Yoshlar va Hukumat o’rtasida muloqotni yo’lga qo’yish
UNICEF, “Yuksalish” va Yoshlar ittifoqi tomonidan o’tkazilgan maslahatlashuvlar haqida
UNICEF, “Yuksalish” umumxalq harakati va Yoshlar ittifoqi birgalikda yoshlar va hukumatning mahalliy organlari bilan maslahatlashuvlar turkumini o’tkazmoqda. Bunday muloqotlar yoshlar ehtiyojlariga javob beruvchi samarali yechimlarni ishlab chiqishda muhim o’rin tutadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Xalq bilan bevosita muloqot olib borish–vaqtinchalik kampaniya emas. Bu xalqimizning farovon hayotini, yurtimiz ravnaqini taʼminlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyadir." Aholisining 60 foizi 30 yoshga to’lmagan yoshlardan iborat bo’lgan O’zbekiston uchun xalq bilan muloqot – bu, avvalo yoshlar bilan muloqotdir.
Yoshlar bilan maslahatlashuv bo’yicha dastlabki tadbirlar Nukus va Urganch shaharlarida o’tkazildi. Qoraqalpog’iston va Xorazm viloyatining turli hududlaridan kelgan 14-30 yoshdagi 69 ta yigit-qizlar dastlab tayyorlov dasturlarida, keyin esa hukumatning mahalliy organlari vakillari bilan muloqotda ishtirok etdilar.
Dastlabki ikki kun davomida ishtirokchilar bugungi kunda va kelajakda muvaffaqiyatli bo'lishlari uchun ularga nimalar kerakligini aniqladilar. Yoshlar o'zlari va tengdoshlari kundalik hayotda duch keladigan qiyinchiliklarni, shuningdek, ushbu muammolarning tub sabablarini aniqladilar. Asosiy vazifa ushbu muammolarni hal qilishda o'zlari ham ishtirok etishlari mumkin bo'lgan yechimlar taklif qilishdan iborat bo'ldi.
Ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan g'oyalar yoshlar o'z hududlarini rivojlantirishga qanday noan'anaviy yondashuv va mas'uliyat bilan qarashlarini namoyish etdi. Qatnashchilar qishloq joylarini rivojlantirishga e'tibor qaratish, u erda kutubxonalar tashkil etish va mavjudlarini yaxshilashni taklif qildilar va muhtojlarga ixtiyoriy ravishda yordam berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ular dam olish va sport uchun joylar yaratish, kompyuter texnologiyalarini o'rganish va muvaffaqiyatga erishgan insonlardan saboq olish istagi haqida ham gapirdilar, o'zlari yashab turgan joylarni toza va xavfsiz qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
"Faqat iqtidorli yoshlargagina emas, balki barcha yoshlarga bir xil e'tibor berilish zarur. Ular grant va imtiyozlarga ega bo'lishadi, ammo boshqalar ham kashf etilmagan iste'dodlarga ega bo'lishi mumkin. Ular ham o’z salohiyatlarini to’liq amalga oshirishda yordamga muhtlar”, Zuhra Ganieva (21 yosh, Nukus).
Ikki kunlik muhokamalar va tahlillardan so'ng, yoshlar muvaffaqiyatga erishishlari uchun qanday imkoniyatlar yaratilishi lozimligi haqida fikrladilar. Ular o'z takliflarini Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining yoshlar masalalari bo'yicha o'rinbosari, Xorazm viloyati hokimining yoshlar masalalari bo'yicha o'rinbosari, vazirliklar, universitetlar vakillari va jurnalistlarga taqdim etdilar. Barcha universitetlarda bitiruvchilar va ish beruvchilar o'rtasidagi bog'lovchilik vazifasini bajaruvchi, shuningdek talabalarga ish topishda zarur bo'lgan ko'nikmalarni beradigan kasbiy rivojlanish markazlarini tashkil etish shular jumlasidandir. Agar universitetlar qoshida markazlar tashkil etilsa, talabalarning o'zlari xorijiy tillarni va axborot texnologiyalari bo'yicha ko'nikmalarni o'rgatishlari mumkin.
