O'zbekiston bolalarga nisbatan zo'ravonlikka chek qo'yish majburiyatini kuchaytirmoqda

Bogotadan Manilagacha

UNICEF
UNICEF
UNICEF
10 Noyabr 2026

2026 yil 18-19-noyabr kunlari Filippin hukumati UNICEF va Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda Manila shahrida bolalarga nisbatan zo'ravonlikka chek qo'yish bo'yicha Ikkinchi Global vazirlar konferensiyasiga mezbonlik qiladi. 2024 yilda Bogota shahrida bo'lib o'tgan birinchi vazirlar konferensiyasida qabul qilingan majburiyatlarga asoslanib, ishtirokchilar dalillarga asoslangan profilaktika choralarini kengaytirish, bolalarni himoya qilish tizimlarini mustahkamlash va 2030 yilga kelib bolalar uchun aniq, o'lchanadigan natijalarga erishishga e'tibor qaratadilar.

O'zbekiston muhim qonunchilik va institutsional islohotlarni amalga oshirish orqali bolalarni barcha turdagi zo'ravonlikdan himoya qilishga sodiqligini namoyish etdi. 2025 yil may oyida O'zbekiston bolalarga nisbatan zo'ravonlikka chek qo'yish bo'yicha Bogota chaqirig'iga milliy majburiyatlarini e'lon qildi va 2025 yil sentabr oyida rasman global «Pathfinding» alyansiga qo'shildi va uning 46-a'zo davlatiga aylandi. 2026-2030 yillarga mo'ljallangan bolalarni barcha turdagi zo'ravonlikdan himoya qilish bo'yicha Milliy strategiya ushbu majburiyatlarni bolalar uchun aniq harakatlar va barqaror natijalarga aylantirish uchun asos bo'lib xizmat qiladi.

Ushbu majburiyat 2026 yil 22-oktabrda qabul qilingan Bolalar farovonligiga sarmoya kiritish bo'yicha Samarqand deklaratsiyasi bilan yanada mustahkamlandi. Deklaratsiyada bolalarni himoya qilishning keng qamrovli va yetarli darajada resurslar bilan ta'minlangan tizimlarini yaratish, oilalarni qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish hamda profilaktika, erta aralashuv va choralar ko'rishning uzluksizligini ta'minlashga chaqiriladi.

Hujjat shuningdek, uni amalga oshirishni Manilada bo'lib o'tadigan va O'zbekiston delegatsiyasi ishtirok etadigan Bolalarga nisbatan zo'ravonlikka chek qo'yish bo'yicha Global vazirlar konferensiyasi bilan bog'laydi. Ushbu konferensiya Samarqandda qabul qilingan majburiyatlarni bolalarga nisbatan zo'ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan aniq, o'lchanadigan harakatlarga aylantirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.

Konferensiyada uchta ustuvor yo'nalish muhokama qilinadi:

• Ota-onalar va vasiylarni qo'llab-quvvatlash;

• Xavfsiz va qo'llab-quvvatlovchi maktab muhitini yaratish;

• Bolalarni himoya qilish bo'yicha samarali choralar tizimlari.

Texnologiyalar yordamidagi zo'ravonlik, gumanitar sharoitlardagi zo'ravonlik va iqlim o'zgarishi, bolalarga nisbatan zo'ravonlik va ayollarga nisbatan zo'ravonlik o'rtasidagi bog’liqlik kabi yangi paydo bo'layotgan muammolar ham muhokama qilinadi. Asosiy e'tibor erishilgan yutuqlarni ko'rib chiqish, majburiyatlarni kuchaytirish va oldini olish ishlari uchun barqaror mablag'larni safarbar qilishga qaratiladi.

Manila konferensiyasi arafasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi UNICEF bilan hamkorlikda 10-noyabr kuni Toshkentda milliy tayyorgarlik bo'yicha maslahatlashuvlar o'tkazmoqda. Unda davlat idoralari, fuqarolik jamiyati va BMT vakillari ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar erishilgan yutuqlarni tahlil qiladilar, qolgan muammolarni aniqlaydilar va bolalarga nisbatan zo'ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish bo'yicha sa'y-harakatlarni kuchaytirishning ustuvor yo'nalishlarini belgilaydilar. Shuningdek, ishtirokchilar aniq majburiyatlarni shakllantiradilar, mas'uliyatlarni taqsimlaydilar va resurslarga bo'lgan ehtiyojni aniqlaydilar — bu O'zbekistonning Manila konferensiyasiga qo'shadigan hissasi uchun asos bo'lib xizmat qiladi va 2030 yilgacha ushbu sohadagi sa'y-harakatlarning davom etishini ta'minlashga yordam beradi.