700 kundan ortiq vaqt davomida Gʻazodagi bolalar butun insoniyatni haqorat qilayotgan vayronkor urushda halok boʻlmoqda, jarohatlanmoqda va uylarini tark etishga majbur boʻlmoqda. Gʻazo shahri va sektorning boshqa qismlariga Isroilning hujumlari davom etmoqda. Dunyo hamjamiyati bu narsaga koʻz yummasligi va yoʻl qoʻymasligi kerak”.
“Soʻnggi ikki yil ichida Gʻazo sektorida 64 ming bola, jumladan, kamida 1000 chaqaloq oʻldirilgani yoki mayib qilingani xabar qilinmoqda. Oldini olish mumkin boʻlgan kasalliklar tufayli vafot etgan yoki vayronalar ostida yana qancha bola qolib ketgani bizga noayon”.
“Gʻazo shahrida ocharchilik davom etishi barobarida u janub tomonga ham tarqalmoqda, u yerda bolalar allaqachon ogʻir sharoitlarda yashashga majbur qolishgan. Toʻyib ovqatlanmaslikdek kulfat, ayniqsa chaqaloqlar orasida, hanuzgacha dahshatli darajada sodir boʻlmoqda. Oylar davomida yetarlicha ovqatlanmaslik bolalarning oʻsishi va rivojlanishiga uzoq muddatli zarar yetkazdi”.
“Oʻt ochishni toʻxtatish zarurati har qachongidan ham zarur va shart, bunga boshqa chidashning imkoni yoʻq. Shanba kuni ertalabdan beri kamida 14 nafar bola halok boʻlgani maʼlum qilinmoqda, chunki Isroilning shiddatli bomba tashlashlari va oʻqqa tutishi Gʻazo shahri va boshqa hududlarga tobora kengaymoqda”.
“UNICEF urushni toʻxtatish, Gʻazo va mintaqada tinchlik yoʻlini topish boʻyicha barcha saʼy-harakatlarni olqishlaydi. Har qanday reja oʻt ochishni toʻxtatish, garovga olinganlarni ozod qilish va Gʻazoning barcha aholisi, ayniqsa, bolalar uchun juda zarur boʻlgan miqdordagi insonparvarlik yordamining barcha mavjud oʻtish joylari va yoʻnalishlar orqali xavfsiz, tez va toʻsiqsiz oʻtishini, albatta, hisobga olishi shart”.
“Xalqaro gumanitar huquqda aniq belgilab qoʻyilganidek, biz Isroilni barcha fuqarolarning hayotini toʻliq himoya qilishga chaqiramiz. Tinch aholiga insonparvarlik yordamini rad etish qatʼiyan taqiqlanadi. Harbiy xizmatchilar bilan tinch aholini farqlash, mutanosiblik va ehtiyotkorlik tamoyillari barcha harbiy harakatlarning asosi boʻlishi, jang maydonlaridan chiqib keta olmaydigan, xohlamaydigan yoki chiqmaslikka qaror qilgan fuqarolar fuqaroligicha qolishi va ular har doim himoyalanishi shart”.
“Har bir halok boʻlgan bola – bu oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan yoʻqotish. Gʻazodagi barcha bolalar uchun bu urush hoziroq tugashi shart!”.
###
OAV uchun mas'ul xodimlar
UNICEF to'g'risida
UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har yerda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.
UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.
UNICEF faoliyatini Twitter, Facebook va Instagram da kuzatib boring.