"Qo'rqmang!"

OIV bo'yicha tengqur maslahatchilarning ijobiy murojaati

UNICEF Uzbekistan
Two HIV positive adolescents holding a red ribbon.
UNICEF Uzbekistan/2019
01 Dekabr 2020
(Shaxsni himoya qilish maqsadida ismlar o'zgartirilgan)

Bu yil Jahon OITSga qarshi kuni OIV bilan yashaydigan odamlar duch keladigan tengsizlikni kamaytirishga qarshi kurashda umumiy mas'uliyat va global birdamlikka chorlaydi. Jasmin va Akmal OIV masalalari bo’yicha tengqur maslahatchilar sifatida O'zbekistonning Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi OIV bilan yashayotgan yoshlarni qanday qo’llab-quvvatlashlari haqida gapirib berdilar.

Yetti yoshida, Jasmin shifokor tomonidan unga va ota-onasiga OIV-infeksiya tashxisi qo'yilayotganini eshitdi.

«Men o'zimni hech narsa eshitmagandek tutdim. Ota-onam ham menga hech narsa demadilar. Menimcha, ular meni tashxis haqida xabardor bo’lish uchun juda yosh deb o'ylashgan. Bizning mamlakatda OIV borasida stigma ko'p. Bir oz vaqtdan so’ng barchamiz ARVT (antiretrovirus terapiyasi) ni qabul qila boshlaganimizda, ular menga bu vitamin deb aytishdi, lekin men bu nima ekanligini bilardim».

Uning hikoyasi yagona emas, Akmalning ota-onasi ham undan OIV-infeksiya tashxisini yashirishgan.

«Men 2008 yilda operatsiyadan keyin yuqtirganman. Men 12 yoshda edim. Ota-onam mening tashxisim to'g'risida bilganlarida, ular besh yil davomida mendan yashirishdi, ammo 17 yoshimda kasalxonada o’z tashxisimni qog'ozda ko'rib qoldim va shifokor buni tasdiqladi».

Bir necha yil o'tgach, shifokor uni UNICEF tomonidan qo'llab-quvvatlanadigan Toshkent shahridagi OIV bilan yashovchi bolalar va oilalar uchun kunduzgi parvarish ko'rsatish markazda OIV bilan yashayotgan o'spirinlar guruhi bilan tanishtirdi.

“Men guruhga qo'shilganimdan keyin hayotim o'zgardi. O'sha paytgacha men faqat katta odamlar OIV bilan kasallanadi deb hisoblar edim. Ushbu kasallikka chalingan yosh odam faqat menman deb o'ylardim, lekin markazda men kabi ko'plarni uchratdim. Biz hammamiz bir xil edik. Biz suhbatlashdik, sayohatlarga chiqdik.”

Jasmin tengdoshlar qo'llab-quvvatlashining o’zgartiruvchi ta'siri to'g'risida shunday deydi: «Endi kasalligim men ucun odatiy hol. Men kuniga uchta tabletka ichaman - kasalxonaga har uch oyda bir marta tekshiruvdan o'tish, 6 oyda bir marta ukol olish uchun boryapman. Shu bilan bo'ldi. Onam menga: "Agar dorilarni vaqtida ichib yursang, boshqa odamlardek, hatto ulardan ham uzoqroq umr ko'rishing mumkin", deydi.

Akmal ham, Jasmin ham tengdosh murabbiylar va yosh OIV bo’yicha faollar sifatida ko'ngilli bo'lib, ularni qo'llab-quvvatlagan kunduzgi markaz faoliyatiga o’z hissalarini qo’shmoqdalar. Markazda psixologlar va ijtimoiy xodimlar bolalar ahvoliga oid savollarni ishlab chiqishda yordam berishlari uchun ularni jalb qiladilar, keyin ular shu savollarga javob berishadi. Shu tarzda bolalar tashxisga nisbatan kamroq psixologik stressni boshdan kechirishadi. Uzoq muddatli ta'sirlar shuni ko'rsatdiki, bu ularda o’z sog'lig'ini mustahkamlash qobiliyatini oshiradi.

Akmal va Jasmin tengdoshlari binal suhbatlashib, markaz xodimlariga yordam beradilar. Ular o'z tajribalari bilan o'rtoqlashadilar va ruhiy hamda amaliy yordam ko'rsatadilar. Shuningdek, ular OIV bilan ijobiy yashash bo'yicha o'quv mashg'ulotlarini olib boradilar.

"Bolalarni bezovta qiladigan narsa - ota-onalarining munosabatini ko'rish", deydi mulohazali Akmal. “Ota-onalarining qo'rquvi ularni tashvishga soladi. Biroq ular bilan yoshlar gaplashsa, ular buni osonlikcha qabul qiladilar. Ular o'zlarining tashxisini qabul qiladilar. Bolalar qanchalik yosh bo'lsa, ular shunchalik oson moslashadilar».

Jasminga yosh avlod vakili sifatida fikr yuritish yordam beradi: “Qachonki kasalxonaga boradigan bo'lsam, katta odamlar bilan uchrashaman va ular juda ham pessimist bo'lishlari mumkin. Ammo men bunday fikrlash tarzini qabul qilmayman. Mening o'z fikrim bor va men OIV haqida juda ko'p ma'lumotga egaman, nega ularning pessimizmini qabul qilishim kerak?”

"Endigina tashxisi bilgan yoshlarga shunday degan bo’lardim - hayot davom etmoqda. Xavotir olmang. Siz xuddi boshqa odamlar singarisiz. Faqatgina o'zingizga g'amxo'rlik qiling va o'zingizni seving. O’zingizni qabul qiling va boshqalar bilan taqqoslamang. OIV bilan yashaydigan oila a'zosi yoki do'sti bo'lganlar yodda tutsin, biz boshqacha emasmiz. Biz sizga o'xshaymiz. ARVT (antiretrovirus terapiyasi)ni olar ekanmiz, biz kasalligimizni hech kimga osonlikcha yuqtira olmaymiz. Siz do'st bo'lishingiz va qo'llab-quvvatlashingiz mumkin. Yoshi kattalar singari pessimist bo'lmang. Qo'rqmang!”

U shunday davom etadi: “Men bolalar bilan suhbatlashsam, ularni rag'batlantiraman. Ularga, hayotingizni davom ettiring, tillarni o'rganing, bola bo'ling, deyman. Men ular bilan o'ynayman, faqat bola bo'lishlariga imkon beraman. Men ularga biron narsani tushuntirganimda bolaga xos tilda gaplashaman».

COVID-19 bois joriy etilgan karantin sababli markazdagi tadbirlar to'xtatildi va butun mamlakat bo'ylab yuzlab yoshlar va ularning ota-onalari psixologik-ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, tengdoshlarning ko'magi va tengqurlarining muloqotlaridan mahrum bo'lishdi. Jasmin va Akmal ko'ngillilar faoliyatiga imkon qadar tezroq qaytmoqchilar:

“COVID-19 pandemiyasidan avval biz har haftada uchrashardik - ko'plab treninglar, konferentsiyalar va tadbirlarni o'tkazardik. Biz ota-onalar va bolalarni markazga qayta taklif qilishni, o'yinlar va sayohatlar, kontsertlarda qatnashishni va ular bilan ma'lumot almashishni orziqib kutmoqdamiz."