O’zbekistonlik qizlar nanoyo'ldoshni stratosferaga uchirdilar

10 May 2022
Участницы программы Гузаль и Озода с наноспутником перед его запуском.
UNICEF Uzbekistan/2022/Sorochin

2022 yil 8 may kuni O‘zbekistonning turli hududlaridan 20 dan ortiq qizlar, UniSat ta’lim (Uni – UNICEF, Sat – sun’iy yo‘ldosh) dasturi ishtirokchilari stratosferaga o‘zlari yasagan ultrazamonaviy nanoyo‘ldoshni uchirdilar. O‘zgidromet mutaxassislari ko‘magida qizlar to‘plangan meteorologik ma’lumotlarni tahlil qiladilar.

Navoiy viloyati o’zining mos landshafti, undagi ko‘plab innovatsion va texnologik loyihalar amalga oshirilayotgani tufayli uchirish maydoni sifatida tanlandi. Uchirish aeronavigatsiya xizmatlari mutaxassislari nazorati ostida bo'lib o'tdi, chunki ko'rsatmalarga ko'ra, uchirish joyi ustida samolyotlar parvozi uchun osmonni "yopish" talab etiladi. Nanoyo’ldosh stratosferada taxminan 2 soat bo'ldi va 11,6 km balandlikka ko'tarildi.

Bundan avval 15-26 yoshdagi 188 nafar o‘zbekistonlik qizlar kodlash, muhandislik va ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha 4 oylik onlayn kursni tamomladilar. 20 nafar eng yaxshi akademik natijalarga erishgan qizlar Qirg‘iziston va Qozog‘iston vakillari bo’lgan tengdoshlari bilan birgalikda Almati shahrida nanoyo‘ldoshni yig‘ish, uchirish va olingan ma’lumotlarni tahlil qilish bo‘yicha 10 kunlik amaliy seminarda qatnashdilar.

“Innovatsiyalar va texnologiyalardan foydalanish yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Qizlarni STEM bo'yicha qo'llab-quvvatlash ular har qanday sohada muvaffaqiyatga erishishlari mumkinligiga ishonchlarini oshirish uchun muhimdir. Bugun biz tarixiy lahzaning guvohi bo‘lib turibmiz – 20 nafar qiz o‘z ilmiy ishlanmalarini ilgari surdi va gender stereotiplaridan ozod jamiyat qurish sari qadam tashladi,” dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

“Nanoyo’ldoshning uchirilishi va olinajak ma’lumotlarning tahlili qizlarimiz uchun muhim qadam bo‘ldi, – deydi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova. “Fan, texnologiya va ma’lumotlar tahlili sohasida karyera imkoniyatlari cheksizdir va biz O‘zbekiston qizlarini STEM yo‘nalishi bo‘yicha kasb tanlashga, ilmiy izlanishlar va tajribalar o‘tkazishga hamda o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yishdan qo‘rqmaslikka chaqiramiz”.

UNICEF, Tech4Impact NNT va O’zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi barcha qizlarni kelajak haqidagi orzulariga erishish uchun raqamli imkoniyatlardan foydalanish imkoniyatini ta'minlashda qo'llab-quvvatlamoqda.

«UniSat — shunchaki loyiha emas. Bu bilim. Bu insonlar. Bu rag’batlantirish,» dedi loyiha ishtirokchisi Diyora Daminova (17 yosh).

Dasturning rasmiy sayti: www.unisat.uz

OAV uchun mas'ul xodimlar

Nargiza Egamberdiyeva
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha maslahatchi
UNICEF
Telefon: +99893 380 34 19
Elektron pochta: negamberdieva@unicef.org

UNICEF to’g’risida

UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har erda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.

UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.

UNICEF faoliyatini TwitterFacebook va Instagramda kuzatib boring.