Bolalar uchun odil sudlov
Reabilitatsiya, jazo emas

UNICEF qonunga qarama-qarshi chiqayotgan yoki xatar guruhida bo‘lgan bolalarga yanada to‘liq himoyani ta’minlash maqsadida sud-huquq tizimini takomillashtirish yo‘lida hukumat bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Bu boradagi faoliyat bolalar uchun yarashtirish, zararni qoplash va mediatsiya kabi shakl va uslublardan foydalanishni nazarda tutadigan qayta tiklovchi odil sudlovni rivojlantirish va shu orqali bola rasmiy sud tizimi bilan aloqa qilishining oldini olishni o‘ziga kiritadi.
Shu bilan birga, UNICEF qonunga qarama-qarshi chiqayotgan yoki xatar guruhida bo‘lgan bolalarning ehtiyojlariga yo‘naltirilgan sud tizimini yaratishga xizmat qiladi. Ayni paytda, bolalar manfaatlarini yaxshiroq aks ettirish uchun, huquqdan foydalanish amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
UNICEF O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qoshidagi Tadqiqot markazi bilan hamkorlikda mamlakatning 14 viloyatlaridan jinoiy ishlar va fuqarolik sudlarining sudyalarini bolalar huquqi sohasidagi xalqaro standartlarga va bolalarga nisbatan do‘stona sud taomillariga o‘qitishni tashkil qildi. Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha Komissiyalar zaif guruhga mansub bo‘lgan bolalar bilan ijtimoiy ishlarni olib borish elementlarini hamda bolalar uchun odil sudlov taomillarini o‘zlashtirib olishlari maqsadida ular joriy yili ushbu loyihaga jalb etilgan.

Yutuqlarimiz
UNICEF bolalarni sud jarayoni boshlangunga qadar hibsga olish masalasiga alohida e’tibor qaratadi va bu chora eng keskin holatlarda qo‘llanilishi hamda sud jarayoni boshlangungacha hibsda saqlash muddati 6 oydan oshmasligi yuzasidan g‘amxo‘rlik qiladi;
UNICEF 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar hibsda kattalardan alohida saqlanishiga rioya etilishi va ularni saqlash sharoitlari xalqaro standartlarga butunlay mos bo‘lishi uchun tegishli choralarni ko‘rmoqda;
UNICEF Toshkent davlat yuridik institutining dasturiga yuvenal adliya tamoyillariga asoslangan bola huquqlari to‘g‘risidagi o‘quv kursi joriy etilishini qo‘llab-quvvatladi. Bu amal mazkur sohadagi xalqaro hujjatlar va standartlarni yaxshi biladigan mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Istiqboldagi rejalar
- jabrlangan yoki jinoyat sodir etilishining guvohi bo‘lgan bolalar uchun huquq va kafolatlarni belgilaydigan qonunchilik, standartlar va qarorlarni ishlab chiqish hamda bunday bolalarga yordam ko‘rsatish uchun tegishli xizmatlarni tashkil etish;
- nomaqbul bolalar uchun har tomonlama xizmatlarni tashkil qilish va balalarga ushbu xizmatlarni taqdim etadigan birlamchi bo‘g‘in xodimlarining kasbiy mahorat darajasini oshirish;
- oilaviy ishlar bo‘yicha sudlarni yaratish hamda vasiylik qilish yoki bola qilib olishning muqobil shakli bo‘yicha qarorni ma’muriy organlar emas, balki aynan sudlar qabul qilishini hisobga olib, sudyalarni ixtisoslashtirish maqsadida tegishli tuzilmalar xodimlarining xabardorlik darajasini oshirish;
- huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlari uchun bola huquqlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini tayyorlash hamda oliy o‘quv yurtlari va malaka oshirish kurslarida bola huquqlari va bolalarga nisbatan do‘stona sud jarayonini yuritish bo‘yicha maxsus o‘quv kursini joriy etish uchun ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yuritish.