Yoshlar o'z mintaqalarida va mamlakat miqyosida ko'ngillilar faoliyatini rivojlantirishga va uni tizimli ravishda targ'ib qilishga intilishlarini ifoda etdilar. Hukumatning mahalliy organlari aeroportlarda va vokzallarda kitoblar burchaklarini yaratish go’yasini ma’qulladilar. Bunday burchaklar yoshlarni o'z reyslarini kutib turganlarida va uzun safarlari davomida kitob o'qishga undagan bo'lar edi. Spirtli ichimliklar, sigaretalar, giyohvand moddalar, kompyuter o'yinlari, pul tikib o'ynaladigan o'yinlarga ruju' qo'ygan o'spirinlarga, shuningdek ularning ota-onalariga va umuman o'smirlarning ota-onalariga o'zaro tushunish va oilaviy munosabatlarni yaxshilash uchun psixologik yordam ko'rsatish bo’yicha takliflar ham alohida e’tiborni o’ziga qaratdi.
Qoraqalpog'iston va Xorazmdagi ekologik vaziyatni hisobga olgan holda, yoshlar ekologik muammolar va ularning oqibatlari to'g'risida yoshlarning xabardorligini oshirish va eko-klublarni tashkil etish bo'yicha takliflar kiritdilar.
Maslahatlashuv qatnashchilari yoshlar farovonligi mavzusini ko'tarishdi va yoshlar uchun dam olish maskanlari, masalan, velosiped yo'lakli, parklar va ochiq sport inshootlarini yaratishni taklif qilishdi. Shuningdek, ular mintaqalarning urf-odatlari to'g'risida festivallar o'tkazish, bunda nostandart yondashuvni tadbiq etish to’g’risidagi fikr-mulohazalarini bildirdilar. Savitskiy muzeyida kechalar, mahalliy dizaynerlarning liboslar namoyishlari, oshpazlar tanlovi va mahalliy taomlar degustasiyasi kabi tadbirlar shular jumlasidandir.
Yoshlar taqdimotidan so'ng mahalliy hokimiyat vakillari ishtirokchilarning g'oyalarini qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
“Yoshlar bizga o'xshamaydi, ular o'zgacha fikrlaydilar. Biz ular bilan ishlashda yondashuvlarni o'zgartirishimiz kerak ”, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahramon Sariev.
“Bizga o'z fikrimizni bildirish va uni eshitish imkoniyatini berganingiz uchun tashakkur. Bu imkoniyat bizni harakat qilishga, o'zimiz nimanidir o'zgartirishimizga undaydi ”, dedi Shahodat Sa'dullaeva (20 yosh, Urganch).
Taqdimotlar yakunlanishi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo'yi hududi bo'yicha qo'shma dasturining vakili ekologik masalalar bo'yicha fikr bildirgan ishtirokchilar jamoasi bilan o'z g'oyalarini qanday amalga oshirishni muhokama qildi. Bir hafta o'tgach, ushbu yoshlar Nukusning to'rtta maktabida ikki kunlik ekologik aksiya o'tkazdilar. Aksiya davomida talabalar atrof-muhit muammolari bilan tanishdilar va o'z mintaqalarida ma'lumot tarqatishni va tabiatni muhofaza qilishni davom ettirish uchun o'z maktablarida eko-klublar tashkil etdilar.
"Ushbu maslahatlashuvlarsiz va BMTning Orolbo'yi hududi bo'yicha qo'shma dasturining yordamisiz bunga erishish biz uchun qiyin bo'lae edi", dedi Guzel Xasanova (18 yosh, Nukus). "Mening jamoam voqealarning bu tarzda o'zgarishidan hayratda qoldi, lekin biz maqsadimizga - aholi o'rtasida ekologik mas’uliyatni oshirishga erishish tomon harakat qila boshladik. Maktab o'quvchilarining qiziqishi, ularning kuchlari va yordam berishga bo'lgan istaklarini ko'rib, bizga ekologik masala dolzarb ekanligi, u bilan shug'ullanish lozimligi va yoshlarga o'z hududlari va mamlakatga yordam berib foydali bo'lish imkonini yaratish lozimligi ravshan bo'ldi."
Bu yil navbatdagi maslahatlashuvlar Mo'ynoqda va Farg'ona vodiysida bo'lib o'tadi.