Marli oilasi Bob Marlining “Yagona sevgi” qo’ishig’ini "qayta yaratib", UNICEFga ko’mak ko’rsatadi

COVID-19ga qarshi tegishli javob choralarini ko’rish va pandemiyadan so’ng bolalarga qulay bo’lgan dunyoni qayta tiklash va qayta yaratish uchun umumjahon darajasida mablag’ yig’ish maqsadida aktsiya boshlanmoqda

21 Iyul 2020
Мальчик улыбается и показывает большой палец на постере One Love
UNICEF

NYU-YORK, 2020 yil 9-iyul – Marli oilasining a’zolari marhum Bob Marlining “Yagona sevgi” (One Love) deb nomlangan mashhur madhiyasini qayta yaratadi. Bundan maqsad COVID-19 pandemiyasi tufayli odatiy hayot tarzi izdan chiqgan bolalar uchun yanada adolatli va munosib dunyoni shakllantirish yo’lida UNICEF olib borayotgan ishlarni qo’llab-quvvatlashdir.

“Tuff Gong International” va “Amplified Music” qo’shiqning yangi versiyasini 17-iyul kuni ommaga taklif etadi. Qo’shiq translatsiyasi va u bilan bog’liq tegishli tadbirlardan yig’ilgan barcha mablag ’Reimagine’ aktsiyasini qo’llab-quvvatlash uchun sarflanadi. Bu UNICEF tomonidan tashkil etilgan tadbir bo’lib, undan maqsad COVID-19 pandemiyasining bolalar uchun uzoq muddatli inqirozga aylanib qolishiga yo’l qo’ymaslik hamda pandemiyadan so’ng har bir bola uchun yanada adolatli dunyo va teng huquqlarni ta’minlashdir.

Bugundan e’tiboran UNICEFning global hamkori hisoblanmish Pandora zargarlik buyumlari uyu “Yagona sevgi” tashabbusi uchun jamoatchilik tomindan xayriya qilingan har bir dollarni, umumiy miqdor 1 million AQSH dollariga etgunicha, ikki barobar ko’paytirib boradi.

“Qirq yil avval dunyo bir qancha katta muammolarga duch kelgan paytda otam yozgan “Yagona sevgi” qo’shig’ida birdamlik, tinchlik va umumbashariy muhabbat to’g’risida kuylanadi. Hatto biz “birga yig’ila olmaydigan” paytlarda ham, qo’shiq g’oyasi dolzarbligicha qolmoqda: agar yagona sevgi va yagona yurak orqali sa’y-harakatlarimizni birlashtirsak, biz ushbu umumjahon darajasidagi inqirozni yengib o’ta olamiz”, deydi Sedella Marli. 

«One Love/People Get Ready»/“Yagona sevgi/Odamlar, tayyor bo’linglar” deb nomlangan, birlashish bo’yicha mangu chaqiriq aks etgan qo’shig ilk bor 1977 yilda Bob Marli va Weilers guruhi tomonidan yozilgan bo’lib, butun dunyodagi millionlab insonlar uchun mashhur qo’shiqga aylandi. Uning qayta yaratilgan versiyasi dunyo miqyosida 2020 yilning chin madhiyasi sifatida yangradi va Marli oilasi a’zolarini, yer kurrasining barcha burchaklaridagi taniqli musiqachilarni, butun dunyo bo’yicha ziddiyatli hududlardagi san’at arboblarini, shuningdek, ijtimoiy jihatdan zaif hamjamiyatlarda istiqomat qiluvchi bolalarni birlashtiradi.   

“Yagona sevgi” qo’shig’i pandemiya to’g’risidagi eng muhim haqiqatni tasdiqlaydi: faqat umumjahon darajasida hamjihatlik va hamkorlik qilish orqaligina, biz o’z orzu-umidlarimizga – COVID-19ni yengib o’tishga, erisha olamiz hamda bolalar uchun yanada adolatli va kamsitilishlarsiz dunyoni yarata olamiz”, - deb ta’kidladi UNICEF ijrochi direktori Genrietta For. “Ijtimioy jihatdan yetarli ta’minlanmagan bolalarga yordam berish uchun Marli oilasi Pandora bilan birgalikda o’z sahiy ko’magini, ijodkorona yondashuvini va mehrini taqdim etganidan biz mamnunmiz.”

COVID-19 butun dunyodagi bolalar hayotini izdan chiqardi, shuningdek, mamlakatlar ichidagi va ular orasidagi tengsizlik muammosi qay darajada ekanini namoyish etdi. UNICEF baholashiga ko’ra, pandemiya sog’liqni saqlash tizimlarini zaiflashtirishda va xizmatlar ko’rsatilishini izdan chiqarishda davom etar ekan, kelgusi olti oy davomida dunyo bo’yicha har kuni yana 6000 nafar bola oldini olish mumkin bo’lgan sabablardan vafot etishi mumkin – ularning deyarli barchasi (90 foizdan ziyodi) past daromadli yoki daromadi o’rta darajadan kam bo’lgan mamlakatlarda istiqomat qiladilar. Bolalar, shuningdek, maktablarning yopilishi, oziq-ovqat yetishmovchiligi, asosiy tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyati cheklanganligi va tibbiyot buyumlari ta'minoti zanjiridagi uzilishlar sababli COVID-19ning bilvosita ta'siriga uchramoqdalar.

