Qo’llab-quvvatlash, ilhom va mehnatsevarlik – Tamilaning hikoyasi

Men ota-onasiz qolganimda 11 yoshda edim. Meni va ukamni Xlebushkina nomidagi 22-sonli bolalar uyiga joylashtirishdi. O‘shandayoq men hayot yo‘lim oson bo‘lmasligi haqida o‘ylaganman.

UNICEF Uzbekistan
Тамила с ребенком и за пианино.
UNICEF Uzbekistan
12 Oktabr 2020

Men ota-onasiz qolganimda 11 yoshda edim. Meni va ukamni Xlebushkina nomidagi 22-sonli bolalar uyiga joylashtirishdi. O‘shandayoq men hayot yo‘lim oson bo‘lmasligi haqida o‘ylaganman.

Men va ukam uchun qadrdon bo‘lib qolgan tarbiyachilardan minnatdorman. Ular bizni qabul qildilar va har tomonlama bizni qo‘llab-quvvatladilar.

Bir oz ulg‘ayganimdan so‘ng, hayotda o‘z o‘rnimni topishga va jamiyatda munosib inson bo‘lishga, o‘z oilamning bekasi bo‘lishga va, albatta, munosib ta'lim olish va yaxshi kasb egasi bo‘lishga qaror qildim. Men o‘zimga yoqadigan va jamiyat uchun ham zarur bo‘ladigan sohada ishlashni istardim.

Kichkinaligimda men ko‘p kitob o‘qib, orzu qilardim. Biroq haqiqiy hayotni  ham unutmasdim. Maqsadimga erishish uchun yaxshi o‘qishim kerakligini tushunib yetdim, shuning uchun bor kuchi va imkoniyatlarimni o‘qishga safarbar qildim. Esimda, dasturlash darslarida qatnashib, dasturchi bo‘lishni orzu qilardim. To‘g‘ri tanlov qilish uchun ko‘plab to‘garaklarga qatnashdim. Nihoyat, men iqtisodiyot sohasida yuqori malakali mutaxassis bo‘lishga qaror qildim.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik liseyni, so‘ngra Toshkent moliya institutini muvaffaqiyatli tugatdim. Bugun men jamiyatda o‘z o‘rnimni topdim deb faxr bilan ayta olaman. Men salohiyatli bankda ishlayman. Hozir esa men onalik ta'tilidaman.

Men ta'lim, ish, oila va onalikni birlashtira oldim. Men ikkita ajoyib o‘g‘ilning onasiman. Oilam - mening tayanchim, turmush o‘rtog‘im esa ishonchli hayot yo‘ldoshimdir. U meni doim qo‘llab-quvvatlaydi va hamma narsada menga yordam beradi, biz bolalarimizga birgalikda g‘amxo‘rlik qilamiz.

Ko‘pchilik qiz bola uchun hamshira, o‘qituvchi yoki bolalar bog‘chasida tarbiyachi singari ayollarga mos keladigan deb tushuniladigan kasbni tanlash yaxshiroq deb o‘ylaydi. Biroq qizlar har qanday kasbni egallashi mumkinligiga ishonchim komil. Ularni qo‘llab-quvvatlash va ularga ilhom berish muhimligini o‘z tajribamdan bilaman. Shunda ular hamma narsaning uddasidan chiqadilar.

Men barcha qizlarga murojaat qilmoqchiman: hech qachon orzu qilishni va maqsadingizga intilishni to‘xtatmang. Orzular hayotimizni yorqin ranglar bilan to‘ldiradi.