Orzuga intilib

Pasha onasi, buvisi va singlisi bilan yashar edi. Onasi Irina ichkilikka berilgan bo'lib, farzandlariga g'amxo'rlik qilmas edi.

UNICEF Uzbekistan
27 May 2020
(Shaxsni himoya qilish maqsadida ismlar o’zgartirigan)

Pasha onasi, buvisi va singlisi bilan yashar edi. Onasi Irina ichkilikka berilgan bo'lib, farzandlariga g'amxo'rlik qilmas edi.

Pasha bunday mushkul vaziyatdan chiqish uchun yo'l topa olmay ko'chada hayot kechira boshladi. Uning o'qishga ham qiziqishi yo'qoldi, maktabga bormay vaqtini ko'chada o'tkazishni afzal ko'rdi. Kuchli ta'sir ko'rsatuvchi preparatlarni iste'mol qiluvchi tanishlar orttirdi. Ko'p o'tmay, maktab tashabbusi bilan u ixtisoslashtirilgan ta'lim-tarbiya muassasasiga yuborildi.

Toshkent shahri Uchtepa tumani ichki ishlar boshqarmasining voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo'yicha inspektori Madina Gobozova, Pashaning oilasi bilan avvaldan tanish bo'lib, Pasha va uning onasi bilan profilaktika ishlarini olib borgan edi.

Madina ushbu oilani qo'llab-quvvatlashga qaratilgan harakatlarni ijtimoiy ish usullaridan foydalangan holda oilaviy ehtiyojlarni baholash asosida shakllantirgan. Bu ko'nikmalarga u tumanning mahallalari mutaxassislari bilan birgalikda UNICEFning texnik ko'magida "Oila" markazi tomonidan tashkillashtirilgan treninglar tufayli ega bo'ldi.

Mahalla mutaxassisi bilan biragilikda, inspektor Pasha oilasining ehtiyojlari va kuchli tomonlarini aniqlab, uni mustahkamlash rejasini tuzib, bolaning oilaga va jamoaga reintegratsiya qilish bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Bunda oilaga yordam berish maqsadida qo'llanilayotgan chora-tadbirlarni idoralararo muvofiqlashtirishga alohida e'tibor qaratildi.

Psixolog bilan muloqot Irinaga o'g'li va qizining ishonchini qayta qozonish uchun yordam berdi. Tuman bandlik markazi orqali u doimiy ishga ega bo'ldi. Irina atrofda tushunishga va yordam berishga tayyor bo'lgan borligini, o'z xatolarni tuzatish hech qachon kech emasligini anglab yetdi.

Bir necha oy o'tgach, Pasha ixtisoslashtirilgan ta'lim-tarbiya muassasasini tark etdi. Uning ehtiyojlari baholanib, reintegratsiya qilish rejasi ishlab chiqildi. Oilasiga qaytish yengil kechmadi. Avvaliga u onasi bilan yashashni va o'z maktabida o'qishni istamadi. Muassasada bo'lganligi sababli, atrofdagilar undan chetlanishadi degan hadik bor edi. Psixolog bilan suhbatlar Pashaning o'ziga va onasiga bo'lgan munosabatini o'zgartirishga ko'mak berdi. Tez orada u uyiga va maktabiga qaytdi.

«Endi men fikr yuritib, vaziyatni holis baholay olaman – deydi Pasha. – Men ta'lim olish va kelgusida Milliy gvardiya safida xizmat qilishni o'zimga maqsad qilib oldim».

Bunga erishish yo'lida Pasha maktab qoshidagi boshlang'ich harbiy tayyorgarlik to'garagi va jang san'ati klubidagi mashg'ulotlarga qatnashmoqda.

"Ixtisoslashtirilgan ta’lim-tarbiya muassasalaridagi voyaga yetmagan bolalarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish orqali voyaga yetmagan bolalar o'rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini isloh qilishni kuchaytirish" loyihasi doirasida UNICEF O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yildagi "Ixtisoslashtirilgan o'quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to'g'risida"gi 4342-sonli farmoni ijrosini amalga oshirish bo’yicha O'zbekiston Respublikasi Hukumatiga ko’mak bermoqda. Ushbu loyiha Buyuk Britaniyaning O'zbekistondagi elchixonasi tomonidan moliyalashtirilmoqda.