Bu muammoga javoban, UNICEF ‘Reimagine’ aktsiyasini boshladi – u hukumatlarga, jamoatchilikka, donorlarga va xususiy sektorga hozirda COVID-19 qurshovida qo’lgan dunyoda tegishli javob choralarini ko’rish, dunyoni qayta tiklash va qayta yaratish bo'yicha UNICEFning sa’y-harakatlarini qo'llab-quvvatlashga shoshilinch chaqiriqdan iborat.

Reimagine aktsiyasi uchun “Yagona sevgi” tashabbusi ostida yig'ilgan mablag' UNICEFga bolalar va oilalar ehtiyojlarini qodirishga yordam beradi. Xususan, ular sovun, yuz niqoblari, qo'lqoplar, gigiyena to'plamlari, himoya vositalari bilan ta’minlanib, hayot uchun muhim ma'lumotlar etkaziladi; yaqin muddatlarda qayta tiklanish harakatlarini, shu jumladan ta'lim, ijtimoiy muhofaza va sog'liqni saqlash tizimlarini qo'llab-quvvatlaydi; bolalar uchun yanada adolatli dunyoni qayta yaratish va bolalarga teng huquqlarni ta’minlashda UNICEF sa’y-harakatlariga ko’mak beradi.

Qo'shiqning chiqarilishini qo'llab-quvvatlash uchun, TikTok ijtimoiy tarmog'i xizmati qo'shiq taqdimoti paytida muxlislar uchun maxsus tadbir va ommaviy tanlov o'tkazadi. Qo'shimcha ma'lumotlar keyinroq taqdim etiladi.

"Pandemiyaning uzoq muddatli oqibatlaridan talofat chekadigan bolalar va yoshlarning porloq kelajagi uchun poydevor qurish uchun noyob imkoniyatimiz bor", deydi For. “Yosh yigit va qizlar zo'ravonlik, adolatsizlik va kamsitishni tugatishdan boshlab, yanada adolatli va munosib jamiyat qurishga e’tiborni jamlash vaqti kelganini baland va ravshan da'vatlari orqali ma’lum qildilar. Dunyoning qolgan qismi bu da’vatga labbay deb javob berishi lozim bo’lgan vaqt keldi."

##

Qo’shimcha ma’lumot olish va ko’mak berish uchun unicef.org/one-love sahifasiga tashrif buyuring.

2020 yil 9-iyuldan 31-avgustgacha Pandora zargarlik brendi jamoatchilik tomonidan UNICEFning "Yagona sevgi" tashabbusi doirasida xayriya qilinayotgan har bir dollarni, umumiy hissasi

1 million AQSH dollariga etgunicha, ikki barobar ko’paytirib boradi.  

***

Qo’shimcha ma’lumot olish uchun murojaat qiling:

Helen Uayli (Helen Wylie) xonim, UNICEFning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohi,
tel: +1 917 244 2215, elektron pochta: wylie@unicef.org

UNICEF to’g’risida

UNICEF dunyodagi eng nochor bolalarga yordam berish uchun dunyoning barcha mamlakatlarida faoliyat olib boradi. Biz 190 dan ortiq mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, hamma uchun yaxshiroq dunyoni qurish uchun harakat qilamiz.

UNICEF va uning bolalar manfaatlari yo’lida olib borayotgan ishlari to'g'risida qo’shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.org sahifasiga tashrif buyuring.

UNICEF faoliyati to’g’risidagi ma’lumotlarni Twitter va Facebook da kuzatib boring.

‘Reimagine’ aktsiyasi to’g’risida

UNICEF ‘Reimagine’ aktsiyasini Pandemiyaga javoban harakat sifatida boshladi. U hukumatlar, jamoatchilik, donorlar va xususiy sektorga qaratilgan bo’lib, hozirda COVID-19 qurshovida qo’lgan dunyoda tegishli javob choralarini ko’rish, dunyoni qayta tiklash va qayta yaratish bo'yicha UNICEFning sa’y-harakatlarini qo'llab-quvvatlashga shoshilinch chaqiriqni ifoda etadi. Biz birgalikda COVID-19 pandemiyasini bolalar uchun, ayniqsa ijtimoiy jihatdan zaif bolalar uchun uzoq muddatli inqirozga aylanib qolishiga yo’l qo’ymaymiz hamda har bir bola uchun yanada adolatli dunyoni ta’minlay olamiz.

