Yevropa Ittifoqi mamlakatlari COVID-19 ga qarshi kurashda birdamlikni namoyish etib, O‘zbekistonga hayotiy zarur vaksinalarni taqdim etmoqda
TOShKENT, 2021 yil 13 oktyabr – Bugun Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi, Germaniya, Fransiya, Italiya, Ruminiya va Latviya elchilari, UNICEF va JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari bilan birgalikda, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi oilaviy poliklinikaga tashrif buyurib, COVID-19ga qarshi vaksina bilan emlanish jarayonini kuzatishdi.
"Hamma xavfsizlikda bo‘lmaguncha hech kim xavfsizlikda bo‘lmaydi, shu bois COVID-19 pandemiyasiga qarshi samarali kurashda global hamkorlik va birdamlik muhim ahamiyatga ega. Yevropa Ittifoqi COVAX dasturining eng yirik donorlaridan biri bo‘lib, hech kim e'tibordan chetda qolmasligiga ishonch hosil qilish uchun ko‘p tomonlama chora-tadbirlarda yetakchilik qilmoqda”, dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlott Adrian janobi oliyalari.
COVAX dasturiga moliyaviy hissa qo‘shishdan tashqari Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlar O‘zbekistonga individual ravishda 882 mingdan ortiq doza COVID-19ga qarshi vaksinani taqdim etishdi. Bu vaksinalar COVAXning barcha ishtirokchilariga vaksinalarni tarqatishning birinchi bosqichida 20 foizli qamrovga erishishga yordam beradi.
"Bugungi kunga qadar, O‘zbekistonda 22 million 721 ming dozadan ortiq koronavirusga qarshi vaksina qo‘llanildi. Biz COVID-19ga qarshi kurashda ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdormiz. Faqat umumiy sa'y-harakatlar bilan kasallik tarqalishini to‘xtatib, aholini himoya qila olamiz", dedi Sanitariya-epidemiologik farovonlik va sog‘liqni saqlash xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliev.
Vaksinatorlar va epidemiologlarning tinimsiz mehnati tufayli O‘zbekistonda vaksina olishi lozim bo‘lgan aholining 50 foizdan ko‘prog‘i kamida bitta dozada COVID-19ga qarshi vaksina bilan emlangan. Biroq emlanishi lozim bo‘lgan aholining atigi 20 foizi COVID-19ga qarshi to‘liq emlangan. Vaksinalar qamrovini oshirish uchun mamlakatga ko‘proq COVID-19ga qarshi vaksinalar zarur.
"Vaksinalardan teng ravishda foydalanish imkoniyatini ta'minlash uzluksiz majburiyat, birgalikdagi sa'y-harakatlar va global birdamlikni talab qiladi. Yevropa Ittifoqi va unga a'zo davlatlar, va boshqa hamkorlarning COVAX dasturi doirasida COVID-19ga qarshi vaksinalargi yetkazish bo‘yicha xayr-ehsonlari va katta moliyaviy hissasi tufayli biz O‘zbekistonda bunday hamjihatlikning guvohi bo‘ldik”, dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. "COVAX dasturi hamkorlari hamma joyda COVID-19ga qarshi vaksinalardan adolatli foydalanishni ta'minlash uchun ikki barobar harakat qilish muhimligini eslatishni davom ettirmoqdalar", deb ta'kidladi u.
O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi vaksinasiya va emlanish miqyosini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash uchun yana ko‘p ishlar qilish kerak. Hukumat va xalqaro hamjamiyat COVID-19 bilan kurashish uchun vaksinalarni safarbar qilar ekan, jamoalarning qo‘rquv va emlash bo‘yicha ikkilanishini bartaraf etish orqali ushbu vaksinalardan foydalanishga safarbar etilishi ham juda muhim.
Vaksinalarga bo‘lgan talabni kuchaytirish va emlanish borasidagi ikkilanishga olib keladigan noto‘g‘ri ma'lumotlar va noto‘g‘ri qarashlarni bartaraf etish uchun jamoalarni, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar va jamoatchilik tarmoqlari orqali safarbar qilish, UNICEFning milliy va xalqaro partnyorlar bilan hamkorligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
OAV uchun mas'ul xodimlar
UNICEF to’g’risida
UNICEF dunyoning eng qiyin joylarida muhtoj bolalarga yordam berish maqsadila faoliyat ko'rsatadi. 190 ta mamlakat va hududlarda har bir bola uchun, har erda, barcha uchun eng yaxshi dunyoni qurish uchun mehnat qilamiz.
UNICEF va uning O'zbekistondagi faoliyati to'g'risida qo'shimcha ma'lumot olish uchun www.unicef.uz saytiga tashrif buyuring.
UNICEF faoliyatini Twitter, Facebook va Instagramda kuzatib boring.