Har bir bola uchun o‘yin va muloqot olamini yaratish yo‘lida
O‘yinlar nima uchun muhim va har bir bolaga ulardan foydalanish imkoniyatini qanday berish mumkin
Koptok o‘yini, quvlashmachoq yoki raqsni ko‘rgan har qanday inson buni o‘yin ekanligini tushunadi. Dunyoning barcha burchaklaridagi odamlar iqtisodiy ahvoli yoki madaniy kelib chiqishidan qat’iy nazar, turli o‘yinlarni o‘ynaydilar. Biroq, o‘yin har bir bolaning ajralmas biologik ehtiyoji ekanligini hamma ham tushunib yetmaydi.
O‘yinlar yordamida kichkintoylar dunyoni anglay boshlaydilar, hikoya qilishni, bilim va ijtimoiy ko‘nikmalarni egallashni o‘rganadilar. O‘yin bolalar uchun eng muhim mashg‘ulotdir. Bu ota-onalar va farzandlar o‘rtasida aloqa o‘rnatish va mehr ko‘rsatishning samarali usulidir.
O‘yin nima uchun juda muhim?
Bolalar o‘yinlar orqali eng yaxshi o‘rganadilar. O‘yin aqliy, ijtimoiy, hissiy va jismoniy rivojlanishning barcha sohalarida ta’lim olish uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi. O‘yin jarayonida bolalar boshqalar bilan munosabat o‘rnatishni, turli yetakchilik fazilatlarini rivojlantirishni, hayotiy bardoshlilikni oshirishni, o‘zaro munosabatlar va ijtimoiy muammolarni tushunishni, shuningdek, o‘z qo‘rquvlarini yengishni o‘rganadilar. O‘ynayotib, bolalar o‘zlarini xavfsiz his qilishadi. Bolalar atrofdagi dunyoni tushunish uchun o‘ynaydilar. Umuman olganda, o‘yin bolalarga tasavvur va ijodkorlikni - biz yashayotgan texnologiya va innovatsiyalarga asoslangan dunyoda eng muhim asosiy ko‘nikmalarni ifodalash va rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi.
O‘yindagi o‘zaro munosabatlar ota-onalar, parvarish qiluvchi shaxslar va bolalarning farovonligi hamda ruhiy salomatligini saqlashga hissa qo‘shadi. Gumanitar inqirozlar bolaning odatiy dunyosini vayron qilganda, aynan o‘yinda bolalar boshpana topib, og‘ir taassurotlardan dam olishlari, shuningdek, dunyo bilan muloqot tajribasini o‘rganishlari va qayta ishlashlari mumkin. Bolalar urush, mojarolar va majburiy ko‘chish tufayli o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lganlarida, ota-onalar, parvarish qiluvchilar hamda tengdoshlar bilan yaxshi munosabatlar zo‘ravonlik, stress va boshqa salbiy tajribalar oqibatlaridan eng muhim himoyaga aylanadi. O‘yin bolalarni ovutadi va tinchlantiradi.
Hukumatlar va boshqa manfaatdor tomonlar ota-onalar, parvarish qiluvchilar va bolalar o‘rtasidagi o‘yin munosabatlarini rag‘batlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishlari lozim.
Muammolar va yechimlar
Bolalarning muvaffaqiyatli rivojlanishi uchun ota-onalar farzandlari bilan muloqot qilishi va o‘ynashi mumkin bo‘lgan xavfsiz va sog‘lom muhitni yaratish muhimdir. Biroq, ota-onalar va g‘amxo‘rlik qiluvchilar turli stress omillari, jumladan moliyaviy, shaxsiy va kasbiy muammolar tufayli farzandlari bilan o‘ynash uchun yetarli imkoniyat va kuchga ega bo‘lmasliklari mumkin. Bundan tashqari, o‘yinlarning ahamiyati haqida xabardorlikning yetarli emasligi ota-onalar, parvarish qiluvchilar va siyosatchilar orasida milliy siyosatni o‘zgartirish va ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini joriy etishga bo‘lgan talabning oshishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.
