O’smirlar salomatligi
O’smirlar salomatligi
UNICEF ko‘p tarmoqli siyosatni ishlab chiqish, dalillar tizimlarini mustahkamlash va jamoatchilikni jalb qilishga qaratilgan kompleks yondashuv orqali o‘smirlar salomatligini yaxshilash maqsadida ish olib boradi.
Tarmoqlararo siyosatni ishlab chiqish bizning sa’y-harakatlarimizning asosidir. Biz o‘smirlarning ehtiyojlarini inobatga olgan holda siyosat ishlab chiqishda davlat idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilamiz
Sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanishni ta’minlash uchun, ayniqsa reproduktiv va ruhiy salomatlik va OIV infeksiyasi sohalariga alohida e’tibor bergan holda, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga ko‘mak beramiz.
Siyosiy qarorlar qabul qilishda asos bo‘lishi uchun ishonchli ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilishga urg‘u beramiz. Bu o‘smirlar salomatligi bilan bog‘liq eng dolzarb muammolarni hal qilishga imkon beradi.
Xabardorlikni oshirish uchun hamjamiyatlar va o‘smirlarning o‘zlari bilan hamkorlik qilish muhim. Ular uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘lgan o‘smirlar o‘zlarining umumiy rivojlanishi bo‘yicha tibbiy yordam so‘rash va ko‘mak olish uchun murojaat qilishda o‘zlarini erkin his qilishlari mumkin.
Maktabda salomatlik savodxonligini oshirish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish natijasida olti million o‘quvchi (ularning yarmi qizlar) OIV, jinsiy yo‘l bilan yuqadigan infeksiyalar, jinsiy va reproduktiv salomatlik, ruhiy salomatlik, turmush tarzi, xavfli xulq-atvorni kamaytirish va uning profilaktikasi bo‘yicha bilimlarini oshirdi.
UNICEF ko‘magida o‘smirlarning ruhiy salomatligi va farovonligiga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash bo‘yicha birinchi keng qamrovli tadqiqot o‘tkazildi. Natijada, Bolalar va o‘smirlarning ruhiy salomatligi va ruhiy-ijtimoiy farovonligini oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi loyihasi ishlab chiqildi.
Pedagog-psixologlarning kasbiy standartlari ishlab chiqildi va tasdiqlandi. 100% maktab psixologlari maktablarda o‘z joniga qasd qilishdan xabardorlik, uning oldini olish, aralashuv va javob choralari bo‘yicha yangi ishlab chiqilgan yo‘riqnomadan foydalangan holda o‘qitildi.
UNICEF BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Yo‘l harakati xavfsizligi samaradorligini baholadi. Ushbu baholash O‘zbekistonning BMTning yo‘l harakati xavfsizligiga oid huquqiy vositalariga muvofiqligini tahlil qildi va inson hayotini saqlab qolishga qaratilgan aniq tavsiyalarni taqdim etdi.
UNICEFning “Yaxshi narsalar Interneti” - IOGT (O‘zbekistonda 2022 yilda ishga tushirilgan) platformasi orqali 2024 yilda 400 000 dan ortiq o‘smirlar hayotiy muhim ma’lumotlar bilan qamrab olindi. Platforma ishonchli sog‘liq haqida ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirish va o‘smirlar uchun sog‘lig‘i va farovonligi haqidagi tashvishlarini bemalol ifoda etish imkonini beruvchi xavfsiz makon yaratish orqali ularning faolligini oshirishga xizmat qiladi.
UNICEF, shuningdek, o‘smir qizlar boshchiligida amalga oshirilgan sog‘liqni saqlash tashabbuslarini sinov tariqasida joriy etdi. 400 nafar qizlar tengdoshlari uchun maslahatchi sifatida tayyorlangach, ushbu dastur orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasining to‘rtta tumanida 5000 dan ziyod qizlarga OIVning oldini olish, jinsiy va reproduktiv salomatlik, ruhiy salomatlik hamda gender zo‘ravonligining oldini olish kabi dolzarb sog‘liq muammolarini hal etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berildi.
“Yaxshi narsalar interneti” axborot platformasi yaratilishi bilan yoshlar, ota-onalar va tarbiyachilar, tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar va hamjamiyatlar endi hayotni yaxshilash va saqlab qolish uchun muhim ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
UNICEF Sog‘liqni saqlash vazirligini tug‘ilishdan boshlab o‘smirlik davrigacha bo‘lgan bolalarning sog‘lig‘ini yaxshilashga qaratilgan zamonaviy, ilmiy asoslangan va kompleks tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha milliy standartni moslashtirish va joriy etishni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu jarayon birlamchi tibbiy-sanitariya yordam tizimida kasalliklarning oldini olish va davolashni kuchaytirish hamda mazkur standartni kundalik amaliyotga samarali integratsiya qilishni o‘z ichiga oladi.