Qochoq qiz

Har bir bola oila muhitida voyaga etishi zarur

Юнисеф
UNICEF

Shaharning qadimgi qismida joylashgan kafedan taralayotgan kuyni tonggi shabada atrofga taratib, yo’lovchilar e’tiborini jalb etadi. Quyosh nurlari yerni isitsa-da, soyada hali sovuq bilinadi. Sayyohlar guruhi ortidan past bo’yli qiz chiqib, shahar markazidagi hovuz tomon yuradi.

18 yoshli Iroda engi uzun futbolkaning ustidan yupqa nimcha kiyib olgan. Sochlari orqaga qattiq tortib yig’ilgan. Uning bir oz shishgan yuzidan kechasi uxlamagani ko’rinib turadi. Juda past ovozda gapirishi sababli uning so’zlarini deyarli anglab bo’lmaydi.  

Irodani uchrashishga ko’ndirish oson bo’lmadi. U kelishilgan uchrashuvlarga chiqmaganidan keyin, ikki kun davomida behisob telefon qo’ng’iroqlari zarur bo’ldi. “Avvalroq kelmaganim uchun kechiring”,- deya Iroda uzr so’raydi. “Men notanish odamlar bilan uchrashishdan qo’rqib qolganman”. Uning aytishicha, yaqinda bir necha ayol aldov yo’li bilan Irodani uchrashuvga chaqirgan, keyin esa uni kaltaklashgan. “Ular pullarimni ham olib qoy’ishdi”.

So’nggi bir necha oy davomida qiz qochqinda yashab yuribdi. Amakisi qizning qochib ketgani to’g’risida xabar berganidan keyin ichki ishlar organlari xodimlari Irodani qidirib topishdi. Lekin u uyiga qaytishdan bosh tortdi. Amakisi yana uni topmasligi uchun tez-tez ish joyini va telefon raqamini o’zgartirib turdi.

Iroda oilasida yagona farzand edi. Onasi uni dunyoga keltirib tashlab ketganidan keyin, u otasi tomonidan buvisining qo’lida katta bo’ldi. Buvisi unga onasi tug’ruq paytida vafot etgan deb aytgan. Iroda 12 yoshga to’lganida otasi ko’proq pul topish maqsadida Rossiyaga jo’nab ketdi. O’shandan beri u otasini ko’rmadi.

Otasi ketgach, vasiylikni o’z zimmasiga olgan amakisi Iroda uchun ko’plab narsalarni cheklab qo’ydi. “Menga hech narsa qilishga ruxsat yo’q edi”,-deb qiz o’sha vaqtni ta’riflaydi. U tez-tez uydan ketib, ko’chalarda kezib, o’ziga yangi do’stlar orttirdi. Ular bilan vaqt o’zkazish uchun maktabdagi darslarni qoldira boshladi.

Keyin juda ham mudhish voqea sodir bo’ldi. Iroda faqat meva sharbati ichganini eslaydi. Keyin esa qornida kuchli og’riq bilan qon ko’lmagida o’ziga keldi. Ma’lum bo’lishicha, sharbatga giyohvand modda qo’shilgan va qiz zo’rlangan. O’shanda Iroda atigi 13 yoshda edi. 

Olti yil avval boshidan kechirganlarini tasvirlar ekan, Iroda yana og’riqni sezgandek qornini ushlaydi. “Bu hayotimdagi eng yomon kun edi. O’sha kuni men eng aziz narsadan –o’z qadr-qimmatimdan ayrildim”. Parchalangan orzu-umidlari bilan birga u o’z ustidan nazoratni ham yo’qotdi. Natijada tarbiyasi og’ir bolalar uchun maxsus ta'lim muassasasiga jo'natildi.

Chet elda ishlayotgan o'zbekistonliklarning soni ortib borayotgani sari, bir yoki ikkala ota-onasiz uyda qolgan bolalarning soni ham ortdi. “Xalqaro tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, migratsiya oila tuzilmasiga va qoldirilgan bolalarga chuqur ta’sir qiladi”,- deydi UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. “Ota-onalarning migratsiyasi tufayli bolalar oilaning buzilishi oqibatlaridan aziyat chekishi, etarlicha g'amxo'rlik ko'rmasligi va maxsus muassasaga jo'natilish xavfiga duch kelishi mumkin”.

Maxsus maktabda o’tgan uch yil mobaynida Irodaga otasi uch marta qo’ng’roq qildi. U Rossiyaning qaysi shahrida ekanligidan qizning xabari yo’q. Bu to’g’risida u otasidan  so’ramagan ham. Otasi ham buni qiziga aytmagan. Faqatgina qaytish niyati yo’qligini ma’lum qilgan.

Ikkinchi marotaba maxsus muassasaga Iroda oziq-ovqat do’konidan mahsulot o’gi’rlagani uchun jo’natildi. U yerdan chiqqanidan beri har hafta uchastka noziri bilan uchrashib, hisobot berib turadi. Huquqni muxofaza qilish xodimlari bilan qayta-qayta uchrashgani sababli Iroda ulardan juda qo’rqib qolgan. Suhbat davomida ham atrofda ichki ishlar xodimlari yo’qligiga ishonch hosil qilish uchun u yon-atrofga tez-tez qarab qo’yadi.    

“Men o’tmishga qaytishni istamayman”,- deydi u ko’chada o’tkazgan hayotini nazarda tutib. Hozir Iroda bozor yonidagi choyxonada ofitsiant bo’lib ishlaydi.  Musht qilib tugilgan barmoqlarini yoyar ekan, pushti rang bo’yoq qoldiqlari qolgan tirnoqlari ko’zga tashlanadi. Kuniga 13 soat ishlab topgan 35 ming so’m puli ijara haqi bilan eb-ichishdan ortmaydi.

Iroda maktabni tugata olmadi. Maxsus muassasadan qaytganida u 18 yoshga to’lgan edi. Qolgan ikki yilni o’qish istagi bo’lsa-da, bunga ko’zi etmaydi “Hech qaysi ota-ona men ularning farzandlari yonida bo’lishimga yo’l qoy’maydi”,-deydi u.

Irodaning do’stlari yo’q. O’ng bilagidagi “J” harfi shaklidagi qo’lbola tatuirovka unga maxsus muassasadagi eng yaxshi dugonasini eslatib turadi. Boshqa 14 qiz bilan birga ular uch yildan ortiq vaqt davomida bitta xonada yashashgan.

юнисеф
UNICEF

Iroda umidsizlikka tushgan vaqtlarida o’tkir tig’ bilan ikkala bilagini kesib o’ziga jarohatlar etkazgan. O’sha ko’plab izlar kiyimining uzun englari ostida ko’rinmaydi.

Iroda amakisining uyiga qaytishni istamaydi. “U meni yana uyda qamab qo’yadi”. Hech kimga ishonmasdan u qochishda davom etadi.

“Maktabni tugatsam bo’ldi, menga boshqa hech narsa kerak emas”, - deydi u.

 ###

Ushbu maqola UNICEF va O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan migratsiya ta’siridan bolalarni himoyalash loyihasi doirasida tayyorlandi. Loyiha Evropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan.