Qizlar va o’g’il bolalarga nisbatan zo’ravonlikning barcha shakllariga barham berish
Qizlar va o’g’il bolalarga nisbatan zo’ravonlikning barcha shakllariga barham berish
1 yoshdan 14 yoshgacha bo'lgan har uch boladan ikkitasi intizomga chaqirishning shafqatsiz turlariga duchor bo'ladi. Har to‘rtinchi bola maktabda bulling (kamsitish, zulm o’tkazish)dan aziyat chekadi. 15-19 yoshli qizlarning uchtadan bittasi rafiqasini kaltaklagan erni oqlash mumkin deb hisoblaydi.
O‘zbekistonda yashovchi ko‘plab o‘g‘il-qizlar, jumladan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lganlar hamon o‘zlarining jismoniy, ruhiy va ijtimoiy farovonligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan sifatli yordam, qo‘llab-quvvatlash, odil sudlov va boshqa xizmatlardan foydalanish imkoniga ega emaslar.
2023 yil boshida oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb hisoblash va bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish, shuningdek 2023 yil oxirida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunning ishlab chiqilishi O‘zbekistonda qizlar va o‘g‘il bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishni kuchaytirishning muhim bosqichlari bo’ldi. UNICEF ushbu sohalarda har tomonlama texnik yordam ko‘rsatdi.
Ilmiy nuqtai nazardan asoslangan ijtimoiy xulq-atvorni o'zgartirish strategiyalarini ishlab chiqish orqali qizlar va o'g'il bolalarga nisbatan zo'ravonlikni qo'llab-quvvatlovchi zararli ijtimoiy va madaniy me'yorlarni bartaraf etishda muhim qadamlar qo'yildi.
Bolalar, ularni tarbiya qiluvchilar va keng jamoatchilik uchun muhim onlayn xavfsizlik ma’lumotlarini taqdim etish maqsadida Safeme.uz veb-saytini yaratishda Ichki ishlar vazirligini qo‘llab-quvvatladik.
Turli onlayn kanallar orqali UNICEF zo'ravonlik holatlarini aniqlash, xabar berish mexanizmlari va yordam so'rash usullari haqidagi ma'lumotlarni keng tarqatdi.
Biz barcha qizlar va o‘g‘il bolalar zo‘ravonlikning har qanday shakllaridan erkin bo‘lib voyaga yetishi va zo‘ravonlikka duchor bo‘lganlarning jismoniy, ruhiy va ijtimoiy farovonligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan parvarish, qo‘llab-quvvatlash, odil sudlov va boshqa xizmatlardan ko‘proq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlashga harakat qilamiz.
O'z ishimizda nogironligi bo’lgan bolalar, internat turidagi muassasalarda yashovchi bolalar, ozodlikdan mahrum etilgan bolalar, migratsiyadan jabrlangan bolalar va OIV bilan yashayotgan bolalar kabi eng yordamga muhtojlarga e'tibor qaratamiz.
O‘zbekiston hukumati bilan bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurash bo‘yicha keng qamrovli, dalillarga asoslangan, ko‘p tarmoqli rejalar va harakatlarni moliyalashtirish va amalga oshirish maqsadida milliy darajadagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish bo‘yicha hamkorlik qilishga sodiqmiz.
Biz qizlar va o‘g‘il bolalarni zo‘ravonlik va diskriminatsiyadan himoya qilish bo‘yicha huquqiy bazani mustahkamlashga, zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha xizmatlar sifatini, qamrovini va muvofiqlashtirishni yaxshilashga, bunday holatlar haqida xabar berish va ularga javob qaytarish mexanizmlarini takomillashtirishga harakat qilamiz.
Biz ijobiy ota-onalik qilish va gender jihatlari e’tiborga olingan munosabat, ko'nikma va amaliyotlarni ilgari surishda davom etamiz. UNICEF, shuningdek, hayotiy ko'nikmalar va zo'ravonlikning oldini olishga o'rgatish, sog'lom munosabatlar haqida yoshga mos ma'lumot berish, ularning huquqlari va mavjud yordam xizmatlari haqida ma'lumot berish bo'yicha dasturlardan foydalanishda bolalarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.