Bizga qo’shiling: https://www.unicef.org/coronavirus/covid-19/donate

‘Tuff Gong’ to’g’risida

Qo’shiqchi Bob Marli asos solgan ‘Tuff Gong International’ reggi janridagi afsonaviy musiqa uyi hisoblanadi. Yamaykada tavallud topgan qo’shiqchi va qo’shiqlar muallifining hayoti va musiqasi, hozirgi kunda ham davom etayotgan, pop-madaniyatiga jahon miqyosida ijobiy ta’sir o’tkazdi. ‘Tuff Gong’ ning Kingston shahridagi bosh qarorgohi ushbu tashkilot asoschisining musiqadan ilhomlantirish hamda huquq va imkoniyatlarni kengaytirish vositasi sifatida foydalanish haqidagi g’oyasining amaliy timsolidir. Mazkur afsonaviy majmua tarkibiga ovoz yozish studiyasi, musiqa yaratish va tarqatish shaxobchalari, shuningdek, mintaqada yagona bo’lgan vinil plastinkalarini ishlab chiqarish korxonasi kiradi.

‘Amplified Music’ studiyasi to’g’risida

‘Amplified Music’ – bu ijtimoiy yo’naltirilgan ovoz yozish studiyasi bo’lib, u dunyoning barcha inqirozga yuz tutgan hududlarida yashovchi g’oyat iqtidorli qo’shiq mualliflari va musiqachilarga o’z maydonini taqdim etadi. O’z iste’dodlarimiz va dunyoga taniqli san’at arboblari o’rtasida partnyorlik aloqalarini o’rnatar ekanmiz, gumanitar hamkorlik orqali, butun dunyo bo’yicha musiqadan xabardorlik darajasini oshirib boramiz. Bizning vazifamiz – iqtidorli san’atkorlar va hamkorlarimiz uchun boshqalarni o’z erishgan yutuqlari bilan ilhomlantirish, musiqadan xabardorlik darajasini oshirish hamda odamlar hayotiga haqiqiy va barqaror o’zgarishlarni kiritish uchun asos yaratishlariga imkoniyat taqdim etishdir. Umumiy daromaddan ma’lum foizi inqirozga yuz tutgan hududlardagi musiqaviy loyihalarni qo’llab-quvvatlash uchun yo’naltiriladi. “Amplified” inson hayotini o’zgartiruvchi musiqalarni yaratadi. ‘Amplified’ studiyasi to’g’risida qo’shimcha ma’lumotlarni olish uchun www.amplifiedmusic.com sahifasiga tashrif buyuring.

‘Amplified’ yangiliklarini Instagram, Facebook va Twitter ijtimoiy tarmoqlarida kuzatib boring.

‘Pandora’ zargarlik buyumlari uyi to’g’risida

‘Pandora’ keyinchalik hamyonbop narxlarda sotuvga qo’yiladigan, yuqori sifatli materiallardan qo’l mehnati orqali yasaladigan zargarlik buyumlari uchun o’z dizaynini yaratadi. ‘Pandora’ zargarlik buyumlari 100dan ziyod mamlakatlardagi 7400 savdo nuqtalarida, jumladan 2700dan ziyod kontseptual do’konlarda sotilmoqda.

Zargarlik buyumlari uyining bosh qarorgohi Daniya poytaxti Kopengagenda joylashgan. Mazkur kampaniyada turli mamlakatlarda 28000 kishi faoliyat yuritadi. Taqinchoqlar ishlab chiqarish LEED (Energiya–ekologiya dizaynida yetakchilik) sertifikati sohibi bo’lgan, Tailandda joylashgan ikkita korxonada amalga oshiriladi va bu jarayonda, asosan, qayta ishlov berilgan kumush va oltindan  foydalaniladi. 2025 yilga borib ‘Pandora’ havoga chiqarib yuboriladigan uglerod darajasi 0 ga teng bo’lgan kampaniyaga aylanishni rejalashtirmoqda. U ‘Ilmiy asoslangan maqsadlar’ tashabbusiga a’zo bo’lib, o’z ishlab chiqarish jarayonini umumiy zanjiri bo’yicha uglerodni havoga chiqarib yuborishni kamaytirishga yo’naltirgan. ‘Pandora’ kampaniyasi aktsiyalari Nasdaq Copenhagen qimmatli qog’ozlar birjasida narxlanadi, va 2019 yilda ularning sotuv hajmi 21.9 milliard Daniya Kronasini (2.9 milliard Yevro) tashkil etdi.

OAV uchun mas'ul xodimlar

Nargiza Egamberdiyeva
Jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha maslahatchi
UNICEF
Telefon: +99871 2339512
Elektron pochta: negamberdieva@unicef.org

UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har erda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.

UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.

UNICEF faoliyatini Twitter, Facebook va Instagramda kuzatib boring.