Texnologiyalar bilan sog'liqni saqlash xizmatidan foydalanishdagi to’siqlar bartaraf etilmoqda
Zamonaviya axborot uskunalari va yangi texnologiyalar sog'liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishdagi to’siqlarni bartaraf etishga yordam bermoqda
Qoraqalpog‘istonning olis Kegeyli tumanida zamonaviy tibbiy yordam xizmatlaridan foydalanish uzoq vaqt davomida jiddiy muammo bo‘lib kelgan edi. Bu hududda 72 mingdan ortiq aholi, jumladan, 20 mingdan ortiq 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar istiqomat qiladi.
Hududga to‘rtta oilaviy poliklinika va oltita oilaviy tibbiyot punkti aholiga xizmat ko‘rsatadi, biroq ixtisoslashtirilgan yordam olish uchun ko‘plab bemorlar 30 kilometrdan ortiq masofadagi Nukusdan mutaxassislar kelishini kutishga majbur bo‘lar edi. Maslahat olish uchun bir necha soat kutishga to’g’ri kelar, bu esa bemorlarning, ayniqsa shoshilinch yordamga muhtojlarning hayotini xavf ostiga qo'yar edi.
Biroq bu chekka hududda ham o'zgarishlar yuz bermoqda.
“2009 yilda umumiy amaliyot shifokori sifatida ish boshlaganimda bizda 50 nafar shifokor bor edi”, – deb hikoya qiladi Kegeyli tumani tibbiyot majmuasi bosh shifokori o‘rinbosari Aralbay Seyitjanov. “O’shanda ham biz faqat Nukusda mavjud bo'lgan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamdan ajralib qolgan edik. Bu esa og'ir bemorlar, ayniqsa bolalar uchun qiyin vaziyatni anglatardi”.
2023 yil oktabr oyida UNICEF Kegeylidagi oltita birlamchi tibbiyot muassasalarini teletibbiyot uskunalari bilan taʼminladi, bu esa qishloq joylardan kelgan bemorlar va viloyat markazlaridagi mutaxassislar oʻrtasidagi uzilishni bartaraf etdi. Har bir teletibbiyot to’plami televisor, kompyuter, videokamera, Wi-Fi router va uzluksiz elektr ta'minoti manbasidan iborat bo’lib, mahalliy tibbiyot xodimlari va Nukusdagi mutaxassislar o'rtasida real vaqt rejimida maslahatlashuvlarni tashkil etish imkonini beradi. Masalan, Kegeylidagi bemor real vaqt rejimida Nukusdagi mutaxassisdan maslahat olishi, barcha savollarini muhokama qilishi va ularga javob olishi mumkin.
Ushbu innovatsiya tibbiy xizmat ko‘rsatishga bo’lan yondashuvni tubdan o‘zgartirdi.
“Teletibbiyot nafaqat yangi texnologiyalarni joriy etish, balki hududdan qat’i nazar, hamma uchun sifatli tibbiy xizmatdan teng foydalanishni ta’minlashdan iborat”, – deydi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi sog‘liqni saqlash bo’limi rahbari Mariya Vivas.
Bu yechim qishloq aholisi va viloyat markazlaridagi ilg‘or tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi tafovutni texnologiya orqali bartaraf etadigan innovatsion yondashuv bo’ldi.
Doktor Seyitjanov bu hududda tibbiy xizmatlar ko'rsatishni qanday o'zgartirganini ta'kidlaydi.
“Endi telemeditsina tufayli biz bu yerga mutaxassis kelishini soatlab kutishimiz shart emas. Sanoqli daqiqalarda biz Nukusdagi yetakchi mutaxassislar bilan maslahatlasha olamiz. Tez orada bu tarmoqni Toshkentdagi yetakchi klinikalargacha kengaytiramiz. Bu qishloqdagi bemorlar uchun shahar markazlaridagi bemorlarga ko’rsatiladigan darajadagi tibbiy yordamni ta’minlaydi”.
Telemeditsina shoshilinch tibbiy yordam sifatini oshirish bilan birga, mahalliy tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishga ham yordam beradi. Doimiy o‘quv mashg‘ulotlari va teletibbiyot vositasidagi konsultatsiyalar ularning malakasini sezilarli darajada oshirdi, bu esa ularga joylarda yanada sifatli yordam ko‘rsatish imkonini berdi.
Ushbu oʻzgarishlar BMTning Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik trast jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilgan Qoraqalpogʻistondagi aholi ehtiyojlariga qaratilgan iqlim sharoitiga chidamli birlamchi sogʻliqni saqlash muassasalari hamda maktablarda suv, sanitariya va gigiyena amaliyoti tizimini yaratish bo’yicha qoʻshma dasturining bir qismidir. Ushbu dasturni amalga oshirish Oʻzbekiston, Yevropa Ittifoqi, Finlyandiya, Norvegiya, Koreya Respublikasi, Germaniya va Al-Valid xayriya tashkilotlarining saʼy-harakatlari va moliyaviy hissalari tufayli amalga oshirildi.
Kegeyli shahridagi viloyat tibbiyot majmuasi neonatologi Guldarya Dauenova IT-texnologiyalar hayotni saqlab qolishini ta’kidlaydi. “2023 yilda 1058 ta bola dunyoga keldi, ularning ba’zilari uchun shoshilinch neonatal pediatriya konsultatsiyasi zarur bo’ldi. Bunday damlarda har bir soniya oltindek qimmat. Teletibbiyot mutaxassis kelishini kutish zaruratini bartaraf etdi hamda bir nechta yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning hayotini saqlab qolish imkonini berdi”.
“Qishloq va shahardagi sog‘liqni saqlash xizmatlari o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etar ekan, ushbu tashabbus ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati endi geografik joylashuvga bog’liq emasligini, unga barcha ega bo’lishini ta’minlashga yordam beradi”, – deydi Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Akmal Asqarov.