"Mening OIV-holatim mening zaifligim emas, bu mening kuchim"

Fotimaning OIV bilan yashash va COVID-19ni yenggani hagidagi hikoyasi

UNICEF Uzbekistan
A girl holding a pin with red ribbon.
UNICEF Uzbekistan/2019
01 Dekabr 2020
(Shaxsini himoya qilish maqsadida ism o’zgartirilgan)

Hozir 18 yoshda bo'lgan Fotima to'rt yoshidan boshlab OIV bilan yashamoqda. Shuningdek, u OIV ko-infektsiyasi bo’lgan sil bilan ham kasallangan edi. Buning oqibatida uning immuniteti kuchsizlanib, o'pkasi ham zaiflashgan. Fotima o’tgan yozda, Toshkentda koronavirus avjiga chiqqan paytda COVID-19ga chalinganiu va uning butun oilasini juda tashvishlantirdi.

"Men nimani kutishimni bilmas edim, bu yangi virus haqida juda ko'p qarama-qarshi ma'lumotlar bor edi. Odamlar faqatgina kuchli immunitetga ega bo'lganlar undan sog’ayishi mumkin deb aytishdi. Men sog'lom odamlarni virus yuqtirgandan keyin og'ir kasal bo'lib qolganlarini ko'rdim. Bularning barchasi ko'ngilni xira qildi”, - deydi u.

Fotima COVID-19 bilan og'ir kasallanish xavfi bo'lgan yoshdagilar guruhiga kirmaydi. Shunday bo’lsa-da, afsuski, u juda qattiq kasal bo'lib qoldi. Kasalxonada davolanishiga majbur keldi. Reanimatsiya bo'limida krovatda yotib, o'zidan o’zi "Men o'lyapmanmi?" deb so'raganini eslaydi.

Bu xavotir va noaniqlik ota-onasi birinchi marta  unga OIV holatini oshkor qilgan vaqtni eslatdi. Fotima ikki yil avval ota-onasi unga birinchi marta OIV bilan kasallanganligini aytganida o’ziga aynan shu savolni bergan edi.


OIV holatini qabul qilish

Ota-onasi o'n olti yoshga to'lguniga qadar Fotimaga uning OIV-holatini oshkor qilmaslikka qaror qildilar, chunki u yosh bola sifatida tashxisni qanday qabul qilishini bilmas edilar. Nihoyat, ular bu to’g’risida suhbat qurishga qaror qilishganida, u allaqachon tuskunlikni boshidan kechirayotgan edi.Bundan bir necha oy avval u davolangan klinikada o’zining ahvoli to’g’risida eshitgan edi. “Men o'sha paytda OIV haqida hech narsa bilmas edim. Klinikada men bu kasallik odamlarni o'limga olib keladigan kasallik deb aytganlarini eshitdim. Tushkunlikka tushdim, lekin bu to’g’risida hech kimga aytmadim. Menga onam va dadam buni tushuntirib berishlarini kutdim. Ular menga kasalligimni aytmaganliklari uchun  g'azablandim va dorilarni ichishni to'xtatib qo’ydim,” - deydi u.

Fotima o’ziga kelib olishi uchun bir oz vaqt kerak bo’ldi. Sog'ayish yo'lidagi birinchi qadamlardan biri uning Toshkentdagi OIV bilan yashovchi bolalar va oilalarning kunduzgi parvarish ko'rsatish  markaziga tashrifi bo'ldi. U yerda Fotima OIV haqiqatan nima ekanligini bilib oldi va OIV bilan yashaydigan boshqa o'spirinlar bilan uchrashdi. U markazga muntazam ravishda borishni boshladi, o'quv kurslarida qatnashdi va ko'plab yangi do'stlar orttirdi. “Markazda men psixolog bilan uchrashdim, u menga ahvolimni tushunishda katta yordam berdi. U meni bu yakun emasligiga ishontirgan inson bo’ldi", deb eslaydi Fotima.

Fotima yangi biliml va ko'nikmalarini tegqurlari, birinch navbatda sinfdoshlari baln o’rtoqlasha boshladi. “Men chindan ham hamma bu kasallik to'g'risida haqiqatni bilishini va OIV bilan yashaydiganlar ular kabi ekanliklarini, yomon odamlar emasligini va ularni kamsitmaslik zarurligini bilishlarini istar edim.”.

Vaqt o'tishi bilan Fotima OIV haqida xabardorlikni oshirish va OIV bilan yashaydigan boshqa odamlarga yordam berish borasida faol ishlay boshladi. U UNICEF va Respublika OITSga qarshi kurash markazi ko’magida tashkil etilgan  uchta o’quv treninglarni tugatib, trener bo’ldi. Hozirda u boshqa ko'ngillilar bilan bir qatorda OIV bilan yashaydigan o'spirinlar va ularning ota-onalariga virusni yaxshiroq tushunishda va u bilan qanday yashashni o'rganishda yordam beradi. Uning ishiga sodiqligi va mehnati tan olindi, u BMTning O’zbekistondagi Yoshlar maslahat kengashining a'zosi etib saylandi.


COVID-19ni birgalikda yengish

Fotimaning rejalari koronavirus pandemiyasi tufayli buzildi. O’zi va ota-onasi og'ir kasal bo'lib qolishdi.

Fotimaning aytishicha, COVID-19 bilan bo'lgan kechinmasining eng qiyin qismi psixologik reaktsiya bilan bog'liq edi. “Siz COVID-19 bilan kasal bo'lib qolganingizda, menimcha, asosiy muammo vahima va qo'rquvdir. Men juda qo'rqardim, chunki atrofimda juda ko'p odamlar vafot etdi. Immunitetim zaif ekanligi stressni yanada kuchaytirdi. Men allaqachon yetarlicha azob chekmadimmi, nega yana bir kasallikka qarshi kurashishim kerak?" – degan savol meni tark etmas edi.

Fotimaning onasi va otasi o’zlari COVID-19ga qarshi kurashayatgan bo’lsa-da, u bilan telefon orqali aloqada bo'lishdi. “O’sha davr mobaynida barchamiz bir-birimizni qo'llab-quvvatladik. Ota-onam mening asosiy rag’batlantiruvchi kuchim bo'ldi. OIV bilan yashovchi bolalar va oilalar kunduzgi parvarish ko'rsatish markazidagi do'stlarim ham har kuni menga u kerak ekanligimni aytib, SMS yuborishardi."

Fotimaning fikriga ko'ra, mana shu birlashish hissi va oila, hamda do'stlarning ko'magi oxir-oqibat unga kasallikni yengishga yordam berdi. Yigirma kun kasalxonada davolanganidan so'ng, unda koronavirus tahlili salbiy natijani ko'rsatdi va u uyiga qaytdi. U salomatligini to'liq tikladi. Uning ota-onasi ham sog’ayib ketdi.


Ijobiy fikrlashda davom etish

COVID 19-ni boshidan kechirgan kishi sifatida Fotima, OIV bilan yashab turib, buning ustiga koronavirus bilan kasallanish nima ekanligini yaxshi tushunadi. Shuning uchun ham u tengdoshlariga xavfdan uzoqlashish uchun shaxsiy gigiyenaga rioya qilishni va ijtimoiy masofa qoidalariga rioya qilishni maslahat beradi. Ular virusni yuqtirgan taqdirda ham, bu og'ir kasal bo'lishni anglatmaydi. Fotima shunday deydi: "Agar siz OIV bilan yashayotgan bo'lsangiz, COVID-19 bilan bog'liq xavotir tuyg'usini yengish uchun sizda yetarlicha iroda borligi ehtimoldan holi emas. Ijobiy bo'ling va o’zingizni rag'batlantiradigan har qanday fikrda turing. Ko'p odamlar, jumladan OIV bilan yashayotganlar ham, ushbu virusni yuqtirmoqdalar va undan da’volanmoqdalar. Antiretrovirus terapiyasini qabul qilishda davom eting, ko'p suyuqlik iching va yaxshi ovqatlaning."