Hukumatlar va boshqa manfaatdor tomonlar ota-onalar/parvarish qiluvchilar va bolalar o‘rtasidagi o‘yin munosabatlarini rag‘batlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishlari kerak. Bu vazifa o‘yinga asoslangan ta’limni qo‘llab-quvvatlaydigan va bolalarning o‘ynash huquqini tasdiqlaydigan siyosatni ishlab chiqishni, shuningdek, ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlariga sarmoya kiritishni, parvarish qiluvchilarning sog‘lig‘i va farovonligini himoya qilishni hamda ota-onalar/parvarish qiluvchilarda bolalar bilan o‘ynash uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirishni o‘z ichiga oladi. Ushbu siyosat doirasida ota-onalar/parvarishlash bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga zarur yordam ko‘rsatilishi kerak, jumladan quyidagilar orqali: bolani parvarishlash uchun haq to‘lanadigan ta’til berish; sifatli, arzon, hamyonbop bola parvarishini ta’minlash; universal asosiy daromad kabi ijtimoiy nafaqalarni taqdim etish orqali xarid qobiliyatini oshirish; ruhiy yordam ko‘rsatish; qo‘llab-quvvatlovchi hamjamiyatlar va tarmoqlarni yaratish.
O‘yinlarga bo‘lgan talabni oshirish va jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlashni shakllantirish uchun ota-onalarga o‘yinlarning ulkan afzalliklarini tushunishga yordam beradigan, uy sharoitida muhim o‘yin tajribasini yaratishda ota-onalarning rolini belgilaydigan va ularga farzandlari bilan o‘yinlarda ishtirok etish imkoniyatini beradigan strategiyalarni ishlab chiqish lozim.
Bolalar bilan o‘yin orqali munosabatda bo‘lish doirasida parvarish qiluvchi shaxslar hech qanday buyum yoki vositalardan foydalanishni talab qilmaydigan o‘yinlarni o‘ynashlari mumkin, masalan, "ku-ku," "bekinmachoq" yoki shunchaki bolaning yuz ifodasi va ovoziga javob berish. Ammo buyumlardan foydalanishni talab qiladigan o‘yinlarda qimmatbaho materiallardan yasalgan narsalardan foydalanish shart emas. Bolalarning ta’lim muhitini ularning jamoalaridagi an’anaviy ta’lim va o‘yin sharoitlarini aks ettiruvchi mahalliy ishlab chiqarilgan o‘yinchoqlar va materiallar bilan boyitish mumkin. Uy sharoitida bu bolalar uchun xavfsiz bo‘lgan oddiy uy-ro‘zg‘or buyumlari bo‘lishi mumkin.
Harakatga chorlash
Hozir biz ota-onalar va ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi shaxslarga bolalarni parvarish qilish va ular bilan o‘ynash uchun zarur bo‘lgan yordamni har qachongidan ham ko‘proq ko‘rsatishimiz kerak. Birgalikda biz butun dunyo bolalari uchun o‘yin va muloqot olamini yarata olamiz.
Axborot-tushuntirish ishlarini kengaytirish bo‘yicha yangi hamkorlik doirasida UNICEF va "LEGO" jamg‘armasi o‘yin jarayonida tarbiya oladigan bolalar sonini ko‘paytirish maqsadida butun dunyo mamlakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu maqsadda farovonlikni oshirishga hissa qo‘shadigan maqsadli axborot-targ‘ibot siyosiy va ijtimoiy tadbirlarni o‘tkazmoqda. Ushbu hamkorlik hukumat va boshqa manfaatdor tomonlar bilan bolalarning salbiy tajribasini, masalan, shafqatsizlik va e’tiborsizlik bilan bog‘liq holatlarni kamaytirishga yordam beradigan bolalarni tarbiyalash dasturlari ko‘lamini kengaytirish, shuningdek, jamoatchilikning bunday dasturlar va ularga bo‘lgan ehtiyoj haqidagi xabardorligini oshirish maqsadida targ‘ibot ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi.