Ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash

Ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash

UNICEF
Ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash
UNICEF 06.10.2021
06 Oktabr 2021

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, soʻnggi yillarda qurolli mojarolar hududlaridan, asosan, Suriya va Iroqdan, 400 dan ortiq bolalar va 100 dan ziyod ayollar oʻz vataniga qaytarildi.
 

Oʻzbekiston hukumati ayollar va bolalarning gender jihatlari va yoshini hisobga olgan holda, oʻz oilalari va jamoalariga qayta integratsiyalashuvini ta'minlash majburiyatini oldi. 

Bu oilalarga eng yaxshi yordam koʻrsatish va bolalarni oʻz mahalliy hamjamiyatlariga reabilitatsiya va reintegrtasiyasini samarali oʻtkazish maqsadida UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi Yevropa Ittifoqining moliyaviy koʻmagida “Yevropa Ittifoqi va BMTning Markaziy Osiyo davlatlarining mojaroli hududlaridan, birinchi navbatda, Suriya va Iroqdan qaytayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash” loyihasi doirasida ijtimoiy himoya sohasida ishlaydigan mutaxassis - trenerlar uchun onlayn trening oʻtkazdi.

Toʻrt kunlik onlayn trening davomida ishtirokchilar malakali maslahat berish koʻnikmalaridan foydalangan holda, oilalar bilan ishlash boʻyicha oʻz bilimlarini oshirish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

“Oila bilan tizim sifatida ishlash bizga koʻp jihatdan oiladagi muammolarning sabablarini tushunishga imkon beradi va toʻgʻri maslahat berish ish samaradorligini oshiradi”, - deydi ijtimoiy xodim va murabbiy Lyudmila Kim.

Qurolli toʻqnashuvlar hududlaridan qaytgan bolalar koʻpincha sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolarga duch kelishadi, urush paytida olingan jarohatlar va kontuziyalar oqibatlarini bartaraf etishga harakat qilishadi. Ular ta'lim olishda yordamga muhtoj, chunki ularning aksariyati maktabga bormagan. Ammo ular uchun eng qiyin narsa - yaqinlarining oʻlimi, zoʻravonlik, qaygʻu, qoʻrquv va boshqa ruhiy jarohatlar bilan kurashish. Ba'zi bolalarda hissiy va xulq-atvor muammolari, ruhiy kasalliklar, shu jumladan jarohatdan keyingi stress, depressiya va tashvish paydo boʻladi.

Shu bois mashgʻulotda ruhiy salomatlik, buzilish turlari, profilaktika choralari va bolalar va oilalarga toʻgʻri yordam koʻrsatishga alohida e'tibor qaratildi. Trener bolalar va kattalarda ruhiy salomatlik alomatlarini asosiy diagnostika toifalari va skrining vositalaridan foydalanib tan olish muhimligini qayd etdi, chunki oilaning bir a'zosining oʻzgarishi boshqalarning oʻzgarishiga ta'sir qilishi mumkin.

Ishtirokchilar oilaviy chegaralar turlari va oiladagi zoʻravonlikdan aziyat chekayotgan oilalar bilan ishlashning oʻziga xos xususiyatlari bilan tanishdilar. Mutaxassislar bunday oilalar bilan ishlash texnikasi, shu jumladan xavfsizlik va yordam rejasini tuzish texnikasi bilan ta'minlandi.

“Oʻzbekistonda koʻp ayollar uydagi zoʻravonlik haqida gapirishmaydi, chunki qoʻshnilari tomonidan oʻziga nisbatan ayblovlardan qoʻrqishadi, zoʻravonlikni tan olish juda muhim, hatto ayollar bu haqda indamasalar ham”, - deydi Shaxnoza Matchanova, ijtimoiy xodim, Хоrazm.

Turli hududlardan kelgan mutaxassislar zoʻravonlik turlari va xulq-atvor shakllari, xavf omillari, oiladagi zoʻravonlik va bolalarga nisbatan zoʻravonlik oʻrtasidagi bogʻliqlikni muhokama qilishdi. Ular skrining orqali oilalarda oiladagi zoʻravonlikni tan olish yoʻllarini oʻrganib chiqishdi.

“Shunday ishonch borki, guyoki bolalar ota-onalar yashirgan oiladagi oilaviy zoʻravonlikdan bexabar. Bolalar har doim u haqda bilishadi, hatto ota-onalari ehtiyotkorlik bilan uni yashirishganida ham ”,- deydi Dilfuza Hoshimiy, ijtimoiy xodim, Samarqand.

Baholash natijalariga koʻra, ishtirokchilarning oʻtilgan mavzular boʻyicha bilim darajasining oʻrtacha koʻrsatkichi mashgʻulot oldidan xuddi shu koʻrsatkichga nisbatan 5,3 ballga yaxshilandi. Ishtirokchilarning jami boʻlib, 68 foizi treningda olgan bilim va koʻnikmalarini oilalar bilan ishlash amaliyotida qoʻllashni, 84 foizi esa olgan bilimlarini boshqalarga oʻrgatishda foydalanishlarini aytishdi.

Trening barcha ishtirokchilarga nafaqat olgan bilim va koʻnikmalarini oilalar bilan bevosita ishlashda, balki qurolli mojarolar hududlaridan qaytgan bolalar va oilalarga hamda  boshqa ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga ham yuqori sifatli xizmat koʻrsatish maqsadida boshqa mutaxassislarni oʻqitishga imkon beradi.